Breaking News

AQSh generali: Xitoy tahdidlari oshmoqda


Xitoy harbiylari, Shanxay, Xitoy, 2022-yil, 17-iyun.
Xitoy harbiylari, Shanxay, Xitoy, 2022-yil, 17-iyun.

So'nggi besh yil ichida Xitoy armiyasining tajovuzkor xatti-harakatlari sezilarli darajada oshgan. Bu haqda AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Mark Milli Indoneziyaga safari davomida xabar berdi.

Milllining aytishicha, Xitoy samolyotlari va kemalari Tinch okeani mintaqasida AQSh va boshqa hamkor kuchlarga tegishli harbiy texnikalarga xavfli darajada yaqin kelgan va bunday to’qnashuvlar soni 2014-yildan beri keskin oshgan.

Millining bu bayonoti AQSh mintaqada o'z ta'sirini kengaytirishga harakat qilayotgan Xitoyga qarshi muvozanat yaratish maqsadida Tinch okeani davlatlari bilan munosabatlarini mustahkamlashga urinayotgan bir paytda yangradi. Bayden ma'muriyati Xitoyni Amerika xavfsizligi uchun uzoq muddatli muammo deb biladi.

Millining mintaqaga safari davomida kelasi hafta Avstraliyada bo'lib o'tadigan Hind-Tinch okeani mudofaa yetakchilarining yig'ilishida ishtirok etadi. Anjumanda Xitoyning kuchayib borayotgan harbiy qudrati va Tinch okeanini erkin, ochiq va tinch saqlash masalalari muhokama qilinadi.

AQSh harbiylari, shuningdek, Xitoyning o'zini o'zi boshqaradigan orol davlat Tayvanga bostirib kirishi ehtimoli haqida xavotir bildirmoqda. Xitoy Tayvanga qarshi harbiy provokatsiyalarini kuchaytirayotgani, uni o’ziga qo’shib olish niyatida ekani da’vo qilinadi.

AQSh harbiylariga ko’ra, Pekin 2027-yilgacha orolni o’ziga qo’shib olish niyatida. AQSh Tayvanning bosh ittifoqchisi va mudofaa qurollarini yetkazib berish bo’yicha Vashington asosiy ta’minotchi hisoblanadi.

Xitoy qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Li Zuocheng shu oy boshida Milliga qoʻngʻiroq qilib, Pekin Tayvan masalasida murosaga bormasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar “AQSh-Tayvan harbiy til biriktiruvini to‘xtatishi va Xitoy-AQSh aloqalari va Tayvan bo‘g‘ozidagi barqarorlikka ta’sir qilmasligi” kerak.

AQSh va ittifoqchi davlatlar xavotiriga ko’ra, Pekin Solomon orollari bilan aprel oyida imzolagan xavfsizlik shartnomasi ortidan Tinch okeani janubida Xitoy harbiy-dengiz bazasini tashkil etishi mumkin. AQSh va Avstraliya Xitoy harbiy bazasinining bu hududga joylashtirilishiga toqat qilmasligini Solomon orollariga bildirgan.

“Xitoy butun mintaqa bo'ylab o'z ta'sirini kengaytirishga harakat qilmoqda. Bu mintaqadagi ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz uchun foydali bo'lmagan oqibatlarga olib keladi", - dedi Milli.

Bayden ma'muriyati Xitoy tas’rini jilovlash maqsadida Hind-Tinch okeani davlatlari bilan harbiy va xavfsizlik munosabatlarini kengaytirish choralarini ko'rmoqda.

Milli Xitoy hamda AQSh va ittifoqdosh davlatlar samolyotlari va kemalari o’rtasida yuz bergan xavfli yaqinlashuvlar haqidagi aniq raqamlarni taqdim etishdan bosh tortdi. AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham o'tgan oy Singapurda qilgan chiqishida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi samolyotlari va kemalari tomonidan xavfli yaqinlashuvlar soni ortgani haqida xabar bergan edi.

Ostin, xususan, fevral oyida Xitoy harbiy-dengiz kuchlari kemasi Avstraliyaning P-8 dengiz patrul samolyotiga lazer yo'naltirgan voqeaga ishora qildi. Shuningdek, Kanada tomonidan boshqariladigan kuzatuv samolyoti yaqinda xalqaro havo hududida Xitoy qiruvchi samolyoti tomonidan ta’qib qilingan. Bundan tashqari, AQSh kemalari tranzit paytida, xususan, Janubiy Xitoy dengizidagi sun'iy orollar atrofida muntazam ravishda Xitoy samolyotlari va kemalari tomonidan ta'qib qilinadi.

Yakshanba kuni Indoneziya Milliy Mudofaa Kuchlari boshlig'i general Andika Perkasa bilan uchrashgan Millining aytishicha, Indoneziya kabi Tinch okeani davlatlari AQSh harbiylarining mintaqada faolroq bo’lishini istamoqda.

"Biz ular bilan hamkorlikni rivojlantirish va qo'shinlarimizni birgalikda modernizatsiya qilish niyatidamiz, - dedi Milli. - Toki ular Xitoydan keladigan har qanday qiyinchilikka dosh bera olishlari uchun”.

AQSh harbiysining so‘zlariga ko‘ra, Indoneziya mintaqa uchun strategik jihatdan muhim va uzoq vaqtdan beri AQShning asosiy hamkori bo‘lib kelgan.

Joriy yilning boshida AQSh Indoneziyaga 13,9 milliard dollarlik ilg'or qiruvchi samolyotlar sotishni ma'qullagan edi. O'tgan yili dekabr oyida Jakartada Blinken AQSh va Indoneziya o'rtasida kengaytirilgan qo'shma dengiz mashqlari bo'yicha kelishuvlarni imzolagan.

Xitoy Amerikani “Osiyo NATOsi”ni qurishga urinayotganlikda ayblab, AQShning mintaqada ta’sir doirasini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qoraladi. Singapurdagi nutqi davomida Ostin bu da'voni rad etib, “Biz yangi Sovuq urushni boshlashni, Osiyo NATOsi qurishni yoki dushman bloklarga boʻlingan mintaqaga ega bo’lishni istamaymiz”, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG