Qozog’iston rossiyaliklar harbiy safarbarlikdan qochayotgan asosiy davlatlardan biriga aylanmoqda. Hozirgacha 100 ming atrofidagi rossiyalik bu mamlakatga kirib kelgan.
Qozog’iston jamoatchiligida jiddiy munozara qo’zg’ayotgan bu masalani Prezident Qosimjo'mart To’qayev ham tilga oldi. To’qayev imkonsiz vaziyatdan qochayotgan rossiyaliklarga yordam ko’rsatilishi, bu borada mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda Rossiya bilan muzokaralar yuritilishini aytdi.
Qozog’iston o’z chegaralarini yopish niyatida emas, ammo safarbarlikdan qochganlar qidiruvga berilgan taqdirda, ular Rossiyaga topshiriladi.
Safarbarlikdan qochayotgan rossiyaliklar oqimining jiddiy kuchayishi Qozog’iston jamoatchiligida jiddiy xavotirlar ham uyg’otayotgani kuzatiladi. Jarayonni yaqindan kuzatayotgan faollar hukumatni chegaralarni yopishga, rossiyaliklar oqimini cheklashga ham chaqirmoqda.
“Qozog’iston jamoatchiligi tashvishda, ular chegarani yopishni, oqimni to’xtatish, kelganlarni chiqarib yuborishni ham talab qilishmoqda. Kelayotganlarning hammasi ruslar. Rossiyadagi safarbarlik asosan ruslarni emas, rus bo’lmagan millatlarni qamrab olayapti. Diqqat qilsangiz, boshqirdlar, yoqutlar, qozoqlar, buryatlar, dog’istonliklar va boshqa ozchilik millatlar; ruslarning o’zi kam. Rossiya istasa, chegarani chivin uchib o’tolmaydigan qilib qo’riqlaydi. Lekin shunga qaramasdan oqim, xuddi Putinnning chiqishini kutib turgandek, safarbarlik e’lon qilinishi bilan boshlandi. Faqat ruslar kelyapti, ular bu yerda joylashib olganidan keyin, yana o’sha rus dunyosining bir qismiga aylanadi. Kreml istalgan paytda ulardan foydalanadi, Qozog’istonda shundoq ham rus dunyosi tarafdorlari yetarli. Ular o’z qarashlarini yashirib ham o’tirishayotgani yo’q”, - deydi qozoq muxolifatchsi Erjan Turg’unbay.
Rossiyadagi safarbarlik xavotiri O’zbekistonni ham chetlab o’tgani yo’q. Ammo bu Qozog’istondagi kabi O’zbekistonga kirib kelayotgan rossiyaliklar oqimi bilan emas, balki Rossiyada qolib ishlayotgan mehnat muhojirlari bilan bog’liq.
Rossiya hukumati mehnat muhojirlariga bir yillik harbiy shartnoma evaziga fuqarolik olishni, turli imtiyozlarni taklif qilmoqda.
O’zbekiston hukumati Rossiyadagi fuqarolarni uchinchi davlatdagi harbiy harakatlarga yollanganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligidan ogohlantirdi.
Mehnat muhojirlari taqdiriga doir xavotirlar esa asosan jamoatchilik faollari orasida muhokama qilinmoqda.
Rossiyadagi mehnat muhojirlari himoyasi bilan shug’ullanib kelayotgan huquqshunos Botirjon Shermuhammadning ta’kidlashicha, O’zbekiston hukumati Rossiyadagi muhojirlarni urushga tortish harakatlariga nisbatan o’zining keskin pozitsiyasini bildirishi kerak.
Facebook Forum