Markaziy Osiyoning har bir davlati Xitoy uchun strategik jihatdan ahamiyatli. Xitoy oʻzining geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlari uchun eng koʻp sarmoyani Markaziy Osiyoga kiritmoqda. Mintaqa hududida Xitoyning siyosatini yuritish uchun esa Shanxay Hamkorlik tashkiloti asosiy qurol sifatida koʻriladi.
ShHT ning navbatdagi sammiti 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda bo’lib oʻtadi. Sammitda aʼzo davlatlar — Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston rahbarlarining ishtirok etishi kutilmoqda.
Bugungi kunda Xitoy jahon arenasida dunyodagi yirik iqtisodiy kuchlardan sanaladi. Markaziy Osiyo mintaqasi esa Xitoy uchun ham iqtisodiy, ham milliy xavfsizlikni taʼminlash borasida katta ahamiyatga ega.
Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamgʻarmasining ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo va Xitoy boʻyicha ekspert Temur Umarov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu fikrga qoʻshilgan holda, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari, asosan umumiy chegaraga ega uch davlat oʻzaro qoʻshnichilik aloqalarida boʻlmaslik imkoniga ega emasligini aytadi.
“Markaziy Osiyo davlatlari uchun Xitoy bu – oʻsayotgan katta iqtisodiyotga ega boʻlgan qoʻshni va hamkorlik qilmaslik imkoni boʻlmagan ulkan kuch”, - deydi u.
Xitoyning Markaziy Osiyodagi asosiy maqsadi
Temur Umarov Xitoyning Markaziy Osiyodagi manfaatlari haqida fikr bildirar ekan, bu manfaatlar Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining bir necha oʻn yilligi davomida oʻzgarmagan, deya taʼkidlaydi.
“Bu birinchi galda xavfsizlik masalasi. Xitoyga bu uch davlat, uch siyosiy tuzum bilan chegaradosh boʻlgan va Pekin uchun juda nozik masala hisoblangan Shinjon avtonomiyasi bilan bogʻliq masalada, mazkur uch davlatda vaziyat barqaror boʻlishi, xavfsizlik masalasi, terrorga qarshi kurash, Shinjondagi ayirmachi guruhlar bilan hamkorlik oʻrnatilishiga umuman yoʻl qoʻymaslik masalalarida Pekin bilan bir boʻlishi juda muhim va bu masala doim dolzarbdir.
Bu masala yuzasidan Xitoy doimo hamkorlik qilishga tayyor va soʻnggi oʻn yillikda biz kuzatayotgan iqtisodiy oʻzgarishlar xavfsizlik masalasi boʻyicha konsensus bazasida qurilayotganini koʻramiz. Shundan kelib chiqib, men soʻnggi yillarda Xitoy manfaatlarida yangi oʻzgarishlar boʻldi deb ayta olmayman”, - deydi ekspert.
Xitoy bundan 30 yil avval Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik aloqa oʻrnatgan. Ushbu muddat ichida Xitoy Xalq Respublikasi bilan mintaqa oʻrtasidagi savdo koʻlami sezilarli darajada oʻsgan.
“Ozodlik” radiosi qirgʻiz xizmatining statistika maʼlumotlariga tayanib yozishicha, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi savdo 1992-yili 527 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2009-yili bu ko’rsatkich 25,9 milliard dollarga yetgan.
Qirgʻiziston bilan Xitoyning savdo aylanmasi 2017-yili 1 millirad 597 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa, 2018-yili 2 milliard dollarga ko’tarilgan. 2019-yili 1 milliard 816 million dollarni tashkil qilgan. 2020-yil esa pandemiya sababli savdo toʻxtab, ikki davlat oʻrtasida 700 million dollarga yaqin tovar almashinuvi amalga oshirilgan.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik Xitoyning mintaqaga taʼsirini ham oshirmoqda. Bunga Pekinning Markaziy Osiyoga strategik ustuvorlik berib “Bir makon – bir yoʻl” deb nomlangan yirik loyihasi doirasida mintaqaga yirik sarmoya kiritish va mahalliy elita bilan qalin aloqalar oʻrnatishga urinishlari katta rol oʻynaydi deyish mumkin.
