Ukrainaning to’rt viloyatini Rossiya tarkibiga qo’shib olgan Vladimir Putin Markaziy Osiyo davlatlarini G’arb rejalagan inqiloblar, inqirozlar bilan qo’rqitmoqda.
Rossiya prezidenti bu haqda MDH maxsus xizmatlari rahbarlari bilan o’tkazgan uchrashuvida gapirgan. Moskvadagi uchrashuvda O’zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Abdusalom Azizov ham ishtirok etgan.
Putinga ko’ra, geosiyosiy maydondagi raqobatchilar MDH davlatlarida qonli urush, inqiloblar uyushtirishdan qaytmayapti, har qanday davlatni zarba ostida qoldirishga tayyor.
“Biz G’arbda MDH hududida yangi inqirozlar yaratish bo’yicha ssenariylar ishlab chiqilayotganini yaxshi bilamiz. Ammo busiz ham bizga yetarli, Rossiya bilan Ukraina o’rtasida nimalar bo’layotganini ko’ryapsiz yoki MDHni boshqa davlatlaridagi voqealarni. Albatta, bularning hammasi Sovet ittifoqi qulashining natijalaridir, bu tushunarli”, - dedi Putin MDH maxsus xizmatlari rahbarlari videomuloqotida.
Bu uchrashuv - an’anaga aylangan tadbir. Rossiya yetakchiligidagi bu anjumanda asosan AQSh yetakchiligidagi G’arbga qarshi turish muhokama qilinadi.
29-sentabr kuni Moskvada bu doira 18-uchrashuvini o’tkazdi. Putin "G’arb rejalagan inqirozlarni" bartaraf etishda hamkorlikda amaliyotlarni ko’paytirishga chaqirdi.
Yig'in Ukrainaning bosib olingan to’rt viloyatini Rossiya tarkibiga qo’shib olishga doir bitim imzolanishi manzarasida kechdi.
Dunyoning aksariyat qismi tomonidan anneksiya, bosqin sifatida baholanayotgan bu amaliyot MDH miqyosidagi beqarorliklar kim tomonidan qo’zg’atilayotganiga ham aniq ishora beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning bu harakatini anneksiya, bosqin deb atashga jur’at topmayotgan bo’lsa-da, respublikalar uni tan olishdan bosh tortmoqda.
Qozog’iston Ukrainaning ishg’ol qilingan hududlarida o’tkazilgan referendumlarni, bu respublikalarning mustaqilligini ham tan olmasligini ochiq bildirdi.
Hozirgacha bu borada sukut saqlab kelgan O’zbekiston davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga sodiqligi va safarbarlikdan qochayotgan rossiyaliklar taqdiriga ishora qilingan mujmal bayonot bilan chiqdi.
Tashqi ishlar vazirligi safarbarlikdan qochib O’zbekistonga kelayotgan rossiyaliklar ikki tomonlama va ko’p tomonlama bitimlarga muvofiq ekstraditsiya qilinishi ehtimoli, huquqbuzarlik qilmaganlar majburiy deportatsiya qilinmasligini qayd qilgan.
Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov Putinning mintaqa liderlariga, jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’sirini o’ta kuchli deb hisoblaydi.
“Bu O’zbekiston siyosiy elitasining azaldan Moskvadan o’rnak olib kelgani, Alisher Usmonov kabi boylarning O’zbekistondagi nufuzi bilan ham bog’liq. Albatta Putin Mirziyoyevning hokimiyatga kelishida muhim o’rin tutdi, buni inobatga olish kerak. Mirziyoyev shuning evaziga Putinga sodiqligini ifodalab, Rossiya manfaatlariga zid keluvchi keskin bayonotlar qilishdan tiyilib keladi. Putinning mintaqadan nima istashi esa ayon, bu davlatlarni Rossiya yetakchiligidagi ittifoqqa yig’ish, sovet ittifoqini yangi bir shaklda tiklash. Ukrainaga bostirib kirish, anneksiya shu yo’nalishdagi qadamlar, mintaqa davlatlari buni zimdan sezib turibdi, ammo hammasi ham ochiq bayonot berishga jur’at topayotgani yo’q”, - degan fikrda Alisher Ilhomov.
30-sentabr kuni Putin Ukrainaning ishg’oldagi hududlari Donetsk, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlarini Rossiya tarkibiga qo’shib olishga doir bitimni imzoladi, Moskvada tantanali marosim uyushtirildi.
Facebook Forum