Rossiyaning Belgorod viloyatidagi poligonda safarbarlikka jalb qilingan 11 askar otib o’ldirilgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, gap Tojikiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan xuruj haqida bormoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy poligonda MDH davlati fuqarolari tomonidan terrorchilik sodir etilgani, 11 kishi o’ldirilgani, 20 ga yaqini jarohatlangani, terrorchilar voqea joyida yo’q qilinganini tasdiqladi.
Urushni yoritib kelayotgan Telegram kanallari safarbarlikka chaqirilganlar mashg’ulot o’tayotgan poligondagi ziddiyat diniy tortishuv ortidan kelib chiqqani haqida yozishmoqda.
Ta’kidlanishicha, diniy tuyg’ulari haqoratlangan uch nafar tojikistonlik poligon rahbariyati doxil 20 dan ortiq harbiyni otib tashlagan. Tojikistonliklarning ikki nafari voqea joyida o’ldirilgan, bittasi qochishga muvaffaq bo’lgan.
Bu hodisaga munosabat bildirayotgan Tojikistonga qarashli ayrim nashrlar poligondagi xuruj Emomali Rahmonning Ostonadagi sammitda Vladimir Putinga bildirgan e’tirozlari ortidan sodir bo’lganiga diqqat qaratishmoqda.
Rossiya-Markaziy Osiyo sammitida Rahmon Vladimir Putinga mintaqa davlatlariga sobiq ittifoq davridagi kabi munosabat qilmaslikka, ularni hurmat qilishga chaqirgan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Belgorodda teraktni amalga oshirganlar MDH davlati fuqarolari ekanligini tasdiqladi. Shundan kelib chiqilsa, xurujni sodir etganlar Rossiya fuqaroligini olish yoki boshqa maqsadlarda Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan muhojirlar bo’lgan deyish mumkin.
Rossiya-Belarus armiyasining 70 minglik qo’shini
Rossiya armiyasi Belarusda tantanali kutib olinmoqda. Prezident Aleksandr Lukashenko Rossiya va Belarus umumiy soni 70 mingdan oshiq mintaqaviy qo’shinlar guruhini tuzishga kelishganini ma’lum qilgan edi.
Bu hafta Rossiya armiyasining dastlabki guruhi Belarusga kirib kelgan. Belarus Mudofaa vazirligi bunday guruhni tuzish ehtiyojini chegaralarda tahdid keskin oshgani bilan izohlagan.
Lukashenko tahdidni NATO tomonidan ko’radi. Yaqinda bergan intervyusida u Polshani yadroviy inqiroz boshlashi mumkin bo’lgan asosiy davlatlardan biri deb atadi. Lukashenko nazarida Ukraina ham Belarusga hujum qilish payidagi davlatlardan.
Belarus Ukraina urushiga rasman qo’shilmagan, ammo o’z hududini Rossiya armiyasi uchun ochib bergan, rus qo’shinlari Kiyevga Belarus hududi orqali kirib kelishgan edi. Ayni paytda Rossiya Ukrainani nishonga olishda Belarus hududidan foydalanib kelmoqda.
Ukraina tomoni Belarusdagi harbiy amaliyotlarni sinchkovlik bilan kuzatib keladi. Rossiya qo’shinlarining Belarusga kirib kelayotgani urushda yangi front ochilishidan darak bo’lishi mumkin. Ayni paytda Prezident Volodimir Zelenskiy Belarus bilan vizali tartib joriy etish masalasini ko’rib chiqmoqda.
Yadroviy tahdid
Rossiya Belarusning harbiy samolyotlarini yadro raketalarini tashishga moslashtirmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi Belarus armiyasidagi SU-25 qiruvchi samolyotlari yadroviy zarbalar uchun qayta modernizatsiya qilinishini tasdiqladi.
Bu qaror yadro urushiga doir xavotirlar kuchaygan bir manzarada kuzatilmoqda. Harbiy ekspertlar Ukrainada taktik yadroviy qurollar ishlatilishini ehtimol qilishadi. Bunga Ukraina armiyasining hujumi Rossiya yaqinda o’z hududi sifatida e’lon qilgan Donetsk, Lugansk, Xerson, Qrimga ko’chishi sabab bo’lishi mumkin. Rossiyaning harbiy doktrinasi mamlakat hududiga qilingan hujumda yadro qurolini ishlatishga izn beradi.
Rossiya tomoni yadro quroliga doir xavotirlarni rad etgan. Vladimir Putin buni Ostonada o’tkazgan matbuot anjumanida ham ta’kidladi.
Avvalroq yadroviy “qiyomat” yaqinlashganini Prezident Jo Bayden qayd etgan edi. AQSh prezidentiga ko’ra, dunyo Karib dengizidagi inqirozdan so’ng birinchi bor ommaviy qirg’in qurollari ishlatilishiga juda yaqin, Putinning tahdidi hazil emas, uning armiyasi Ukrainada mag’lubiyatga uchramoqda.
Ukraina frontidagi vaziyat
Urush maydonida tashabbus Ukraina tomonida ekanligicha qolyapti. Ukraina armiyasining qarshi hujumlari avvalgi haftalar kabi shiddatli kechmayotgan bo’lsa-da, rus askarlari sharqiy va janubiy frontdan sekinlik bilan siqib chiqarilmoqda.
Janubda kechayotgan janglar davomida Xerson viloyatidagi o’nlab qishloqlar ozod qilindi. Rossiya armiyasi esa yana raketa hujumlariga zo’r berayotgani kuzatiladi.
10-oktabr kuni shunday hujumlarning cho’qqisi kuzatildi, Rossiya Ukraina bo’ylab 80 dan oshiq raketalar yog'dirdi.
“Forbes-Ukraina” jurnali Rossiya armiyasining 10-oktabr kungi hujumini 400-700 million dollar atrofida baholaydi. Ya’ni hujumda qo’llangan 84 raketa va 24 ta dron bahosi shuncha.
Ukraina qurolli kuchlari 80 dan oshiq raketaning salkam yarmi havo mudofaasi kuchlari tomonidan urib tushirilganini bildirdi.
Putin Ostonadagi chiqishida raketa hujumlarini Qrim ko’prigidagi portlashga javob deb atadi. U Ukrainada nishonga olingan 30 ga yaqin obyektlarning aksariyati vayron qilingani, qolganlari ham yaqin kunlarda yo’q qilinishini ta’kidladi.
Facebook Forum