“Agar Markaziy Osiyoga bugungi kunda siyosiy tomondan eng taʼsirli davlat qaysi deb soʻralsa, Xitoy deb aytgan boʻlardim. Xitoy oʻz mahsulotlarini Markaziy Osiyoga, u yerdan yana boshqa davlatlarga eksport qilib kelmoqda. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarining hokimiyatdagi yuqori lavozimni egallagan shaxslarini korrupsiya mexanizmlari orqali qoʻlga olib boʻlgan”, - deydi xalqaro aloqalar boʻyicha mutaxassis va jamoat faoli Sovetbek Zikirov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Mintaqadagi “Xitoy tahdidi”
“Agar Oʻsh shahridan Oloy tomonga qarab yoʻl olsangiz, 400 kilometrdan keyin Xitoy bilan chegaradosh hududga yetasiz. Bu to’rt-olti soatlik yoʻl. Shuning uchun ularning etnik kamchiliklarga nisbatan munosabati menda xavotir uygʻotadi. Shu bilan birga, xitoylar qachondir bir kuni Qirgʻizistonning, Qozogʻistonning qaysidir bir hududini bizniki deb daʼvo qilishi mumkin. Shunga harakat borayotgandek... Masalan, Tojikistonda harbiy bazasini oʻrnatish va qarz berish orqali Xitoy qaysidir darajada oʻz nazoratini oʻrnatdi deyishimiz mumkin. Qirgʻizistonda ham barcha kon sanoati Xitoyga borib taqaladi”, - deydi Zikirov.
Zikirovning xavotirini BMT Oliy komissarining (Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasi) hisoboti ham tasdiqlaydi.
31-avgustda eʼlon qilingan ushbu hisobotda BMT rasmiy Pekinni soʻnggi yillarda Shinjonda inson huquqlarini jiddiy poymol qilganlikda ayblagan.
Hisobotga koʻra, Shinjonda 1 milliondan ortiq uygʻur, qozoq, qirgʻiz va boshqa musulmon guruhlar vakillarini qamoqxonalarga va lagerlarga tashlagan.
Ammo, 1-sentabrda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hisobotda keltirilgan daʼvolarni inkor qilib, hisobotni Gʻarb davlatlari uyushtirgan Pekinga qarshi harakatning bir qismi deb atagan.
U shuningdek, Qirgʻizistondagi ommaviy axborot vositalarida Xitoy tahdidi yoritilmaydi, ayniqsa, Xitoy qoʻl ostidagi uygʻurlar, etnik qirgʻiz, oʻzbek, qozoq xalqlari qanday vaziyatni boshidan kechirayotgani Qirgʻizistonda keng muhokama qilinmaydi, deya qoʻshimcha qildi.
Qirgʻizistonning Xitoydan qarzi
Qirgʻiziston Moliya vazirligi saytida eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, mamlakatning Xitoyning Eksport-import bankidan tashqi qarzi 1,8 mlrd dollarni tashkil qiladi.
Qirgʻiziston Vazirlar mahkamasining raisi Aqilbek Japarovning parlamentning 29-iyundagi majlisida aytishicha, agar Qirgʻiziston Xitoyga boʻlgan qarzidan qutulmasa, mamlakatning strategik ahamiyatga ega boʻlgan uch obyekti boshqaruvidan ajrab qoladi. Yaʼni, Bishkek issiqlik elektr markazi, “Janubiy — Shimoliy” muqobil yoʻli va “Datka-Kemin” elektr oʻtkazish liniyalari Xitoy boshqaruviga oʻtib ketishi mumkin.
Prezident Sadir Japarov ham “Ozodlik” nashriga bergan intervyusida bu haqda ta’kidlagan. U Xitoyning boshqaruviga boshqa obyektlar ham oʻtib ketishi mumkinligini aytib, aynan qaysi obyektlar ekaniga oydinlik kiritmagan edi.
Jamoatchi faol Sovetbek Zikirovga koʻra, Qirgʻiziston hukumati Xitoydan olingan qarzlardan toʻliq qutulmay turib, yangi qarzlarni olmaslik boʻyicha qonun qabul qilishi kerak.
