Breaking News

Sharq va g'arbni bog'lovchi yo'l: Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'lini qurishdagi siljish va to'siqlar


Samarqand shahrida oʻtayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi loyihasi boʻyicha kelishuv imzolandi.

Sharq va gʻarbni bogʻlovchi yoʻl

Mazkur temir yoʻlning qurilishi butun Markaziy Osiyo mintaqasining transport va tranzit salohiyatini oshiradi. Magistral Xitoy, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonni Kaspiy dengizi portlari va undan keyin Yevropa bilan, kelajakda esa Transafgʻon temir yoʻli orqali Pokiston portlari bilan bogʻlashi mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, bu yoʻldan yiliga 7 million tonnadan 13 million tonnaga qadar yuk tashilishi mumkin.

“Eurasia Today” axborot portalining yozishicha, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilsa, Qirgʻiziston yiliga 200-280 million dollarga yaqin foyda koʻrishi mumkin.

Iqtisodiy tahlilchi Erkin Abdurazzoqovning fikricha, Xitoy-Qirgʼiziston-Oʼzbekiston temir yoʼli Markaziy Osiyo davlatlarining dunyo bozoriga chiqish uchun katta imkoniyat.

“Shu bilan birga, mazkur temir yoʻl loyihasi amalga oshsa, bundan Rossiya, Fors koʻrfazi, Eron, Turkiya, Arab davlatlari ham manfaatdor boʻladi. Ularda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston orqali Xitoyga chiqish imkoni paydo boʻladi”, deydi tahlilchi.

Temir yoʻl qurilishi nega 20 yildan beri boshlanmadi?

Mazkur temir yoʻlni qurish tashabbusi 2000-yillar boshlarida koʻtarilgan, ammo hanuzgacha amalga oshmay kelgan. Ayrim tahlilchilarga koʻra, buning sababi ushbu loyiha nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy rakursda ham koʻrilganida.

Tahlilchilar Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilsa, Xitoy mahsulotlari Rossiya va Qozogʻiston orqali o’tmaydi. Natijada, bu ikki davlat ham iqtisodiy, ham siyosiy ziyon ko’rishi mumkin. Buning ortidan esa Rossiyaning Qirg’iziston va O’zbekistonga nisbatan taʼsiri kamayadi, degan fikrlar aytib kelingan.

Ammo yaqinda Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishini boshlash haqida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara oʻtkazganini va Putin bu yoʻlning qurilishiga qarshi emasligini bildirganini aytgan.

Markaziy Osiyo va Xitoy boʻyicha mutaxassis Temur Umarov esa Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasining amalga oshmasligida tashqi faktorlardan koʻra ichki sabablar muhim rol oʻynashi mumkin deb hisoblaydi.

“Men Xitoydan Oʻzbekistonga Qirgʻiziston hududi orqali temir yoʻl qurish istiqboliga shubha bilan qarovchi tadqiqotchilar safidaman. Qirgʻizistonda bunday loyihaning amalga oshish yoki oshmasligini turli guruhlar hal qiladi. Qirgʻizistonda hozirda mamlakatdagi vaziyatdan manfaatdor boʻlgan guruhlar bor. Avvalo, Qirgʻiziston bojxonalarini nazorat qiluvchi shaxslarga eʼtibor qaratish kerak.

Agar ommaviy axborot vositalaridagi ochiq maʼlumotlarni, Qirgʻiziston bojxona organlari axborotlari va Xitoy uzatgan faktlarni solishtirsak, bu koʻrsatkichlar oʻrtasida katta farq borligini koʻramiz. Bu esa korrupsiya sxemasi mavjudligidan dalolat beradi. Qirgʻizistonning oʻz siyosiy elitasi, ayrim taʼsirli guruhlar Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining paydo boʻlishiga qarshidek ko’rinadi. Chunki, bu yoʻl qurilsa, mazkur guruhlar daromaddan quruq qoladi.

Menimcha, mana shu ichki sabablar temir yoʻl qurilishini 20 yildan beri ortga surib keldi”, - deydi tahlilchi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Shu yilning may oyida Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov qurilish 2023-yilda boshlanishini aytgan edi. Avgustda Qirgʻizistonga Xitoyning loyiha institutidan yoʻlning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun 80 nafar mutaxassis keldi.

Loyihani amalga oshirishning umumiy qiymati esa 5 milliard dollarga baholanmoqda.

“Qirgʻiz temir yoʻli” maʼlumotlariga koʻra, qurilish 6 yildan 8 yilgacha davom etishi mumkin.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG