AQSh Davlat departamenti seshanba kuni Odam savdosi bo'yicha yillik hisobotini e’lon qildi. Unda COVID-19 pandemiyasi dunyo bo’ylab odam savdosi va majburiy mehnat holatlarini yanada kuchaytirgani qayd etiladi.
“Odam savdosi boʻyicha bu yilgi hisobot COVID-19 pandemiyasi, iqlim oʻzgarishi va kamsituvchi siyosat va amaliyotlar kabi global inqirozlar allaqachon boshqa adolatsizliklardan jabr ko’rayotgan shaxslarga yanada og’ir ta’sir ko’rsatishi haqida dunyoni jiddiy ogohlantirdi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken hisobotning kirish qismida.
“Bu muammolar ekspluatatsiya, jumladan, odam savdosining yuz berish ehtimolini yanada kuchaytiradi”, - dedi u.
Hisobotda Blinken odam savdosiga qarshi keng qamrovli kurash olib borish uchun boshqa mamlakatlarni Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishga chaqiradi.
Uning so'zlariga ko'ra, buning uchun odam savdogarlari unumli foydalanadigan ijtimoiy-iqtisodiy yoki siyosiy zaifliklarni keltirib chiqaradigan zararli amaliyotlar va siyosatlardan voz kechish kerak.
Hisobotda aytilishicha, COVID-19 pandemiyasi "dunyo miqyosida inson huquqlari va iqtisodiy rivojlanish, jumladan, odam savdosi uchun misli ko'rilmagan oqibatlarga olib keldi".
“Dunyo boʻylab hukumatlar koʻpincha odam savdosiga qarshi kurash uchun ajratilgan mablagʻlarni pandemiyaga yoʻnaltirdi. Natijada jabrlanuvchilarni himoya qilish choralari va ularga xizmat koʻrsatish kamaydi; profilaktika choralari ozayib, odam savdogarlarini tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortish imkoniyati cheklandi”, deyiladi hisobotda.
Blinkenning ta’kidlashicha, odam savdosi bilan shug'ullanuvchilar deyarli barcha mamlakatlarda, shu jumladan, Qo'shma Shtatlarda ham mavjud.
“Bu global muammo bo'lgani bois biz unga qarshi kurashish uchun hukumat, biznes, fuqarolik jamiyati va jamiyatimizning barcha boshqa qismlarini qamrab oladigan global koalitsiyaga ega bo'lishimiz kerak. Biz, shuningdek, odam savdosi bilan shug'ullanuvchi yoki unga yo'l qo'yayotgan hukumatlarga - Xitoy, Kuba, Shimoliy Koreya va Rossiyaga samarali bosim o'tkazishning ko'proq yo'llarini topishimiz kerak”, - deya qo’shimcha qidi u.
AQSh davlat kotibi o’z murojaatida Xitoyda jabr-zulm ostida yashayotgan uyg’urlar masalasini ham tilga oldi.
“Pekin Shinjonda va undan tashqarida davlat homiyligidagi majburiy mehnatdan oladigan foydani cheklovchi Uygʻurlar majburiy mehnatining oldini olish toʻgʻrisida har ikki partiya qo’llovi bilan qabul qilingan qonun buni qanday qilishimiz mumkinligiga bir misoldir. Men Kongressga ushbu jabhadagi yetakchiligi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bizga shunga o'xshash harakatlar ko'proq kerak”, - deya qayd etdi u.
Davlat departamenti hisobotida boshqa ba’zi davlatlardagi holatlar ham misol sifatida keltirilgan. Masalan, Hindiston va Nepalda yosh kambag'al qizlar pandemiyaning iqtisodiy ta'siri tufayli oilalarini boqish uchun maktabni tashlab ketgan. Ayrimlari pul evaziga turmushga chiqishga majburlangan.
Qo'shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va Urugvayda uy egalari ijara haqini to'lay olmagan ayollarni jinsiy aloqada bo'lishga majburlagan holatlar ham yuz bergan.
Gaiti, Niger va Malida esa uysizlar lagerlarida ishlaydigan "to'dalar" ayol-qizlarni pul evaziga jinsiy aloqa qilishga majburlagani qayd etilgan.
Hisobotda yana yozilishicha, COVID-19 va siyosiy tartibsizliklar tufayli beqarorlikka yuz tutgan Myanmada oilalarning 94 foizi daromadlarida pasayish kuzatilgan. Natijada iqtisodiy sabablar tufayli jinsiy munosabatga majburlangan ayollar soni oshgan.
"O'tgan yili biz o’rgangan bir narsa shu bo’ldiki, pandemiya paytida odam savdosi to'xtamas ekan", - dedi Odam savdosini nazorat qilish va unga qarshi kurashish boshqarmasining yuqori lavozimli rasmiysi Kari Jonstoun hisobotning kirish qismida.
"Xavf ostida bo'lgan shaxslar sonining ko'payishi, odam savdogarlarining inqirozlardan unumli foydalanish qobiliyati va resurslarning pandemiyaga qarshi kurashga yo'naltirilishi odam savdosining kuchayishi uchun ideal muhit yaratdi", - deya qo’shimcha qiladi u.
Facebook Forum