Breaking News

Ukraina hududini o'ziga qo'shib olgan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e'lon qilindi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning to'rt hududini Rossiya tarkibiga qo'shib olish haqidagi shartnomani imzolash marosimida nutq so'zlamoqda, Moskva, Rossiya, 2022-yil, 30-sentabr.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning to'rt hududini Rossiya tarkibiga qo'shib olish haqidagi shartnomani imzolash marosimida nutq so'zlamoqda, Moskva, Rossiya, 2022-yil, 30-sentabr.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning bosqin ostidagi to’rt hududini Rossiya tarkibiga qo’shish haqidagi shartnomani imzolashi ortidan AQSh rossiyalik 1000 dan ortiq shaxs va kompaniyalarga, jumladan, Rossiya Markaziy banki raisi va Xavfsizlik Kengashi aʼzolari oilalariga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi.

AQSh Moliya vazirligi Rossiya qonun chiqaruvchi organining yuzlab a'zolari, mamlakat moliyaviy va harbiy infratuzilmasi rahbarlari va ta'minotchilarini sanksiyalar ro’yxatiga qo’shdi. Shuningdek, Savdo departamenti eksport nazorati tartibini buzganlar ro'yxatini qo’shimcha 57 kompaniya bilan kengaytirdi; Davlat departamenti esa 900 dan ortiq kishiga viza cheklovlari joriy etdi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning qarorini xalqaro huquqning qo’pol ravishda buzilishi deya baholadi.

“Bu harakatlar hech qanday qonuniy asosga ega emas”, - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi moliyaviy jazolar Rossiyaning ichida va tashqarisida bu mamlakatning noqonuniy urinishlarga siyosiy yoki iqtisodiy yordam ko‘rsatadigan odamlar va kompaniyalarni nishonga oladi.

"Men Kongressdan Ukrainani qo'llab-quvvatlash uchun qo'shimcha 12 milliard dollar ajratadigan qonunni qabul qilishini intiqlik bilan kutaman", - dedi u.

Rossiya Kiyev va Gʻarb soxta saylovlar deb atagan referendumlar orqali Ukrainaning to’rt viloyatini o’z tarkibiga qo’shib olishini e’lon qilgach, AQSh va Yevropa Ittifoqi Kreml hamda uning ittifoqchilariga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishga qaror qildi.

Putinga ko’ra, Rossiya o'zlashtirilgan hududlar - Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan hech qachon voz kechmaydi va ularni o'z suveren hududi sifatida qattiq himoya qiladi.

“Putin Ukrainaning ayrim qismlarini qo’shib olishga urinar ekan, biz jim tura olmaymiz", - dedi AQSh Moliya vaziri Janet Yellen.

"Moliya vazirligi va AQSh hukumati bugungi kunda Rossiyaning allaqachon tanazzulga uchragan harbiy-sanoat kompleksini yanada zaiflashtirish va uning noqonuniy urush olib borish qobiliyatiga putur yetkazish uchun keng qamrovli choralar ko'rmoqda", - deya qo’shimcha qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG