Breaking News

Mirziyoyev Xitoy va Rossiya tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qildi


O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan, Toshkent, 28-iyul, 2022
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan, Toshkent, 28-iyul, 2022

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan muloqot qildi. Van I Toshkentga Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) a'zolari bosh diplomatlarining yig'ilishiga kelgan.

O‘zbekiston va Xitoy strategik sheriklikni mustahkamlash, mintaqaviy masalalarda hamkorlikni oshirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy mavzularni muhokama qilgan.

"Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yil yakunida tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari 10 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda", - deyiladi rasmiy bayonotda.

O'zbekiston hukumatiga ko'ra, Xitoy kompaniyalari va bank institutlari ishtirokida sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

"Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi".

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘llari loyihalari alohida ko‘rib chiqilgan.

Rasmiylarning bildirishicha, Toshkent va Pekin Afg‘onistonda ham birga ishlashga bel bog'lagan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Prezident Mirziyoyev bilan, Toshkent, 28-iyul, 2022
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Prezident Mirziyoyev bilan, Toshkent, 28-iyul, 2022

Bugun, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoev Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham ko'rishgan.

Matbuot xizmatiga ko'ra, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga doir dolzarb masalalar xususida gap ketgan.

"Mintaqadagi vaziyatning rivojiga hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlariga, shu jumladan ShHT sammitiga tayyorgarlik" haqida fikr almashilgan.

Joriy yilda hozirgacha, deyiladi rasmiy ma'lumotda, Rossiya bilan tovar ayirboshlash 32 foizga oshgan. Ikki davlat qariyb 40 yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishga harakat qilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda Rossiyaning 12 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o'quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

Markaziy Osiyo – Rossiya formatidagi dialog davom etadi va bugungi uchrashuvda bu haqda ham so'zlashilgan.

Toshkent va Moskva Afg‘onistondagi vaziyatni yaxshilash va mamlakatni iqtisodiy tiklash yo'lida ham hamkorlik qilishi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG