Breaking News

Si Zinpin Xitoy rahbari sifatida uchinchi muddatni boshladi


Kommunistik partiyaning 20-milliy kongressi ketidan Si Zinpin matbuot bilan uchrashdi, 23-oktabr, 2022
Kommunistik partiyaning 20-milliy kongressi ketidan Si Zinpin matbuot bilan uchrashdi, 23-oktabr, 2022

10 yildan beri Xitoyni boshqarib kelayotgan Si Zinpin yana kamida besh yil hokimiyatda qolishi Pekin va mamlakat bo'ylab hammani ham xursand qilayotgani yo'q, biroq Kommunistik partiya qarori rasmiy matbuotda keng olqishlanmoqda.

“Ko'plar uni bilmaydi, lider xalqdan juda uzoq", - deydi Lea ismli xitoylik.

“O'tgan davrda ish haqi oshdi. Inflyatsiya ham ko'tarildi, hamma narsa qimmat. Si Zinpindan foyda ko'rdik, deya olmayman".

Sining koronavirusga qarshi keskin choralari ham omma orasida kuchli norozilikka sabab bo'lgan. Iqtisodiy zarar sabab ish o'rinlari kamaygan.

“Pandemiya hamma joyda tugadi, biroq Xitoyda cheklovlar hamon amalda", - deydi Lea.

Si komandasini yangilagan va Xitoyni yangi bir davrga olib kirishni va'da qilgan, xususan ishsizlikni ozaytirish, uy-joy ta'minoti, mulkka soliqni tushirish, sinflar orasidagi tavofutni kamaytirish.

Xitoy matbuoti, 24-oktabr, 2022
Xitoy matbuoti, 24-oktabr, 2022

Fujian viloyatida biznes qiladigan Zu Shengyi soliq tizimi isloh qilinadi, degan umidda.

“Kambag'allarga yordam berish kerak. Iqtisodiy adolat kerak bizga", - deydi Zu.

Si rahbarlikda qolishiga u qarshi emas, ammo va'dalar bajarilishini ham kutmoqda. Prezident atrofida faqat u ishongan odamlar, deya kuzatadi tadbirkor.

O'zgacha fikrdagilar hukumatda yo'qligini boshqalar ham qayd etadi.

“Hokimiyatda birlik bo'lishi kerak", - deydi Zu.

Kommunistik partiyaning 20-milliy kongressi oldidan prezident unga biror jihatdan qarshi chiqishi mumkin bo'lganlarni ishdan chetlashtirdi, degan da'volar keng tarqalgan.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan yana bir xitoylik Siga 2018-yilgacha ishonganini aytadi.

Pandemiyaga qarshi ko'rilgan choralar shu qadar keskinki, odamlar ko'chaga chiqa olmay och qolyapti, deya hikoya qiladi u. Hukumatga ko'ra esa bu choralar millionlab insonlar hayotini asrab qolgan.

Shanxay ko'chalarida, 7-iyun, 2022
Shanxay ko'chalarida, 7-iyun, 2022

“Xitoy 1960-70 yillarga qaytayotgandek. Cheklovlar, cheklovlar, hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham", - deydi yosh xitoyliklardan biri, xavfsizlik organlarini fuqarolarni yaqindan va zimdan kuzatishini aytar ekan.

Xitoy hukumati bloklarni chetlab o'tishda qo'l keladigan programmalarni ham man eta boshlagan. Pekin inqilob va G'arb ta'siridan xavotirlanadi, deya eslatadi tahlilchilar.

Xitoyda xususiy ta'lim ham cheklana boshlagan. Bolani alohida o'qitish uchun o'qituvchi yollashni hukumat qoralaydi. Mutasaddilarga ko'ra, repetitorlar jamiyatda tengsizlikni kuchaytiradi, chunki qimmat va xususiy muallimlarga hammaning ham qurbi yetmaydi. Tanqidchilar esa bu kabi cheklovlar Xitoyni innovatsiya va taraqqiyotdan uzoqlashtiradi, deydi.

Si, boylar nazarida, ularga qarshi qadamlar tashlamoqda. Rahbariyat buni inkor etadi. Soliq tizimi adolatli bo'lishi kerak, deya bildiradi Si idorasi.

Prezident deydiki, Xitoyda sotsialist bozor iqtisodiyoti rivojlanaveradi, biroq "pulga sig'inishga yo'l qo'yilmaydi".

“Qonuniy topilgan boylikni himoya qilamiz, noqonuniysiga qarshi chora ko'ramiz. Kimdir haddan tashqari boyib ketsa, to'g'rilaymiz", - deydi Si.

Tadbirkor Xu "Si nimaga ishora qilayotganini bilaman", - deydi.

“Hozir bir odam 10 mulk sotib olib, boshqalar uysiz".

Xu Xitoyning Gongkong singari qimmat va kapitalist muhitga aylanishini xohlamaydi.

Lea esa Xitoyda tenglik bo'lishini istaydi, jumladan mamlakat bo'ylab ish izlab yuradigan insonlar uchun.

Xitoyda odamlar qayerda ro'yxatda tursa, o'sha yerdagi xizmatlardan foydalana oladi, deya tushuntiradi Lea, bu esa odamlarni o'z yurtida muhojirga aylantirib qo'yadi. Boshqa viloyatlarga borib mehnat qilayotganlar u yerdan zarur yordam olishi bag'oyat qiyin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG