Breaking News

Ukrainadan g’alla eksportini ta’minlovchi kelishuv nega muhim?


Ukraina g’allasini jahon bozorlariga olib chiqish bo’yicha xalqaro kelishuv Rossiya bosqini natijasida yuzaga kelgan global oziq-ovqat inqirozini yumshatishda muhim rol o’ynaydi.

BMT and Turkiya vositachiligida erishilgan, Moskva va Kiyev imzolagan bu kelishuv shu yilning iyulida ishga tushgan. Fevralda urush boshlanganidan beri ilk bor don mahsulotlari xavfsiz dengiz koridori orqali eksport qilingan.

Kelishuv nega kerak?

Fevralda rus armiyasi hujumi ortidan Moskva Ukrainaning Qora dengiz portlarini qamal qilib, dunyoning yirik don eksportchilaridan bo’lgan Ukrainaga o’z hosilini bozorga olib chiqishiga yo’l bermadi.

Natijada 20 metrik tonna don omborlarda qolib ketdi, bu dunyo bo’ylab oziq-ovqat narxlari oshishiga sabab bo’ldi.

Urushdan oldin Ukrainadan bug’doy, makkajo’xori va kungaboqar eksportining 90 foizi dengiz orqali amalga oshirilar, kemalar asosan Odessadan yo’lga chiqar edi. Ko’plab rivojlanayotgan mamlakatlar bu mahsulotlarni Kiyevdan xarid qiladi.

Qishloq xo’jaligi mahsulotlari narxi kovid davrida ham o’sayotgan edi, biroq Ukrainadagi urush tufayli bug’doy va makkajo’xori bahosi Misr, Livan va Tunis kabi davlatlar ko’tara olmaydigan darajaga yetdi.

Nimani o’z ichiga oladi?

Kelishuv Ukraina janubi-g’arbidagi uch port – Odessa, Chernomorsk va Pivdenniydan don, oziq-ovqat va o’g’itlar, xususan, ammiak selitrasining xavfsiz eksportini ta’minlaydi. Mahsulot bilan to’ldirilgan ilk kema 1-avgust kuni yo'lga chiqqan.

BMT ma’lumotiga ko’ra, 1-noyabr holatiga ko’ra dastlabki uch oyda jami 9,7 million metrik tonna g’alla va boshqa mahsulotlar bozorga olib chiqilgan. Eksportning asosiy qismini bug’doy va makkajo’xori tashkil etadi.

Kelishuv 120 kunga mo’ljallangan bo’lib, 19-noyabrda muhlati tugaydi. Uni muzokarasiz avtomatik ravishda yangilash mumkin.

BMT bu hujjat global oziq-ovqat xavfsizligi uchun o’ta muhim deya qayd etib, uni bir yilga uzaytirishga chaqirmoqda. Tashabbus samara berayotgan bo’lsa-da, tashkilotga ko’ra, eksport miqdori urushdan oldingi davr bilan qiyoslaganda 40-50 foizga kam.

Sistema qanday ishlaydi?

BMT veb sahifasiga ko’ra, bitim doirasida Ukrainaning uch porti va Turkiya suvlaridagi bir hudud o’rtasida xavfsiz koridor tashkil etilgan. Kemalar bu hududda tekshiruvdan o’tib, safarini davom ettiradi.

Jarayon silliq kechishi va kelishmovchiliklarni hal qilish uchun Istanbulda qo’shma koordinatsiya markazi tashkil etilgan. Markazda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMTdan ikkitadan vakil bor.

Ular Turkiya hududida g’alla tashuvchi kemalarni inspeksiyadan o’tkazadi, ruxsat berilgan mahsulotlar tashilayotganini tekshiradi.

Ukrainaga qaytayotgan bo’sh kemalar ham tekshiruvdan o’tadi. Ularda qurol-yarog’, taqiqlangan tovarlar va odamlar yo’qligiga ishonch hosil qilish uchun.

Xavfsiz koridor

Koridor bo’ylab harakatlanayotgan kemalar atrofida 10 dengiz miliga teng bufer zona tashkil etilgan. Ushbu radiusda harbiy kemalar, jihozlar va dronlar bo’lishi taqiqlangan.

Kemalar harakati qo’shma koordinatsiya markazi tomonidan qayd etilib, bu ma’lumot har qanday hodisalarni bartaraf etish uchun tegishli harbiy organlarga ham jo’natiladi. Qonunbuzarlik va tahdidlar haqida markazga xabar beriladi.

Urushning ilk kunlarida Ukraina Rossiyaning dengizdan hujumlarini bartaraf etish uchun Qora dengizdagi portlarini minalashtirgan edi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu hududlarni minalardan tozalash uzoq vaqt talab qiladi.

Shu bois mina maydonlarini chetlab o’tish, hududiy suvlarga kirish va chiqishni ta’minlaydigan xavfsiz marshrutlar bo’ylab kemalarni boshqarish ukrainalik dengizchilarga topshirilgan.

Kelishuv qisqa muddatga to’xtatildi

29-oktabr kuni Rossiya Ukrainani Qrimdagi Sevastopol portiga dronlar bilan hujum qilganlikda ayblab, kelishuvda ishtirokini to’xtatishini bildirdi.

Rossiya va Turkiya mudofaa vazirlarining telefon muloqotidan so’ng 2-noyabr kuni kelishuv qayta kuchga kirdi. Moskvaning bildirishicha, Kiyev Rossiya kuchlariga hujum qilish uchun xavfsiz koridordan foydalanmaslik to’g’risida yozma kafolat bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG