14-oktabr kuni AQSh Davlat departamentida Jonatan Henik elchilik qasamyodini keltirib, rasman bu davlatning O'zbekistondagi bosh diplomatiga aylandi.
Oq uy Henikni shu yilning 20-may kuni bu lavozimga ko'rsatgan edi.
Henik shu yoz Kongressning yuqori palatasi, Senat tasdig'idan o'tgan.
Diplomat Nyu-Yorkda ulg'aygan. Davlat departamentida 30 yilga yaqin tajribaga ega. Faoliyatini 1990-yillarda Toshkentdagi elchixonada boshlagan.
Henik yaqingacha Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat edi. Xalq diplomatiyasi yo'nalishida uzoq yillar ishlab, bu boradagi dasturlarga bosh-qosh bo'lgan.
Henik Senatda qayd etishicha, O'zbekiston - Markaziy Osiyoning yuragi, AQShning kuchli sherigi. Henik Toshkent bilan hamkorlikning ta'sirini butun mintaqaga, shuningdek, Yevrosiyo va hatto Hind va Tinch okeanlari hududlaridagi mamlakatlar bilan ham bog'laydi.
"O'zbekiston Markaziy Osiyodagi dinamik mamlakat. 2016-yilda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar e'lon qilinganidan beri AQSh ularni olqishlab kelmoqda", - deydi Henik.
"O'zgarishlarni quvvatlaymiz, inson huquqlaari va demokratik boshqaruv yo'lidagi islohotlarda va iqtisodiy taraqqiyotda O'zbekiston bilan sherikmiz".
Senatdagi muhokamada Henik xalq diplomatiyasiga urg'u berib, almashinuv dasturlari, ta'lim va ilm-fan bo'yicha hamkorlik, fuqaro jamiyatini rivojlantirishni muhim yo'nalishlar deb hisoblashini ta'kidlagan.
"O'zbekiston hukumati bilan yanada yaqindan ishlab, islohotlar jadallashishi va samara berishi uchun harakat qilaman. Mas'uliyatli, xalq oldida javobgar demokratik institutlarni shakllantirishga, mustaqil media va fuqaro jamiyati taraqqiy ettirishga va qonun ustuvorligiga undayman. Hammaning, jumladan eng zaif va chetlashtirilgan guruhlarning haq-huquqlari himoya qilinishiga undayman", - deydi Henik.
Diplomat AQSh Mudofaa universiteti va Jorj Vashington universitetida ham ma'ruzalar o'qib, izlangan.
Diplomat dezinformatsiyaga qarshi kurash bo'yicha mutaxassis sanalib, Rossiya, Xitoy va Eron propagandasiga qarshi choralar ko'rishda jonbozlik ko'rsatgan.
Henik Sharqiy Timor, Turkiya, Ozarbayjon va Portugaliyadagi elchixonalarda ham turli lavozimlarda ishlagan.
Elchi rus, portugal va turk tillarini biladi, hozirda o'zbekcha ham gapira boshlagan.
Henik Gavayi universitetidan doktorlik ilmiy unvonini olgan. Magistrlik va bakalavrlik darajalari uchun esa Kolumbiya universitetida o'qigan.
Henik "Amerika Ovozi" bilan bir necha bor suhbatda bo'lgan. Markaziy Osiyo bilan aloqalarni tebratayotgan paytida O'zbekistondagi vaziyatni tahlil qilar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar uning o'zi uchun demokratik sinovdir, degan edi. Quyida bu muloqotni tomosha qilishingiz mumkin.