Breaking News

Tinch okeanidagi orollar – AQSh va Xitoy o’rtasida raqobat maydoni


AQShning "USS Antietam" kemasi, Tayvan bo'g'ozi
AQShning "USS Antietam" kemasi, Tayvan bo'g'ozi

Vashingtonda bo’lib o’tadigan AQSh-Tinch okeani orollari sammiti oldidan AQShga tashrif buyurgan Palau bosh diplomati so’zlariga ko’ra, Xitoy bilan ziddiyatlar oshib borayotgan bir paytda Qo’shma Shtatlar so’nggi oylarda Palau bilan harbiy hamkorlikni oshirmoqda.

Davlat vaziri Gustav Aytaroning ta’kidlashicha, Xitoy Tayvanga bostirib kirgan taqdirda Tinch okeani bo’ylab muqobil yuk tashish yo’llarini topish kerak bo’ladi.

“Palauda radar tizimlari va aeroport qurish maqsadida AQSh harbiylari tez-tez qatnaydigan bo’lib qoldi. Bular xavfsizlik kafolati emas, lekin hech bo’lmaganda [tahdidni] bartaraf etuvchi choralardir”, - deydi Aytaro.

Tayvan bo’g’ozida mojaro yuzaga kelsa, deydi u, Palau orqali Yaponiyaga o’tish muqobil yo’l bo’ladi. Shuning uchun Palau, Yaponiya va AQSh bu borada gaplashib olishi lozim, deydi diplomat.

Palau Tayvan bilan diplomatik aloqa o’rnatgan kam sonli davlatlardan biridir.

Prezident Jo Bayden agar Xitoy Tayvanni kuch bilan egallashga urinsa, AQSh harbiy javob qaytarishini ta’kidlab kelmoqda.

“Asosiy maqsadimiz – Tayvan bo’g’ozi bo’ylab tinchlik va barqarorlikni saqlash, sog’lom muloqot va munozara davom etishini ta’minlash, vaziyat izdan chiqishiga yo’l qo’ymaslik”, - deydi Oq uy vakili Kurt Kembel.

Tayvan bo’g’ozi eng gavjum yuk tashish yo’llaridan biri hisoblanadi. 2022-yilda yirik konteyner tashuvchi kemalarning 88 foizi shu yerdan o’tgan.

“Erkin uyushgan”

Palau Respublikasi AQShning Guam hududlari yaqinida, Janubiy Xitoy dengiziga eng yaqin joylashgan “erkin uyushgan” davlatlardan biridir. Marshall orollari va Mikroneziya ham AQSh bilan bitim imzlogan “erkin uyushgan” davlatlar hisoblanadi.

Muddati tugayotgan bu bitimlarga ko’ra, Tinch okeanidagi orol davlatlar AQShdan yordam grantlari va xavfsizlik kafolati oladi, fuqarolari esa Amerikada vizasiz yashash va ishlash huquqiga ega.

AQSh o’z navbatida uchta orol davlatda harbiy bazalar qurish, ularga tegishli hududlar va suvlarga boshqa davlatlarni kiritmaslik huquqiga ega.

Sammit

28-29 sentabr kunlari Oq uy AQSh-Tinch okeani orollari sammitiga mezbonlik qiladi. Rasmiylarga ko’ra, tadbir Amerikaning orol mamlakatlar bilan dengiz xavfsizligi, iqlim o’zgarishi, erkin savdo kabi masalalarda doimiy hamkorligidan darakdir.

Orol davlatlar rahbarlari bilan Oq uyda Prezident Jo Bayden uchrashadi. Savdo palatasi, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Pentagon, Madaniy va tabiiy boyliklar vazirligi, Ichki xavfizlik vazirligi va Sohil xavfsizligi bosh idorasida uchrashuvlar rejalangan.

AQShning yuqori lavozimdagi rasmiylari Xitoyning Hind-Tinch okeanidagi harbiy faoliyati yuzasidan xavotir bildirib keladi. Kelasi hafta o’tadigan sammit, deydi ular, Vashingtonning orol davlatlarga nisbatan strategik yondashuvini belgilash rejasining bir qismidir.

AQSh Tinchlik institutiga ko’ra, o’nlab yillar davomida Vashington va Pekin e’tiboridan nisbatan chetda bo’lgan Tinch okeani orollari strategik raqobat maydoniga aylanib bormoqda, bu esa AQShning xavfsizlik manfaatlariga jiddiy ta’sir ko’rsatadi.

Institut hisobotida Pekin Solomon orollari bilan aprelda imzolagan xavfsizlik shartnomasiga ishora qilib deyiladiki, Xitoyning mintaqadagi ta’sirini cheklash uchun Vashington yaqin hamkorlari bilan aloqalarini kuchaytirishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG