Xitoy Kommunistik partiyasi syezdining ochilish marosimida so’zlagan Prezident Si Zinpin harbiy sohani jadal rivojlantirishga chaqirdi, shuningdek, koronavirusni jilovlash bo’yicha kuchli cheklovlar davom etishini, AQSh bilan aloqalarda ziddiyatlarga olib kelgan siyosat o’zgarmasligini ta’kidladi.
“Keyingi besh yil hal qiluvchi davr bo’ladi”, - deydi uchinchi bor besh yillik muddatga kompartiya bosh kotibi bo’lib qolishi kutilayotgan Si.
Syezd oldidan Pekinda xavfsizlik choralari nihoyatda kuchaytirilgan, yo’llar yopiq. Shunday bo’lsa-da, ayrim fuqarolar turli yo’llar bilan noroziligini bildirmoqda.
Poytaxtning Xaydian tumanidagi magistralda kimdir Zinpin “diktator” deb yozilgan, fuqarolarni ish tashlashga chaqirgan banner osib ketgan. Xitoyda voqea tasvirlangan onlayn postlar, suratlar tezda bloklandi.
2300 delegat ishtirokida o’tayotgan bir haftalik qurultoyda Zinpin Tayvan haqida shunday dedi:
“Biz separatizm va aralashuvga qarshi qat’iy kurash olib bordik. Davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish hamda Tayvan mustaqilligiga qarshi turish borasida qobiliyatimizni namoyish etdik”.
Ko’k niqob taqqan delegatlar uning so’zlarini gulduros qarsaklar bilan olqishladi.
96 million a’zoga ega Kommunistik partiya, deydi Si, “insoniyat tarixida qashshoqlikka qarshi kurashda eng yirik g’alabaga erishdi”.
Kuzatuvchilarga ko’ra, oxirgi 10 yilda Si Zinpin Xitoyni avtoritar yo’lga boshlab, xavfsizlik, iqtisodiyot ustidan davlat nazorati, agressiv diplomatiya va harbiy o’sishni prioritet deb belgilagan. Amaldagi siyosatda sezilarli o’zgarishlar kutilmayapti.
“Biz yuqori darajadagi sotsialistik iqtisodiy tizimni barpo etishimiz lozim. Mulkchilik tizimini sobitqadamlik bilan mustahkamlash va rivojlantirish, xususiy iqtisodiyotni rag’batlantirish, resurslarni taqsimlashda bozorga hal qiluvchi o’rinni berish va hukumat rolini oshirish yo’lidan boramiz”, - deydi Si.
Unga ko’ra, Xitoyning kovid bo’yicha strategiyasi xalqaro maqtovlarga sazovor bo’lgan. Ko’pchilik xitoyliklar va investorlar keng norozilikka olib kelgan, iqtisodiy o’sishga putur yetkazgan cheklovlar yumshatilishiga umid qilgan edi.
Ayni paytda Xitoyning G’arb bilan munosabatlari sovuqlashgan, bunga Sining Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni qo’llab-quvvatlashi ham hissa qo’shgan.
2018-yilda Xitoyda prezidentlik muddati bekor qilingan. Syezdda Si partiya bosh kotibi, shuningdek, Markaziy harbiy komissiya raisi etib yana tasdiqlanishi kutilmoqda.
Facebook Forum