Rossiya kuchlari Ukrainaning Xerson shahrini, Dneprning o’ng sohilini tashlab chiqishi ortidan Donbass frontida janglar shiddati kuchaygan.
Rossiya armiyasi Donetskdagi bir necha aholi punktlarini egallagani xabar qilindi, ammo Ukraina tomoni buni tasdiqlagani yo’q. Xerson ozod qilinishi front liniyasi qisqargani bilan ham kuzatilyapti.
Xersondan olib chiqilgan Rossiya qo’shinlari, jumladan, yuqori jangovar tayyorgarlikka egaligi ta’kidlangan desantchilar polki frontning qaysi chizig’iga tashlangani noma’lum.
Yaqin vaqtda Donbassdagi janglar yanada shiddatli tus olishi, Ukraina armiyasi mudofaasini yorib o’tishga urinish kuchayishi kutilmoqda.
Urushlarni o’rganish instituti ekspertlari buni Xersonni tashlab chiqishga majbur bo’lgan Rossiya armiyasidagi tushkunlik bilan izohlaydi.
Harbiy ekspertlarga ko’ra, Xersonni boy berish Rossiya uchun nafaqat harbiy, balki siyosiy jihatdan ham jiddiy zarba bo’lgan. Bu mag’lubiyat ortidan Rossiya armiyasi, ko’lamidan qat’i nazar, g’alabaga o’ta muhtoj, qurbonlar evaziga bo’lsa ham hujumga intilmoqda.
Hisobsiz qurbonlar
To’qqiz oydan beri davom etayotgan urush har ikki tomondan qurbonlarni keskin oshirgan. Ukraina o’ldirilgan rus askarlari soni 85 mingga yaqinlashayotgani haqida hisobot berdi.
Rossiya o’ldirilganlar bo’yicha umumiy hisobot bermaydi, ammo har kungi janglar davomida 500 nafargacha ukrain harbiylari yo’q qilinayotgani haqida axborot berib keladi.
Bu raqamlar Ukrainadagi janglarni Ikkinchi jahon urushidan keyin kuzatilayotgan eng yirik talafotga, inqirozga aylantirmoqda.
Urush minglab tinch aholi, harbiylardan berilgan qurbonlardan tashqari Ukraina infratuzilmasini ham inqiroz yoqasiga olib keldi. Rossiya vayron qilgan obyektlarni tiklash uchun milliardlab dollar mablag’ va yillar kerak bo’lishi ta’kidlanyapti.
BMT, Ukraina va Markaziy Osiyo
BMT Bosh Assambleyasi yaqinda Rossiya armiyasi tomonidan Ukraina iqtisodiga, infratuzilmasiga yetkazilgan zarar ko’lamini, Rossiya bu zararni qoplashi lozimligiga doir masalani ko’rib chiqdi.
BMTning aksariyat a’zolari Rossiya Ukrainaga yetkazgan moddiy zararni qoplashi, tovon puli to’lashi kerak deya, bu boradagi rezolyutsiyasini yoqlab ovoz berdi.
Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O’zbekiston BMT anjumanidagi bu muhokamada betaraf qoldi. Markaziy Osiyo Ukrainaga doir muhokamalarda muntazam betaraflik maqomini egallab kelmoqda.
Avvalroq assambleya Rossiya tomonidan Ukraina hududlarida o’tkazilgan referendum masalasini muhokama qilgan edi. Unda 143 davlat Rossiya o’tkazgan referendumlar tan olinmasligini yoqlab ovoz bergan, 35 davlat, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari betaraf qolishni afzal ko’rgan.
Agar O’zbekiston va Qozog’iston Ukrainaning ayirmachi hududlari – Donetsk va Lugansk respublikalari mustaqilligini tan olmaslik haqida bayonot qilishgani inobatga olinsa, BMT muhokamasidagi betaraflik bu pozitsiyalar o’zgarishlarga yuz tutayotganidan darakdek ham tuyuladi.
Yevropa Ittifoqi, Ukraina va Markaziy Osiyo
Urushning Markaziy Osiyoga ta’siri bu hafta Samarqandda ham muhokamaga chiqqan. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari darajasida o’tgan anjumanda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo’yicha oliy komissari Jozep Borrel qatnashgan.
Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki Markaziy Osiyoga ham jiddiy silkinishlar olib kelishini ta’kidlagan Borrel bu oqibatlarni yumshatish o’zaro hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etishini bildirgan.
“Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi xalqaro me’yorlarning jiddiy buzilishidir. Bizni avvalgiga nisbatan yanada xavfliroq tus olgan dunyo bilan to’qnashish kutib turibdi”, - degan Jozep Borrel Samarqanddagi chiqishida.
O’zbekiston Rossiya harbiy sanoatiga ko’maklashmoqdami?
Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina urushiga nisbatan rasman betaraf, ammo Tojikiston, Qozog’iston va O’zbekistonning Ukrainadagi urushga bilvosita aloqadorligiga doir xabarlar yo’q emas.
Avvalroq Ukrainadagi ayrim jurnalistlar tomonidan Eronga tegishli dronlar O’zbekiston yoki Tojikistonda ishlab chiqarilayotganiga doir taxminlar surilgan bo’lsa, o’tgan hafta O’zbekiston va Qozog’iston Rossiya harbiy sanoati uchun sanksiyalar ostidagi jihozlarni yetkazib berayotganiga doir da’vo Ukraina razvedkasi boshqarmasi tomonidan bildirildi.
Ukraina razvedka boshqarmasi rasmiysi Vadim Skibitskiy Italiya nashriga bergan intervyusida Rossiya harbiy sanoati sanksiyalarni aylanib o’tishiga Qozog’iston va O’zbekiston kabi davlatlar yordam ko’rsatayotganini aytdi.
Bu ma’lumotga rasmiy Toshkent darhol munosabat bildirdi, Ukrainaning O’zbekistondagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
“Elchiga Ukraina Mudofaa vazirligi vakilining amaldagi sanksiya cheklovlarini chetlab o‘tib, ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berilgani haqida OAVda tarqalgan asossiz bayonoti munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi”, deyiladi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotida.
Avvalroq rasmiy Toshkent ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonning Eron dronlari O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgani haqidagi iddaosini rad etgan. Buning ortidan jurnalist O’zbekistonni Tojikiston bilan adashtirib yuborganiga doir izoh bilan chiqqan edi.
Xavfsizlik kafolatlari
Urush qaqshatqich ravishda davom etar ekan, Ukraina va Rossiya o’rtasida tinchlik muzokaralari lozimligiga doir munozaralar kuchaydi.
Prezident Volodimir Zelenskiy “Katta Yigirmalik” (G20) sammitidagi chiqishida Ukrainaning tinchlik muzokaralariga oid takliflarini taqdim etdi.
10 banddan iborat “Tinchlik formulasi”da asosiy diqqat yadroviy xavfsizlik (Rossiya qo’shinlari Zaporojye atom stansiyasini tark etishi), don eksporti uchun Ukraina portlariga yo’l ochilishi, energetik ta’minot, hududiy yaxlitlik, Rossiya qo’shinlari mamlakatni tark etishi, Ukraina xavfsizligini kafolatlovchi “Kyiv Security Compact” bitimini imzolash kabilarga diqqat qaratilgan.
Zelenskiyning G20 yig’inidagi bu chiqishi AQSh Ukrainani Rossiya bilan muzokaraga undayotganiga doir ma’lumotlar ortidan kuzatilyapti. AQSh hukumati buni inkor etdi, Prezident Jo Bayden bu boradagi har qanday muzokaralar Ukraina ishtirokisiz o’tmasligini bildirdi.
Zelenskiy taqdim etgan “Tinchlik formulasi”da Qrim maqomi haqida gap yo’q, ammo Ukrainaga hududiy yaxlitlik kafolati zarurligi ta’kidlanadi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Mixail Podolyak Ukraina armiyasi frontda g’alaba qozonayotgan bir paytda muzokaralar masalasiga qaytishni Rossiyaga taslim bo’lish sifatida baholaydi.
Harbiy ekspertlar Rossiya ixtiyoriy ravishda Ukraina hududidan o’z qo’shinlarini olib chiqishi ehtimolini ancha uzoq baholashadi. Ular bu faqat kuch va harbiy yo’l bilan amalga oshishi mumkinligini qayd etishmoqda.
Facebook Forum