AQSh Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosi maʼlumotiga koʻra, Qirgʻiziston 2019-yil oʻzining yalpi ichki mahsulotidan Xitoyga boʻlgan tashqi qarzining ulushi boʻyicha dunyoda beshinchi oʻrinda turgan. Shuningdek, Germaniyadagi Kil jahon iqtisod institutining tadqiqotiga koʻra, dunyoda Xitoyga boʻlgan tashqi kredit qarzi ularning yalpi ichki mahsulotidan 25 foizdan oshgan yetti davlat bor va Qirgʻiziston ulardan biri.
Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi
Samarqandda oʻtajak Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Xitoy temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha uch tomonlama hujjatga qoʻl qoʻyish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oʻzbekistonning tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov 2-sentabrda bildirgan.
Qirgʻiziston prezidenti Japarovga koʻra, bu temir yoʻli qurulsa, Qirgʻiziston tranzit davlatga aylanib, yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi va iqtisodda katta oʻsish yuz beradi.
Tahlilchilar Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish masalasi iqtisodiy jihatdan koʻra koʻproq geosiyosiy rakursdan koʻrib kelinganini aytadi. Shu bois, ayrim ekspertlar Rossiyani chetlab oʻtuvchi bu yoʻlning qurilishiga Moskva imkon bermaydi deb kelgan.
Qirgʻizistonning Germaniyadagi elchisi, siyosatchi Oʻmurbek Tekebayevning “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmatiga aytishicha esa, Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishini boshlash uchun hozir Qirgʻiziston tomoni uchun geosiyosiy jihatdan qulay sharoit yaralmoqda.
“Hozir vaziyat oʻzgardi, Rossiya bizning hamkorimiz boʻlgani bilan oʻzi hozir qiyin vaziyatda turibdi. Bugun u Xitoyga, Qirgʻizistonga, Oʻzbekistonga ushbu yoʻlning qurilishi toʻgʻri emas deb aytish tugul, hatto ishora qilishga ham qurbi yetmaydi. Boshqacha aytganda, geosiyosiy vaziyat bizga imkoniyat bermoqda. Bu imkoniyatdan foydalanib, biz temir yoʻlni oʻzimizga foydali yoʻnalish orqali, bizga qulay shaklda qurishimiz zarur”, - degan siyosatchi.
Xitoydan Qirgʻizistonga, undan nari Oʻzbekiston, Eron, Turkiya orqali oʻtib, Yevropaga chiquvchi temir yoʻlini qurish boʻyicha soʻzlashuvlar olib borilayotganiga deyarli 20 yil boʻldi.
Bu yoʻl orqali yiliga 7 million tonnadan 13 million tonnagacha yuk tashish imkoni paydo boʻlishi kutilmoqda. Ammo hozircha yoʻlning oʻtuvchi yeri, qurilishni kim moliyalashi hal qilingani yoʻq. Loyihani amalga oshirishning umumiy miqdori 5 milliard dollarga baholanmoqda. Qurulish ishlari, “Qirgʻiz temir yoʻli”ning maʼlumotiga koʻra, olti yildan sakkiz yilgacha vaqt olishi mumkin.
Markaziy Osiyo va Xitoy boʻyicha ekspert Temur Umarovning tahliliga koʻra, nima boʻlgan taqdirda ham, Markaziy Osiyo davlatlarida Xitoy bilan hamkorlik qilish yoki qilmaslik degan tanlov imkoni yoʻq.
“Xitoy bilan munosabatlarning ijobiy-salbiy jihatlari toʻgʻrisida gapirish qiyin. Markaziy Osiyo davlatlari uchun Xitoy bu – oʻsayotgan katta iqtisodiyotga ega boʻlgan qoʻshni va hamkorlik qilmaslik imkoni boʻlmagan ulkan kuch. Shu sababli, gohida qandaydir bosim, yoki tushunmovchilik va yoki boshqa bir qiyin vaziyatlar boʻlishidan qatʼi nazar, bularning barchasi hamkorlik qilishga biror bir toʻsiq yoki salbiy jihat sifatida qabul qilinmaydi. Bu hamkorlik doirasidagi majburiy faktor deb qabul qilinadi, hamda Markaziy Osiyo davlatlari oʻzlarini boshqacha tuta olmaydi. Shu sababli, Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi uchun Xitoyni doim asosiy hamkor sifatida koʻramiz va kamdan-kam hollarda bu ikki davlat oʻrtasida biror bir muammo borligini ochiqchasiga koʻrish mumkin”, - deya xulosa qiladi Umarov.
Facebook Forum