Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) xalqaro tashkiloti Qozog'iston hukumatini uning hududida yashaydigan, undan boshpana so'ragan va hatto ayrimlari allaqachon fuqarolikka kirgan qoraqalpoq faollarni ta'qib etmaslikka va aslo O'zbekistonga topshirmaslikka chaqirmoqda.
"Bu insonlar O'zbekistonda sudlanishi, qiynoqqa solinishi mumkin", - deya ogohlantirmoqda HRW.
Ayni damda hibsdagi to'rt aktivist Qozog'istonga yillar oldin kelgan va asosiy faoliyati bu respublikada, deyiladi tashkilot chiqargan bayonotda. Ular Qoraqalpog'iston suverenitetini targ'ib qilgan.
Lekin Toshkent nazarida aynan shunday faollar 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog'iston ma'muriy markazi Nukusda qon to'kilishiga sabab bo'lgan.
Konstitutsiyaning Qoraqalpog'istonga tegishli moddalari o'zgarishiga qarshi chiqqan minglab fuqarolarning ayrimlari, O'zbekiston hukumati xulosasicha, tashqi kuchlar, ya'ni xorijdagi faollarning undovi bilan tartibni buzgan va tinchlikka raxna solgan.
Voqealarda 21 kishi o'lgan, 240 dan oshiq odam jarohatlangan. 100 ga yaqin qoraqalpoq hibsda. Shu kungacha yuzlab kishi afv etilib, qo'yib yuborilgan.
Bosh prokuratura tergovni davom ettirar ekan, qo'shni davlatlardagi, xususan Qozog'istondagi ayrim qoraqalpoqlar qidiruvda.
"Bu aktvistlarni O'zbekistonga topshirsa, Qozog'iston xalqaro qonunlarga zid qadam tashlagan bo'ladi", - deydi Mira Ritman, HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh eksperti.
Toshkent iltimosiga yo'q deb, Ostona ularni qo'yib yuborishi kerak, deydi Ritman.
Almatida 13-sentabr va 5-oktabr orasida hibsga olinganlar: Koshkarbay Toremuratov, 47 yoshli bloger; Jangeldi Jaksimbetov, 53 yoshli muxolifatchi; Raisa Xudaybergenova, 55 yoshli kardiolog va Ziyuar Mirmanbetova, 46 yoshli aktivist.
Ularga aynan qanday ayblovlar qo'yilayotgani ma'lum emas. Lekin HRW taxminicha, bu qoraqalpoqlar O'zbekiston davlatiga qarshi jinoyatlarda gumon qilinmoqda.
Almati sudi hibsdagi qoraqalpoqlarni hozircha panjara ortida saqlashga qaror qilgan, kamida 40 kun.
Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo'yicha Qozog'iston xalqaro byurosiga ko'ra, ular bir yilgacha hibsda qolishi mumkin, biroq O'zbekiston tomon ular ekstraditsiya qilinishi uchun harakatni oshirgan. Byuro faollarni himoya qilmoqda.
Yuqorida qayd etilganlarning hammasi Qozog'istondan siyosiy boshpana so'ragan insonlardir. Bu degani ular respublika qonunlari himoyasida, deya eslatmoqda Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo'yicha Qozog'iston xalqaro byurosi.
Qozog'iston - BMTning bu boradagi konvensiya va protokollariga qo'shilgan davlat. Ularga binoan mamlakatdan hech kim qamoqqa olinishi yoki qiynoqqa solinishi mumkin bo'lgan yurtga majburan yuborilmasligi shart.
HRW nazarida O'zbekiston hamon qiynoqlar makoni. Buni BMT xulosalari ham tasdiqlaydi, jumladan 2020-yilning martida BMT Inson huquqlari qo'mitasi teshiruvlariga asoslanib, respublikada huquq-tartibot organlari insonlarni azoblashni to'xtatmagan, deya xulosa qilgan.
Xalqaro qonunlar O'zbekiston va Qozog'iston orasidagi kelishuvlardan ustundir, deya ta'kidlamoqda HRW.
Facebook Forum