Ukrainadagi urushning boshida Turkiyada ishlangan va Rossiyaga qarshi kurash uchun Kiyevga uzatilgan “Bayroqdor” jangovar dronlari ancha shov-shuv qilgan edi. Biroq so’nggi kunlarda shov-shuv navbati Eronning “Shahid” dronlariga keldi.
Yuzlab kilometr naridagi nishonlarni urishga qodir ushbu xudkush dronlar bugun Ukrainaning bir necha viloyati hamda poytaxt Kiyevdagi energetik infratuzilmani urgan.
Xususan, Vinnitsa, Ternopol, Xmelnitskiy, Rovno, Lvov, Sumi, Odessa, Dnepropetrovsk oblastlari va Kiyev shahrida portlashlar yangragan.
Ushbu hujumlar o’tgan hafta boshlangan keng ko’lamli zarbalarning davomi ekani aytilmoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin payshanba kuni Ostonada muxbirlar bilan muloqoti chog’ida Mudofaa vazirligi belgilagan 29 ta inshootdan 7 tasi rejaga ko’ra urilmaganini aytgan edi.
Bugungi hujumlar natijasida Lvov, Xmelnitskiy, Rovno blekautga yuz tutdi.
Rossiya “Shahid” dronlarini Eron berganini rasman tan olgani yo’q. Eron ham buni inkor etyapti.
"Bu to’g’risidagi xabarlar ortida siyosiy sabablar bor va asosan G’arb matbuotidan kelyapti. Eron Islom Respublikasining Rossiya va Ukraina o’rtasida kechayotgan urushga aloqasi yo’q. Hech bir tarafga hech qanday qurol uzatganimiz yo’q”, - dedi bugun Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Nosir Qanoniy.
Kuzatuvchilarga ko’ra, “Shahid” dronlari Yamandagi fuqarolar urushida Erondan yordam olayotgan xusiylar tomonidan keng qo’llanmoqda. Rossiya unga “Geran” yoki “Atirshox” deb nom qo’ygan.
Isroil Eronning Rossiyaga qurol uzatayotganidan tashvishda ekanini bildirarkan, ba’zi tahlilchilar yahudiy davlati Ukrainani qurol bilan ta’minlashi mumkinligiga ishora qilyapti. Shunday bo’lgan taqdirda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Isroil bilan aloqalarga darz ketishini ma’lum qildi.
“Shahid” yoki “Geran” dronlarining hajmi kichik bo’lib, havo mudofaasiga qarshi tizim uning oldida ojizdir. Dronlarni samolyotlar bilan urib tushirish harakati ham samara bermadi.
Kiyev va boshqa joylarda ularni avtomatlardan ham nishonga olishga harakat kuzatilgan.
Bugun Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashib, Eronni inson huquqlarini buzgani uchun jazolashga kelishib oldi. Agar islomiy respublikaning Rossiyaga dron uzatgani isbotlansa, tashkilot Eronga qo’shimcha sanksiya qo’yishi mumkin. Bu haqda Lyuksemburg vaziri Jan Asselborn ma’lum qildi.
Daniya Tashqi ishlar vaziri Yeppe Kofod Yevropa Ittifoqini Rossiya hujumlariga dadil javob berishga chaqirdi.
Belgiya vazirasi Hadja Lahbib esa Xitoyni Ukraina mojarosiga kelganda pozitsiyasini aniqlashtirishga, Rossiyaga nisbatan mavhum siyosatidan voz kechishga chaqirdi. Uning finlyandiyalik hamkasbi Pekka Xaavistoning aytishicha, tashkilot Pekin bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqishi zarur.
"Xitoyda ahvol tobora avtoritar tus olmoqda. Xitoyga tobeligimiz bizni xavotirga solishi kerak”, - dedi u.
Xitoy Rossiyani Ukrainaga bosqin uchun qoralashdan va G’arb sanksiyalariga qo’shilishdan bosh tortib kelarkan, taraflarni tinchlikka da’vat etadi.
Yevropa Ittifoqi o’tgan oy Eronda Mahsa Aminiy ismli 22 yashar ayolning politsiya mahkamasida jon berishi hamda mamlakat bo’ylab bunga qarshi norozilik namoyishlarini bostirishi ketidan bu ishlarga aloqador 15 nafar Eron rasmiysini qora ro’yxatga qo’shdi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Eron yaqin orada Rossiyaga ballistik raketa va qudratliroq dronlar yetkazib berishi mumkin. Gap “Shahid-136” droniga qaraganda besh baravar og’irroq bomba tashiy oladigan va uzoqroqqa ucha oladigan “Arash-2” dronlari haqida ketmoqda.
AQShning “Vashington Post” gazetasi Rossiya Erondan 700 kilometrgacha ucha oladigan “Zulfiqor” ballistik raketalarini xarid qilgani haqida ma’lum qildi.
Ayrim axborot vositalari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning bir hafta oldin poytaxtni tark etgani haqida xabab bermoqda. Bunga Kiyevga qarshi hujumlardan tashqari qo’shni Belarusda Rossiya va Belarusning qo’shma gruppirovkasi tuzilayotgani sabab qilib ko’rsatilmoqda.
Facebook Forum