Pekin BMTning Inson huquqlari bo'yicha bosh komissari Mishel Bachelet va uning idorasidan Shinjonda uyg'urlar ahvoli haqidagi hisobotini chiqarmaslikni talab qilmoqda. Uch davlatning diplomatlari buni xalqaro axborot agentliklariga tasdiqlagan.
Bachelet may oyida hududga sayohat qilganida, inson huquqlari tashkilotlari uni Xitoy hukumatiga nisbatan "o'ta yumshoq" munosabatda keskin tanqid qilgan.
70 yoshli Bachelet avgust oxirida vazifasini tark etadi, chunki muddati tugamoqda va ikkinchi bor tayinlanish uchun harakat qilmagan.
Shu kunlarda e'lon qilinishi kutilgan hisobotdan esa darak yo'q. Huquq tashkilotlari Pekinni Shinjonda, uyg'urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan o'lkada ularni ezayotganlikda, bu elatni yo'q qilishga urinayotganlikda ayblab keladi. Xitoy buni inkor etadi.
Pekin BMT hisobotini asossiz va fitna deb qoralab, a'zo davlatlardan unga qarshi chora ko'rishni so'ragan, ya'ni Pekin qarshiligiga qo'shilishni va buni yozma bildirishni.
"Hisobotning chiqishi inson huquqlari muhokamasidagi ziddiyatlarni oshirib, Inson huquqlari bo'yicha bosh komissariatning nufuzini pasaytiradi, bu idora va a'zo mamlakatlar orasidagi hamkorlikka zarar keltiradi", - deyiladi Xitoy tarqatgan maktubda.
"Biz komissar xonimni bunday materialni aslo e'lon qilmaslikka chaqiramiz".
Xitoyning Jenevadagi vakolatxonasi bu maktub borasidagi biror savolga javob bermagan. Vakolatxonaga ko'ra, deyarli 100 davlat Xitoy tarafida va ular nazarida Shinjonda hech kim azoblanayotgani yo'q. Pekin diplomatlari, shuningdek, BMT Inson huquqlari kengashida bu borada turli taraflardan chaqiriqlar va quvvatlov yangragan, deya ta'kidlaydi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi qayd etishicha, Bachelet Shinjondagi vaziyatni o'z ko'zi bilan ko'rgan, hudud naqadar 'xavfsiz va barqaror" ekanini biladi.
"Xitoyni obro'sizlantirish uchun qilingan har qanday harakat samara bermaydi", - deya bildiradi vazirlik.
Bachelet idorasi bu borada biror izoh bermagan.
BMT hisobotlari, jumladan buni ham tegishli davlatlarning hukumatlariga ko'rsatiladi va ularga munosabat bildirish uchun imkon beriladi.
Ekspertlardan iborat jamoa uch yildan oshiq davrdan beri bu hisobot ustida ishlab, Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosatini tahlil qilgan. Hujjat allaqachon chiqishi kerak edi, deydi masala bilan tanish mutaxassislar.
"Reuter" axborot agentligi manbalariga ko'ra, Xitoy va uning tarafdorlari Bacheletni noqobillikda va o'z vakolatlaridan chetga chiqqanlikda ham ayblayotgan bo'lishi mumkin. Tahlilnoma qayta ko'rib chiqilib, "xulosalar yumshatilgan" degan xavotirlar ham mavjud.
Xitoy uning siyosatini savol ostiga oladigan, uning ishlarini qoralaydigan hisobotlarni birdek safsata va asossiz dashnomlar deb atab keladi.
Ayniqsa, BMT doirasidagi tahlilnomalarning chiqishiga o'z hamkorlariga bosim o'tkazgan holda urinadi, deydi Pekinni tanqid qilayotgan G'arb diplomatlari.
Huquq tashkilotlariga ko'ra, 47 davlat a'zo BMT Inson huquqlari kengashidagi davlatlarning o'zlarida inson huquqlari bilan bog'liq ahvol og'ir va Pekindek iqtisodiy kuchga qarshi ular gapira olmaydi, hatto ayrim mamlakatlardagi ahvolni tekshirishni ham buyurish uchun iroda yetmaydi.