Breaking News

Putin: Tashqi kuchlar Rossiya-Markaziy Osiyo aloqalariga putur yetkazmoqchi


Prezident Vladimir Putin tashqi kuchlar Rossiya va Markaziy Osiyo aloqalarini buzishga harakat qilayotganini ta’kidlamoqda. Bu haqda u diplomatik aloqalar tarixida ilk bor o’tkazilgan Rossiya va Markaziy Osiyo sammitida bayon qilgan.

“Dunyoda va mintaqada beqarorlashgan vaziyat barcha yo’nalishlarda aloqalarimizni o’zaro kuchaytirishni talab etmoqda. Tashqaridan bizning kooperatsiyamiz rivojiga to’siq qo’yishga urinishlar mavjud”, - degan Putin Ostonadagi sammitda.

Rossiya rahbari o’z chiqishida Markaziy Osiyo va Rossiya o’rtasidagi siyosiy, madaniy aloqalar tarixiyligiga alohida diqqat qaratdi, Rossiya bu aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdorligi, mintaqa davlatlari bilan strategik sheriklik davom etayotganini ta’kidladi.

Putinning matbuot anjumanidagi chiqishiga ko’ra, Ukrainadagi maxsus amaliyot Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi aloqalarga ta’sir o’tkazmagan. Buni MDH, shuningdek, Rossiya-Markaziy Osiyo sammiti o’tayotgani ham ko’rsatib turibdi, deydi u.

Ammo Ukraina urushi manzarasida o’tayotgan bu sammit Rossiya uchun ittifoqchilar, strategik hamkorlar, tarixiy aloqalar o’rni ham ahamiyatsiz qolishi mumkinligiga ishora beradi.

Ukraina - Rossiyaning yaqin qo’shnisi, qardosh davlat. Ruslar va ukrainlar bitta xalq ekanligini Putin muntazam ta’kidlab kelgan, ammo bu fakt Ukrainaga urush ochishga, bu mamlakatning 20 foizga yaqin hududi Rossiya tarkibiga qo’shib olinishiga to’siq bo’lmadi.

Urush davom etayotgani, Moskvaning Kiyevdagi hokimiyatni o’zgartirish maqsadidan hamon voz kechmayotgani esa Rossiya o’z irodasidan chiqqan sobiq hamkorlariga nisbatan qanday choralar qo’llashga borishidan darakdek.

Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari Moskva yetakchiligidagi harbiy tashkilotga, shuningdek, iqtisodiy ittifoqqa ham a’zo. O’zbekiston va Turkmaniston bu tashkilotlardan chetda, ammo ittifoqchilik aloqalaridan emas.

Bu maqom Rossiya va O’zbekiston munosabatida rasman e’tirofda, tomonlar strategik sheriklik, yaqin ittifoqchilik aloqalari bo’yicha bitim imzolashgan. Neytrallik maqomidagi Turkmaniston, Prezident Sardor Berdimuhamedov ham lavozimdagi ilk rasmiy tashrifini Rossiyadan boshlagan edi.

Ukrainadagi urush Rossiya va Markaziy Osiyo o’rtasidagi rasmiy siyosiy aloqalarga soya tashlamagan bo’lsa-da, jamoatchilik darajasida sezilarli burilishlar qilmoqda.

Putinning Qozog’istonga safari ham bundan xoli emas. Qozoq faollari uning tashrifini norozilik aksiyasi bilan kutib olishdi.

Rossiyada e’lon qilingan harbiy safarbarlik natijasida minglab rossiyaliklarning mintaqaga kirib kelishi, Rossiyadagi millionlab mehnat muhojirlarining safarbarlik xavfi bilan to’qnashishi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga o’z ta’sirini o’tkaza boshlagani kuzatiladi.

Bu munozaralar soyasida Ostona sammitidan asosiy maqsad Markaziy Osiyoni Rossiyaning sodiq ittifoqchilari sifatida taqdim etish ekanligi ta’kidlanmoqda.

Mustaqil jurnalist, huquq himoyachisi Yusuf Ro’zimurodovga ko’ra, Rossiya- Markaziy Osiyo sammitini tashkil etish g’oyasi ortida Rossiya turgani ehtimol. Yakkalanayotgan Moskva ayni paytda ittifoqchilarga, harbiy texnik yordamga ham o’ta muhtoj.

“Bu sammit Moskvani, Putinni qo’llab-quvvatlash uchun tashkil qilinganiga shubha qilmasa ham bo’ladi. Ammo Putin shu bilan cheklanmaydi. Sammit doirasida mintaqa liderlari bilan Ukraina urushi muhokama qilingan, Putin harbiy texnikaviy yordamda Markaziy Osiyo davlatlariga umid qilmoqda. Rossiya e’lon qilgan safarbarlikka mintaqadan mutaxassislar, fuqarolar jalb qilinishi, hukumatlar bunga qarshilik qilmasligi muhokama qilingani ham ehtimol. Agar sammit arafasidagi vaziyatga diqqat qilsak, Rossiya Ukraina shaharlariga yoppasiga raketa hujumlari uyushtirdi, tahdidli bir fon yaratdi. Bundan maqsad Markaziy Osiyo liderlariga Rossiya qudratini namoyish qilish, shu bosim orqali o’z siyosatini o’tkazish”, - degan fikrda Ro’zimurodov.

Rossiya va Markaziy Osiyo sammitida Ukrainadagi urush masalasi muhokama qilinganiga doir ma’lumotlar yo’q.

Qirg’iziston Prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo uchun dolzarb qolayotgan muammo, mehnat muhojirlari qayddan o’tkazilishini soddalashtirish zaruriyatini ta’kidlagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy, transport, savdo alolqarini rivojlantirish tashabbuslarini olg'a surgan.

Sammit mezboni Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev so’nggi paytda nafrat va milliy adovat qo’zg’ovchi chiqishlar ko’paygani, bu kabi illatlarga qarshi turish uchun tomonlar o’rtasida yaqindan hamkorlik o’rnatilishi zarurligiga diqqat qaratgan.

Markaziy Osiyo-Rossiya sammiti tomonlarning hamkorlikka doir qo’shma bayonot imzolashi bilan o’z ishini yakunlagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG