Breaking News

Rossiya-Markaziy Osiyo rahbarlari Ostonada uchrashmoqda


Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022

Qozog’iston poytaxti Ostona uchta sammitga mezbonlik qilmoqda. 13-oktabr kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash (OHICHK) sammiti o’z ishini yakunladi.

14-oktabr kuni MDH doirasida, so’ngra Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokidagi sammit o’tadi. Ostonadagi uchrashuvlar davomida Rossiya, Tojikiston, Qirg’iziston prezidentlari alohida uch tomonlama muzokara o’tkazadi.

Tojikiston-Qirg’iziston orasida aloqalar tarang. Rossiya rahbari Vladimir Putin tomonlarni ziddiyatga barham berishga chaqirgan.

Xalqaro hayot - 13-oktabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Ostonadagi yig'inlarda Afg’onistondagi vaziyatga e'tibor qaratgan, shuningdek, radikal va ekstremistik go’yalar kuchayayotgani haqida gapirgan.

Prezident Mirziyoyevga ko’ra, buzg’unchi kuchlar o’z saflariga yoshlarni tobora ko’proq jalb etmoqda. Shu munosabat bilan, deydi u, kengash doirasida tizimli hamkorlik yo’lga qo’yilishi kerak.

Ostonadagi sammitda hozirgacha asosan diplomatik forum maqomida faoliyat yuritgan OHICHK to’laqonli xalqaro tashkilotga aylanishi bo’yicha qaror qabul qilingan. 1999-yilda asos solingan doiraga Osiyodagi 27 davlat a’zo.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022

Ostonadagi sammitda Turkiya prezidenti ham ishtirok etib, ikki tomonlama muzokaralar olib bormoqda.

Prezident Rajab Toyyib Erdog’an sammitdagi nutqida Ukrainadagi urushni diplomatik yo’l bilan hal qilishga chaqirgan. Turkiya muzokaralarga mezbonlik qilishga tayyor.

Prezidentlarning Ostonadagi uchrashuvida Putin Turkiyada yirik gaz omborxonasini qurish rejasini ma’lum qilgan. Erdog’an Rossiya tomonidan Turkiyada qurilayotgan atom stansiyasining ishga tushishi muhim voqea bo’lishini ta’kidlagan.

Tomonlar o’zaro muloqotda Ukrainadagi urush qanchalik muhokama qilingani hozircha ma’lum emas. Ammo Qora dengiz orqali don mahsulotlarini eksport qilish bo’yicha kelishuv davom etishi ta’kidlangan.

Sammit arafasida Turkiya matbuoti hukumatdagi manbalariga tayanib, Anqara Rossiya, AQSh, Germaniya, Fransiya va Britaniya ishtirokida global xavfsizlikka doir yangi muzokaralar tashkil qilishga hozirlik ko’rayotgani haqida yozdi.

Ammo shunday muzokaralar kutilayotganini AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Rossiya ham tasdiqlagani yo’q. Turkiya tomoni surayotgan bu ehtimoliy muzokaralarda Ukrainaning ishtiroki qayd qilinmagan, ammo muhokama markazida Ukrainadagi urush turishi shubhasiz.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022

Turkiya Ukrainaning yaqin ittifoqichisi, Rossiya bosqinini qoralagan, Qrimni Ukraina hududi deb hisoblaydi. Ukrainaga amaliy yordam ko’rsatishda davom etayapti. Turkiyaga tegishli “Bayroqdor” dronlari urushda Ukraina qurolli kuchlariga jiddiy ko’mak bermoqda.

Turkiya, shu bilan bir qatorda, Rossiya bilan ham yaqin aloqalarda, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga qo’shilmagan. Sanksiyalar soyasida Turkiya va Rossiya o’rtasidagi iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda.

Ukrainadagi urushni muzokaralar orqali yakunlash Turkiya tomonidan surilayotgan birinchi tashabbus emas, avvalroq Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o’rtasida muzokaralar Turkiyada bo’lib o’tgan, Ukraina tomoni o’zining neytrallik maqomiga doir bitim ham tayyorlagan edi. Ammo keyinchalik bu muzokaralar uzilib qoldi.

Ayni paytda Ukraina va Rossiya o’rtasidagi bevosita muzokaralar imkonsiz ko’rinadi. Rossiya Ukrainaning to’rt viloyatini o’z tarkibiga qo’shib olishi ortidan prezident Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarni rad etuvchi maxsus qaror imzoladi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash majlisi, Ostona, 13-oktabr, 2022

Putin ishtirokida rejalangan Ostonadagi sammitlar xavfsizlik choralari o’ta kuchaytirilgan, Putinning mamlakatga tashrifi qozoq jamoatchiligida norozilik uyg’otgan bir manzarada o’tmoqda.

Qozoq matbuotiga ko’ra, Putinning mamlakatga tashrifiga qarshi norozilikka chiqqan faollar politsiya tomonidan tutib ketilgan, ijtimoiy tarmoqlarda “Ukrainada tinch aholini o’ldirayotgan diktatorning” Qozog’istonga kelishi jiddiy munozara qilinmoqda.

Qozoq eksperti Do’sim Satpayevning yozishicha, Kaspiy dengizi davlatlari o’rtasidagi bitimga qaramasdan, Rossiya Kaspiydagi flotidan Ukrainaning tinch shaharlari bo’ylab raketa zarbalari uyushtirmoqda. Kaspiy dengizining faqat tinchlik maqsadida ishlatilishiga kelishgan davlatlar, xususan, rasmiy Ostona jim. Kaspiy mintaqasini urushga tortayotgan Rossiya beqarorlik keltiruvchi asosiy kuchga aylanib bormoqda.

Putinning, Mirziyoyevning ham Qozog’istonga safari davom etayapti, Ostonada rejalangan sammitlar 14-oktabr kuni MDH doirasida, so’ng esa Markaziy Osiyo va Rossiya ishtirokida davom etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG