Breaking News

Si Zinpin ShHT sammiti arafasida Qozog’istonga ham tashrif buyuradi


Xitoy rahbari Si Zinpinning Qozog’istonga davlat tashrifi kutilyapti. Tashrif Samarqandda 15-16 sentabrga rejalangan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida o’tadi.

Samarqanddagi sammit hamda Qozog’istonga davlat tashrifi Xitoy Markaziy Osiyodagi eng yirik qudratga aylanayotgan bir manzarada kuzatiladi.

Markaziy Osiyoda azaldan jiddiy ta’sirga ega Rossiyaning Ukraina urushi tufayli kuchli sanksiyalar ostida qolishi so’nggi o’n yillarda mintaqaga shiddat bilan kirib kelgan Xitoyga yangi imkoniyatlar taqdim etayotgani ta’kidlanmoqda.

Rossiya bilan hamkorlik bobida ehtiyotlashgan mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoda qudratlar o’rin almashayotganini kuzatishmoqda. Xitoy qudrati tobora shak-shubhasiz baholanadi.

Ukrainadagi urush bo’yicha sukut saqlagan Markaziy Osiyo Tayvan masalasida ildamlik bilan yagona, bo’linmas Xitoyni qo’llab-quvvatlab chiqdi. Xitoyning Markaziy Osiyo bilan hamkorligida Qozog’iston muhim o’rin tutadi.

O’zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov Xitoydan masofa ushlab kelgan davrlarda Xitoy-Qozog’iston aloqalari shiddatli rivojlandi. Xitoyning Qozog’istondagi iqtisodiy ishtiroki jiddiy oshdi va hatto jamoatchilikdagi xavotir, noroziliklar darajasiga chiqdi.

Sharhlovchilar Qozog’iston-Xitoy munosabatini tahlil qilishar ekan, qozoq hokimiyati va jamoatchiligi munosabati faqrli qolayotganiga diqqat qaratishadi.

Qozog’istonlik sharhlovchi Saparboy Jubayevga ko’ra, sobiq prezident Nursulton Nazarboyev va hozirgi rahbar Qosim-Jo’mart To’qayev ham Xitoy bilan yaxshi til topishishgan. Ayniqsa To’qayev Xitoy madaniyati, tili bilan juda yaxshi tanish.

“Nazarboyev iqtidordagi Xitoy rahbari bilan juda qalin edi, chegara muammolarini ham hal qilishga erishdi. Qiyoslasak, Qozog’iston Rossiya bilan hali chegara masalasini hal qilmadi. To’qayev esa Xitoyni ichdan, yaqindan biladigan siyosatchi. Shuning uchun ham Xitoyga nisbatan qozoq jamoatchiligidagi noroziliklar hukumatga jiddiy ta’sir o’tkazayotgani yo’q. Qozoq jamoatchiligida esa bunday norozilik mavjud. Ayniqsa Xitoydagi qozoqlarga, uyg’ur qardoshlarimizga nisbatan ko’rsatilayotgan bosimlar soyasida bunday norozilik kuchaydi. Haqiqatda Xitoyda etnik, diniy ozchilikka nisbatan tazyiq bor. Diniy bosim Xitoyda kommunistik mafkura hukmronligi bilan bog’liqdir, lekin Xitoy xanlarining boshqa millatlarni kamsitishi sobiq ittifoqda ruslar asosiy millatga aylantirilganiga o’xshash”, - deydi Jubayev.

Xitoyda uyg’urlardan tashqari yirik miqyosda qozoqlar ham yashaydi. Xitoydagi qayta tarbiyalash lagerlariga tashlanayotgan xalqlar orasida so’nggi payt qozoqlar ham ko’paydi.

Bu esa Qozog’istonda Xitoyga, shuningdek, hukumatga nisbatan ham noroziliklarni kuchaytirdi. Qozoq jamoatchiligida Xitoy ishtirokini cheklash, iqtisodiy hamkorlikni qisqartirishga doir chaqiriqlar ko’paydi. Xitoy ishtirokidagi korxonalarda ish tashlash, noroziliklar bo’lib o’tdi.

Bu noroziliklar Qozog’iston va Xitoy o’rtasidagi iqtisodiy va siyosiy munosabatlarga jiddiy ta’sir o’tkazmadi. Tomonlar o’zaro hamkorlikni istiqbolli deb ko’rishadi.

Markaziy Osiyodagi yana bir qudrat Rossiya imkoniyatlari cheklanishi esa Xitoyning Markaziy Osiyo, jumladan, Qozog’iston bilan aloqalarida ham yangi imkoniyatlarni ochayotgani ta’kidlanmoqda.

“Rossiyaning sanksiyalar ostida qolishi Xitoyning mintaqadagi imkoniyatlarini oshirgani shubhasiz. Ayniqsa, Qozog’iston bilan hamkorlikda. Rossiyaning Yevropaga chiqish yo’llari yopilar ekan, Xitoy Qozog’istonning tranzit imkoniyatlaridan foydalanmoqchi. Sanksiyalar Markaziy Osiyo uchun Rossiya bozorini ham cheklaydi, Rossiyaning iste’mol imkoniyati, sarmoyalar kiritish quvvati ham sekinlashadi. Mintaqa esa o’z mahsulotini o’tkazadigan bozorlarga, iqtisodni rivojlantirish uchun yirik sarmoyalarga muhtoj. Hozirgi sharoitda bu faqat Xitoy ekanligini mintaqa davlatlari yaxshi biladi”, - deydi Saparboy Jubayev.

Pekin Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlardan biror geosiyosiy maqsadlar ko’zlamayotganini bildirib keladi. Ammo tanqidchilar Markaziy Osiyo davlatlari allaqachon mintaqada qudratga aylangan Xitoy izmiga tushib qolishganini ta’kidlashadi.

Qozog’iston tomonining Si Zinpin tashrifiga doir tarqatgan ma’lumotida ta’kidlanishicha, safar davomida ikki tomonlama hamkorlikka doir bir qator bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

To’qayev va Si Zinpin o’rtasidagi muzokaralar diqqatida ikki davlat o’rtasidagi strategik sheriklik imkoniyatlari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar-madaniy hamkorlikni rivojlantirish turadi.

Xitoy yetakchisi Qozog’istondagi muzokaralar ortidan Samarqandda kutilayotgan Shaxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG