Ukraina musulmonlari Rossiya musulmonlarini urushga qo’shilmaslikka, Rossiya ulamolarining jihodga doir bayonotlariga ishonmaslikka chaqirmoqda.
O’tgan hafta Rossiyaning Belgorod viloyatidagi poligonda sodir bo’lgan otishma tafsilotlari, bu hujumning Tojikiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilgani tasdiqlandi.
Rossiya prokuraturasi ikki nafar Tojikiston fuqarosi terrorizmda ayblangan jinoyat ishi ochgan.
Rasman 11 nafar, norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 30 ga yaqin askar halok bo’lgan bu qonli otishmaga diniy hissiyotlarning tahqirlanishi sabab bo’lganiga doir xabarlar Markaziy Osiyo va Rossiya musulmonlari tomonidan ham jiddiy munozaralar bilan kutib olindi.
Bu munozaralardan Ukrainadagi musulmonlar jamoasi ham chetda emas. Qrim musulmonlari muftiysi Ayder Rustemovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya shundoq ham musulmonlarning huquqlarini toptab kelayotgan davlat; ayniqsa. Qrimdagi musulmonlar bilan bog’liq so’nggi vaziyat nazarda tutilsa.
“Rossiya musulmonlarining Ukraina urushiga tashlanayotgani, ularning diniy hissiyotlari tahqirlanayotgani Rossiya hukumatining diniy e’tiqodga munosabati qanday ekanligini ko’rsatadi. Poligondagi otishma diniy hissiyotlar tahqirlangan musulmonlarning isyonidir. Ammo, afsuski, Rossiyadagi muftiylar, ulamolar buni ko’rishayotgani yo’q, aksincha musulmonlarni Ukrainadagi urushga tortish uchun tashviqot qilishmoqda. Buni hatto musulmonlar uchun jihodga ham tenglashtirishmoqda. Biz Rossiya musulmonlarini bunday da’vatlarga ishonmaslikka, Ukrainadagi urushga qo’shilmaslikka chaqiramiz ”, - deydi Rustemov.
Belarus ogohlantirilmoqda
Ukraina urushiga 8 oy to’lar ekan, Belarusning bu urushga tortilishi ehtimoli oshib bormoqda. Bu hafta Ukraina qurolli kuchlari Belarus xalqiga murojaat bilan chiqdi.
Ukrainlar va belaruslarning o’zaro qardoshligi, do’stligi ta’kidlangan bu murojaatda Rossiya bilan hamkorlikda qo’shma armiya tuzgan Prezident Aleksandr Lukashenko Ukrainaga bostirib kirishga hozirlanayotgani, ammo Ukraina Belarus bilan urishish niyatida emasligi aytiladi.
Ukraina qurolli kuchlari agar Belarus armiyasi Rossiyaga qo’shilib mamlakatga bostirib kirgan taqdirda, bunga munosib javob bo’lishidan ogohlantirdi.
Harbiy ekspertlarning Rossiya-Belarus ishtirokidagi qo’shinlar yuzasidan bildirayotgan taxminlariga ko’ra, bu qo‘shinlar NATO tomonidan ko’rsatilayotgan harbiy texnik yordam yo’llarini to’sish uchun Ukrainaning g’arbiy viloyatlariga hujum qilishi mumkin.
Belarus Prezidenti Lukashenko mintaqaviy qo’shinlar NATO tahdidiga qarshi tuzilgani, Belarus Ukraina bilan bevosita urishish niyatida emasligini ta’kidlab keladi.
Urush maydonida bu hafta keskin burilishlar kuzatilmadi, ammo bu kutilayotganiga doir farazlar kuchaygan.
Urushni o’rganish instituti ekspertlari Rossiya armiyasi Xerson viloyatini tashlab chiqishga hozirlik ko’rayotgani haqida yozmoqda.
Rossiya o’z nazorati ostidagi Xersondan aholini nisbatan tinch hududlarga ko’chirishi Ukraina armiyasining hal qiluvchi hujumi bilan izohlanmoqda.
Bu hafta AQSh va Rossiya mudofaa vazirlari o’rtasida muloqot bo’lib o’tdi. Ukrainadagi vaziyat muhokama qilingan suhbat tafsilotlari ma’lum emas. Sergey Shoygu, shuningdek, Britaniya, Fransiya, Turkiya mudofaa vazirlari bilan ham telefon orqali muloqotda bo’lgan.
Ukraina bo’ylab raketa hujumlari
Rossiya armiyasi urush maydonida chekinayotganiga qaramasdan Ukraina bo’ylab raketa zarblari berishda davom etyapti.
Elektr ishlab chiqaruvchi obyektlarni nishonga olayotgan bu zarbalar natijasida Ukrainada jiddiy elektr taqchilligi yuzaga chiqqan.
Poytaxt Kiyev doxil barcha viloyatlarda elektr energiyasi maxsus jadval asosida uzatilmoqda. Mamlakat elektrni tejash tizimiga o’tgan. Ukraina hukumati so’ngi raketa hujumlari mamlakatdagi energetik obyektlarning 40 foizini ishdan chiqarganini bildirdi. Aholi turli vaziyatga, elektr energiyasining mutlaq uzilishiga ham tayyor turishga chaqirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, Rossiya armiyasi raketalarining hammasi ham elektr obyektlarni nishonga olayotgani yo’q. Kuzatuvchilarga ko'ra, ayrimlari ko’p qavatli uylarni vayron qilmoqda, tinch aholini o’ldirmoqda.
Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiyani tinch aholini terror qilishda, qochqinlarning yangi oqimini yaratishga urinayotganlikda aybladi.
Facebook Forum