Odatda global iqtisodiy muammolarni muhokama etish uchun mo’ljallangan “Katta Yigirmalik” anjumani bu gal G’arb davlatlari tashabbusi bilan siyosiy platformaga aylandi. Ukrainani qo’llab-quvvatlayotgan bu mamlakatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilmagan va u bilan savdo qilayotgan davlatlarni Balidagi sammitda o’z tomoniga og’dirishga, yakuniy bayonotga Rossiya harakatlarini qoralovchi matnni kiritishga urinib ko’radi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Indoneziyaga bormadi. Ukraina “Katta Yigirmalik”ka kirmasa-da, uning rahbari Vladimir Zelenskiy ham anjumanga taklif etilgan edi, biroq u fikridan qaytib ishtirokchilarga virtual murojaat qilishga qaror qildi.
Zelenskiy guruhni “Katta o’n to’qqizlik” deb atadi, ya’ni Rossiyani hisobga olmadi. U Zaporojyedagi atom elektrostansiyasini Ukraina va Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma nazoratiga topshirishni talab qildi, Rossiyani asossiz urush va terrorda aybladi, ishtirokchi davlatlarni Rossiyani yadroviy shantajdan voz kechishga ko’ndirishga chaqirdi.
Anjumanda Rossiya delegatsiyasini boshqargan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G’arb mamlakatlarini “Katta Yigirmalik”ning qo’shma bayonoti mazmunini siyosiylashtirish harakatida aybladi.
Lavrov Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan fikr almashganini aytib, Kiyev muzokaralardan qochayotganiga, imkonsiz shartlar qo’yayotganiga ishora qildi.
Dushanba kuni BMT Bosh Assambleyasida rezolyutsiya qabul qilinib, 193 mamlakatdan 94 tasi Rossiya Ukrainaga urush uchun reparatsiya to’lashi kerakligi uchun ovoz berdi.
Hujjatda aytilishicha, Rossiya noqonuniy harakatlari uchun javobgar bo’lishi, urushdan ko’rilgan zararni qoplab berishi kerak. Rezolyutsiya, shuningdek, a’zo davlatlarga Ukraina bilan hamkorlikda Rossiyaga qarshi dalillarni qayd etishni tavsiya etadi.
Bosh Assambleya hujjatlari ijro uchun majburiy emas, biroq siyosiy ta’sir kuchiga ega.
14 ta mamlakat, jumladan Xitoy va Eron, unga qarshi ovoz berdi; Braziliya, Hindiston, Janubiy Afrika, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va yana 67 ta davlat betaraf bo’ldi, yana bir nechtasi ovoz berish jarayonida qatnashmadi.
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibining o’rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedevning aytishicha, BMT a’zo davlatlarga AQShdan ham Koreya, Vyetnam, Iroq, Yugoslaviya va boshqa mamlakatlardagi urushlari uchun reparatsiya undirishni tavsiya qilishi kerak, aks holda bu tashkilotdan foyda yo’q, Rossiya esa BMTsiz ham faoliyat yuritishi mumkin.
Kreml G’arbning muzlatilgan Rossiya pullarini Ukrainaga reparatsiya uchun to’lashga qaratilgan qadamlarini tanqid qilib, buning oldini olishga harakat qilishini bildirdi.
Rossiyaning 300 milliard dollardan oshiq xalqaro zaxiralari G’arb banklarida muzlatilgan. Moskva buni qaroqchilik deb atagan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, G’arbning BMTdagi harakatlari “qaroqchilikni rasmiylashtirishga qaratilgan”.
Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam berayotgan Yevropa Ittifoqi qurol-yarog’ zaxirasi kamayib borayotganini bildirar ekan, tashkilot tashqi siyosatiga mas’ul Jozep Borrelning aytishicha, zaxirani to’ldirish uchun a’zo davlatlar bir-biri bilan raqobatlashishi emas, hamkorlik qilishi kerak.
"Vaksina bilan bo’lgan vaziyatning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Birga harakat qilsak, yaxshiroq narx, yaxshiroq sifatga tezroq ega bo’lamiz”, - dedi u.
AQSh va Yevropa mamlakatlari fevral oyidan beri Ukrainani qurol va harbiy texnika bilan ta’minlab keladi. Yevropa Ittifoqiga ko’ra, qurol savdosi bobidagi raqobat narxlarning ko’tarilishiga olib kelyapti.
Bu o’rtada Germaniya Mudofaa vazirasi Kristin Lambrext Slovakiyada Kiyevga yetkazilgan qurol va harbiy texnikani ta’mirlash va xizmat ko’rsatish markazi ochilishi haqida ma’lum qildi.
"Bu jang maydonida zarar ko’rgan barcha texnikani zudlik bilan ta’mirlash uchun zarur”, - dedi u.
Lambrextga ko’ra, Berlin 5000 ukrainalik askarni Germaniyada harbiy tayyorgarlikdan o’tkazmoqchi.
Yakshanba kuni Qatarda futbol bo’yicha jahon chempionati boshlanishidan oldin FIFA prezidenti Janni Infantino musobaqa paytida Ukrainada harbiy harakatlarda tanaffus e’lon qilishni taklif etdi.
“Futbol hammani birlashtiradi. Jahon rahbarlaridan hech bo’lmaganda jahon chempionati davrida sulh e’lon qilishni so’rayman. Rossiya oldingi jahon chempionatining mezboni. Ukraina esa Ispaniya va Portugaliya bilan 2030-yilgi chempionatga mezbonlik qilish uchun da’vogarlardan. Quvonch va birlikka chorlovchi Jahon kubogi o’yinlari umidga ham turtki berar”, - dedi FIFA rahbari.
Facebook Forum