Breaking News

Ukraina urushi: “Qrim” batalyoni Markaziy Osiyoni ogohlikka chaqirdi


Ukraina urushi: haftaning muhim voqealari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:12 0:00

O’tgan hafta davomida Ukraina energetik obyektlari bo’ylab Rossiyaning raketa zarbalari yanada avj oldi. Mamlakat bir necha kun mutlaqo elektr tokisiz, suvsiz qoldi. Atom stansiyalari faoliyati ham bir muddatga to’xta

Ukraina bu energetik kollapsni qisman bartaraf etishga muvaffaq bo’ldi, ammo vaziyat muvaqqat, navbatdagi raketa hujumiga qadar ekanligi hukumatda, aholida ham shubha uyg’otmaydi.

Prezident Vladimir Zelenskiy raketa zarbalari ortidan ukrainlarga murojaat qilar ekan, Rossiya yangi zarbalar rejalayotganini, mo’ljal energetik inshootlar bo’lishi muqarrarligini aytdi.

Ukrainaliklar bu hujumlarni, chiroqsizlik va suvsizlikni ham bardosh bilan qabul qilmoqda. Ular mamlakat energetik obyektlari bo’ylab berilayotgan zarbalar Ukraina qurolli kuchlarining jang maydonidagi muvaffaqiyatli yurishiga javob ekanligiga, armiya esa ishg’oldagi hududlarni ozod qilishda davom etishiga ishonishadi.

Bevosita frontdagi vaziyatga qish, ob-havo o’z ta’siri o’tkazgan; qor, yomg’ir hujumlar shiddatini susaytirgan. Tomonlar asosan mudofaada, ammo yer muzlashi ortidan urush harakatlari yana keskinlashishi ham kutilyapti.

Rossiya armiyasi Ukraina bo’ylab raketa zarbalarini berishda davom etar ekan, urushga doir vaziyat Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Armanistondagi sammitida muhokama qilindi.

Yeravanda Ukraina urushiga, Putinga qarshi norozlik aksiyalari manzarasida o’tgan bu sammit mojaroli yakunlandi. Armaniston sammitda qabul qilingan qo’shma bayonotni imzolashdan bosh tortdi. Bunga harbiy ittifoqda Armaniston-Ozarboyjon ziddiyatiga nisbatan aniq bir pozitsiya yo’qligi sabab qilib ko’rsatilgan.

Sammitda Ukraina urushiga doir vaziyat yopiq tarzda muhokama qilingan. Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo'mart To’qayev Ukraina urushini muzokaralar bilan hal etishga chaqirgan. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Ukraina urushi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti faoliyatiga ta’sir o’tkazmasligini bildirgan.

Ammo yaqingacha MDH a’zosi bo’lgan Ukrainaga ochilgan urush sobiq ittifoq bo’ylab xavotirlar qo’zg’ashda, Rossiyaning navbatdagi nishoni kim bo'lishiga doir munozaralarni davom ettiryapti.

Bu munozaralar Rossiya televideniyesidagi chiqishlardan ham turtki oladi. Ularda navbatdagi nishon Rossiyaning yaqin qo’shnisi, harbiy ittifoqchisi Qozog’iston bo’lishi mumkinligiga ishora qilinadi. “Rossiya 1” telekanali dasturida Ukrainadan keyin Qozog’istonga diqqat qaratilishi, u yerda millatchilar bosh ko’tarayotgani iddao qilingan.

Bu Ukrainadagi urushda muvozanat ushlashga intilib kelayotgan Qozog’istonda jiddiy norozilik bilan kutib olindi. Bosim Qozog’istonning urushga nisbatan pozitsiyasida o’zgarishlar qilishga qaratilayotgani ham ta’kidlanadi.

Rossiya o’z harbiy ittifoqchilarini Ukrainadagi urushga bevosita yoki bilvosita tortishga harakat qilib kelayotganiga doir qarashlar anchadan buyon mavjud.

Harbiy ittifoq a’zosi Belarus bu borada Rossiyaga yaqindan ko’maklashib keladi. Tashkilotning boshqa a’zolari - Armaniston, Tojikiston, Qozog’iston va Qirg’iziston betaraf.

Ammo Rossiyadagi muhojirlar bunday xavfdan chetda emas. Rossiyadagi mehnat muhojirlari urushga targ’ib qilinayotgani, Rossiya armiyasiga chaqirilayotgani yoki Ukraina urushida qatnashgan, halok bo’lgan mintaqaliklarga doir ma’lumotlar ko’p.

Ukrainada Rossiyaga qarshi urushayotgan, ko‘ngillilardan tashkil topgan “Qrim” batalyoni qo'mondoni Isa Akayev shu munosabat bilan “Amerika Ovozi” orqali markaziy osiyolik qardoshlariga murojaat qiladi:

“Qrim” batalyoni komandiri sifatida Markaziy Osiyodagi qardoshlarimizga, dindoshlarimizga murojaat qilmoqchiman. Men sizdan Putin rejimi va’dalariga ishonmaslikni, aqlingizni ishlatishingizni so’rayman. Siz Putin taklif qilayotgan hadyalarga ishonmang, Ukrainaning begunoh aholisi qonini to’kmang. Bu sizning urushingiz emas, unda qatnashmang. Biz musulmon ekanligimizni unutmang, musulmonlar hamisha mazlumlar tomonida bo’lishgan. Agar urushmoqchi bo’lsangiz, mazlumlarni himoya qiling, biz tomonimizda bo’ling, zulm tomonida emas”, - deydi Isa Akayev.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG