Breaking News

Bayden Yevropaga yo'l olmoqda. Ukraina, oziq-ovqat xavfsizligi, global iqtisodiyotni muhokama qiladi


AQSh Prezidenti Jo Bayden Yevropaga yo’l olmoqda. Hafta oxirida Germaniyada “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti o’tkaziladi. Tabiiyki, Ukrainadagi vaziyat, global iqtisodiy muammolar, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi muhokama etiladi.

Xalqaro hayot - 24-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:58 0:00

Oq uy rasmiylariga ko’ra, “Katta Yettilik” Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusiga o’xshash global infratuzilma sherikligini ta’sis etmoqchi.

Shundan so’ng Bayden Ispaniyada NATOning joriy yildagi ikkinchi yig’ilishida qatnashadi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy har ikki tadbir ishtirokchilariga virtual murojaat qilishi kutilmoqda.

30 mamlakatdan iborat harbiy alyans Rossiyaning Ukrainaga hujumiga to’siq qo’ya olmagach, Ukrainani qurol bilan ta’minlashga kirishdi, Rossiyaga nisbatan mislsiz iqtisodiy sanksiyalar joriy etildi.

Sammit davomida alyans maqsadlariga o’zgartirish kiritilishi mumkin, deydi tahlilchilar.

“Kun tartibiga ko’plab masalalar kiritilgan. Strategik konsepsiya qabul qilinishi kutilyapti. Ya’ni NATO kelasi 10-15 yildagi maqsadlarini bayon qiladi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti Ketlin Makinnis.

Sammitda Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zolik uchun arizasi xususida ham muhokamalar bo’ladi.

Ma’lumki, Turkiya har ikki mamlakatni Anqara terrorchi deb bilgan kurdlarga boshpana berganlikda ayblab, a’zolik jarayoniga to’siq qo’ydi.

Turkiya bu davlatlarga aksilterror qonunlarni kuchaytirish, bu mamlakatlarda panoh topgan ayrim shaxslar, jumladan bir necha kurd jurnalistini unga topshirish, Turkiyaga qurol savdosiga qo’yilgan cheklovlarni bekor qilish talabini qo’ygan.

Yig'inlarda Kaliningrad masalasi va Rossiyaning ehtimoliy choralari ham ko'rilishi mumkin.

Litva Rossiyaning Yevropa Ittifoqi qora ro’yxatiga tushgan ayrim mahsulotlarini temir yo’l orqali Kaliningradga o’tkazishdan bosh tortgach, Moskva Vilnyus qarorini “qamal” deb atab, chora ko’rilishini bildirgan.

Ayrim kuzatuvchilar Rossiya Kaliningradni ittifoqchi Belarusga ulovchi Suvalki koridoriga qo’shin kiritishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Polsha va Litva o’rtasida joylashgan uzunligi 70 kilometrlik tor hudud Rossiya nazoratiga o’tsa, Boltiq davlatlari Yevropadan kesilib qolishi mumkin.

Estoniya Bosh vazirasi Kaya Kallas AQSh va NATOdan Litva, Latviya va Estoniyaga 20-25 mingtadan qo’shin kiritishni so’ragan.

Ikkinchi jahon urushi yakunida bungacha Sharqiy Prussiya poytaxti bo’lgan Kenigsberg shahri SSSR tarkibiga o’tkazilib, uning nomi Kaliningradga o’zgartiriladi. Sovet Ittifoqi tarqalganidan so’ng Litva mustaqilligining tan olinishi evaziga Rossiyaga Kaliningradga o’z hududi orqali temir yo’l qatnoviga to’siq qo’ymaslik kafolatini beradi.

Kreml Litvani ana shu kelishuvni buzganlikda ayblamoqda.

Mustaqil davlatlar hamdo’stligi mudofaa vazirlari kengashining bugun Moskvada o’tgan majlisidan oldin belorus hamkasbi bilan uchrashgan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, ikki ittifoqdosh mamlakat mudofaa salohiyati, qo’shinlar tayyorgarligi va umumiy havo mudofaasi tizimini kuchaytirishga qaratilgan tezkor choralarni amalga oshirishga kirishadi.

Shoyguning ushbu bayonoti Kaliningrad masalasi bilan bog’liqmi, yo’q, ma’lum emas.

Vaziyatning keskinlashayotganidan tashvishlangan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Jozep Borrel tashkilot Kaliningrad sharoitini hisobga olib, sanksiya siyosatini qayta ko’rib chiqishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG