Kiyev shahri yaqinida joylashgan qishloqdagi masjid Rossiyaning Ukrainaga bosqini ketidan ochilgan. Masjid musulmonlarining aksariyati qrim-tatarlar.
Poytaxt chetidagi bu masjidda Qrim musulmonlari diniy idorasi rahbari, Qrim muftiysi Ayder Rustamov juma kunlari ma’ruza o’qiydi. Rustamov O’zbekistonda tug’ilgan, sakkiz yoshida Qrimga ko’chib kelgan. O’zbekistonni ikkinchi vatani deb hisoblaydi, bolaligini yaxshi eslaydi.
Ayder Rustamov diniy ta’limni Iordaniyada olgan, Rossiya Qrimni ishg’ol qilishi ortidan vatanini tark etgan. Bu ishg’ol minglab qrim-tatarlarni Ukraina hududidan boshpana topishga majbur qildi, musulmonlarga tazyiqni kuchaytirdi.
Bosimlar ortidan Qrim muftiyati Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilishga o’tdi. Ishg’olga, Rossiya hukumatiga qarshi musulmonlarning quvg’ini kuchaydi.
Shu tariqa Kiyevda Qrim musulmonlarining diniy idorasi tashkil qilindi, ularning Ukrainadagi muftiysi saylandi.
“Men muftiylikka shaxsan intilganim yo’q, ammo Rossiya ishg’oliga qarshi nimadir qilishni istar edim. Vaziyat taqozosi bilan meni muftiylikka saylashdi. Oson bo’lgani yo’q, tazyiqlar bois Qrimni minglab musulmonlar tark etayotgan edi, hammasini noldan boshladik. Muftiyatning viloyat bo’limlari faoliyatini yo’lga qo’ydik. Afsuski, bu bo’limlarning aksariyati yana Rossiya bosqini ostida qoldi”, - deydi Rustamov.
Urush Ukraina musulmonlari uchun ham jiddiy sinov bo’ldi. Rossiya armiyasi Kiyevni qurshovga olar ekan, poytaxtdagi musulmonlar jamoasi hududiy mudofaa qo’shinlariga yaqindan yordam uyushtirdi. Rossiya raketalari bilan masjid yonida joylashgan biznes markazni nishonga oldi va vayron qildi.
“Rossiya armiyasi Kiyevga bostirib kirganida masjid hududi ham jiddiy zarbalar ostida qoldi. Biz musulmonlar o’sha paytda masjidda, hududiy mudofaa qo’shinlariga yordam ko’rsatish bilan shug’ullanardik, hududni qo’riqlash xizmatini yo’lga qo’ygan edik. O’sha kunlari yorib o’tishga harakat qilgan diversion guruh hujumi to‘xtatib qolingani ham aytiladi”, - deb eslaydi Rustamov.
Uning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga, jumladan, Qrim musulmonlariga qarshi urushi 8 yil muqaddam Qrim ishg’oli bilan boshlangan edi. Islom dunyosi bunga lozim tarzda javob qaytarmadi, 2022-yilga kelib Rossiya o’z niqobini yechdi, ochiq zulmga o’tdi.
“Rossiya Qrimga nima olib keldi? Azob-uqubat, qo’rquv, 8 yil davomida musulmonlar uyidagi muttasil tintuvlar. Mendagi ma’lumotlarga ko’ra, Qrimda hozirgacha 44 kishi daraksiz yo’qolgan, izsiz. Yolg’iz Alloh biladi tirikmi ular, yo’qmi. Odamlarning qalbiga nega bunchalar qo’rquv solishmoqda? Buning sababi faqat bitta, ularni o’z vatanidan ayirish, quvg’in qilish”.
Facebook Forum