Breaking News

“Katta Yettilik”ning infratuzilma rejasi Xitoyning "Kamar va yo'l tashabbusi" bilan raqobat qila oladimi?


Hafta boshida “Katta Yettilik” guruhiga a’zo mamlakatlar rivojlanayotgan davlatlar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan 600 milliard dollarlik tashabbusni e’lon qildi. Loyiha Xitoyning “Kamar va yo’l tashabbusi”ga muqobil va raqib deya ko’rilmoqda.

Xalqaro hayot - 30-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:03 0:00

"Biz boshlayotgan bu ish tubdan o’zgacha bo’lib, unga bosh bo’lgan mamlakatlar va tashkilotlarning umumiy qadriyatlariga asoslangan. Dunyoda ish yuritishning eng a’zo amallariga asoslangan – shaffoflik, hamkorlik, ishchilar va atrof-muhit himoyasiga”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.

Tashabbus uchun ajratilayotgan 600 milliard dollarning uchdan birini Amerika beradi, qolganini “Katta Yettilik”ka a’zo badavlat mamlakatlarning yana oltitasi. Bu “Katta Yettilik” rahbarlarining yil boshida e’lon qilgan “Yaxshiroq dunyo quraylik” dasturining davomi ekani aytilmoqda.

“G’arb infratuzilma loyihasi orqali o’z tashqi siyosatini kengaytirishga qaratilgan bunday vositalarni uzoq yillardan beri ishlatgani yo’q. Hozir mana shu qo’shma loyihani amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilishyapti”, - deydi Vashingtondagi Brukings instututi tahlilchisi Den Xamilton.

“Katta Yettilik”ning ushbu tashabbusi Xitoy sarmoyalari yetib bormagan raqamli aloqa, jinsiy tenglik, salomatlik, iqlim, energetika xavfsizligi kabi sohalarga urg’u beradi.

G’arb siyosatchilari Pekinning “Yo’l va kamar” tashabbusini tanqid qilarkan, uni rivojlanayotgan mamlakatlar uchun Xitoy ta’sirini kuchaytirishni maqsad qilgan “qarz qopqoni” deb atashadi.

Biroq bunday davlatlar uchun G’arbning mehnat va ekologiya andozalariga rioya qilish oson bo’lmasligi aytilmoqda.

“Xitoy sarmoyalarining osonlikcha ajratilishi ko’p davlatlar uchun jozibalidir, chunki rivojlanayotgan mamlakatlar infratuzilma uchun pulni tez olishni istaydi”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Lukas Mayers.

Pekin “Katta Yettilik” tashabbusini Xitoyga qarshi yondashuv sifatida ko’rmoqda.

"Geosiyosiy hisob-kitoblarni o’z ichiga olgan, infratuzilma taraqqiyotini targ’ib qilish shiori ostida “Kamar va yo’l tashabbusi”ni badnom qilishga qaratilgan harakatlarga qarshimiz”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Litzyan.

Xitoyning to’qqiz yil oldin e’lon qilingan tashabbusida salkam 150 mamlakat qatnashmoqda; umumiy qiymati 3,7 trillion dollar bo’lgan 2600 dan ziyod loyiha amalga oshirilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG