Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti O'zbekiston hukumatini Qoraqalpog'istonda internetni tiklashga va adolatni ta'minlashga chaqirmoqda.
"O'zbekiston hukumati axborot erkinligini hurmat qilishini da'vo qiladi. Hozirgidek tarang vaziyatlarda bu huquq norma bo'lishi kerak", - deydi Hyu Uilyamson, HRW mintaqaviy direktori.
Tashkilot e'tiborni tasdiqlanmagan, ammo ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyilgan videolarga qaratib, u yerda aks etgan zo'ravonlik va qon to'kilishlari yuzasidan hisobot talab qilmoqda. Nukusdagi voqealar, xavfsizlik organlari olib borgan operatsiyalar tekshirilishi shart va xalq bu borada bilishi kerak, deya undaydi Uilyamson. U va boshqa huquq himoyachilari namoyishlarda odamlarga nisbatan kuch ishlatilmasligi lozim ekanini eslatmoqda.
Bugun Nukus ahli bilan uchrashib, vaziyatni muhokama qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev keltirilgan zarar va o'lgan fuqarolar haqida gap ochdi. Biroq qancha odam hibsda ekani va halok bo'lganlar soni xususida hanuz ma'lumot berilmagan.
"Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor", - deydi Mirziyoyev.
Prezidentning tasvirlashicha, "bir guruh shaxslar 2022 yil 1-iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi".
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ko'plab videolar 1-iyuldan 2-iyulga o'tar kechasi Nukusning turli qismlarida sodir bo'lgan ishlardan darak ekanini da'vo qiladi. Hukumat tashqi kuchlar soxta tasvirlar tarqatib, O'zbekistonga qarshi propaganda olib bormoqda, deya ommani ularga aldanmaslikka undamoqda.
2-iyul kuni Nukusda Jo'qorg'i Kenges, Qoraqalpog'iston parlamenti va rahbariyati bilan gaplashib, o'lka xalqiga murojaat qilar ekan, Mirziyoyev O'zbekiston konstitutsiyasida avtonomiyaga tegishli moddalar o'zgarmasligini aytdi.
“[Konstitutsiya] faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi va takomilga yetkaziladi",- deydi prezident.
Loyiha referendumga qo‘yiladi va ma'qullangachgina qonuniy kuchga ega bo‘ladi, deydi u.
Mirziyoyev deydiki, 2-iyul kuni Nukusning asosiy ko‘chalarida buzg‘unchilik harakatlarni davom etgan.
"Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi".
Shahar bo‘ylab yurish davomida ular infratuzilma obyektlariga sezilarli darajada zarar yetkazgan, deydi prezident. "Binolarning oynalarini sindirib, yong‘inlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi".
Mirziyoyev ta'kidlashicha, namoyishchilar son jihatdan ustun bo'lgan va huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilib, kaltaklagan, og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.
"Amerika Ovozi" bu voqealar yuzasidan mustaqil va ishonchli tomonlardan axborotga ega emas. Aloqa va axborot oqimi cheklangan muhitda hukumat asosiy manba bo'lib qolmoqda.
Shvetsiyada asoslangan Fuqaro huquqlari himoyachilari deb nomlangan tashkilotdan o'zbekistonlik mutaxassis Muzaffar Suleymanov 3-iyul kungi tvitida Qoraqalpog'istondagi fojiada O'zbekiston tizimini aybladi.
"Qoraqalpog'istonni suverenitetdan ayirish g'oyasi bilan chiqqanlar, mahalliy faollarni hibsga olganlar, g'azabdagi ommaga qurolli kuchlarni safarbar etganlar, axborot blokadasi joriy etganlar ishdan olinishi va adolat oldida javob berishi kerak! Bu mojaro alanga olishida va kengayishida hukumatning o'zi javobgar", - deya yozdi Suleymanov.
Qoraqalpog'istondagi beqarorlikda tashqi kuchlarni ayblayotgan rasmiylar, qonunchilar, shuningdek, jamoatchilikning bir qismi, o'lkaga oxirgi besh yilda ko'proq ahamiyat qaratilganiga urg'u bermoqda.
Prezident Mirziyoyev idorasiga ko'ra, 2017-yildan beri hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Yalpi daromad uch baravar, qurilishlar ko'lami 3,5 baravar oshgani qayd etiladi.
O'zbekiston Milliy gvardiyasi axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov bugungi bayonotida Nukusda vaziyat barqarorlashib, hayot o’z maromiga qaytmoqda, degan.
Milliy gvardiyaga ko'ra, "ig’vogar shaxslar" boshqa davlatlardagi tartibsizliklarni O'zbekistonda bo'ldi deb, eski foto va videolar tarqatmoqda.
"Bunday soxta ma’lumotlarga ishonmasliklaringizni so’raymiz, - deydi Jumanazarov. - Qoraqalpog’istondagi yurtdoshlarimizni asossiz ko’chaga chiqmaslikka va turli g’arazli tashviqot va harakatlarga berilmaslikka chaqirib qolamiz".
Facebook Forum