Breaking News

Qozog'iston Qoraqalpog'iston bo'yicha Toshkentni quvvatlamoqda; Qirg'iziston provokatsion postlardan tiyilishga undamoqda


Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi, Nur-Sulton
Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi, Nur-Sulton

Qozog'iston va O'zbekiston orasida Qoraqalpog'istondagi chegara punktlari yopiq. Avtonom o'lkada bugundan favqulodda holat hukmron. Qoraqalpog'istonga kirib-chiqish cheklangan, tekshiruv keskin.

"O'zbekiston - qardosh davlat, Qozog'istonning ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi", - deyiladi Nur-Sultondan Tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotda.

Qozog'iston qo'shni davlatdagi vaziyatdan xavotirda.

To'qayev ma'muriyati O'zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog'istonni barqarorlashtirish uchun qilgan qarorlarini olqishlamoqda va quvvatlamoqda.

O'zbekiston bosh qomusini isloh qilar ekan, tinchlik-xotirjamlik hukm suradi, deya ishonch bildirmoqda Qozog'iston.

Bayonotda Nur-Sulton ikki davlat orasida 1998-yilda imzolangan abadiy do'stlik, 2013-yilda qabul qilingan strategik sheriklik va 2021-yilda qo'l qo'yilgan ittifoqchilik deklaratsiyalarini eslatadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab o'zbekistonliklar Qoraqalpog'istondagi norozilik chiqishlarni chetdan turib qilingan provokatsiya deya baholar ekan, Rossiya va Qozog'istondagi turli elementlardan shubhalanadi.

Xususan Telegramda Nukus va uning atrofidan olingani da'vo qilingan mudhish video tasvirlarning katta qismi Qozog'istonda asoslangan kanallar tomonidan tarqatilayotgani bu gumonlarni avj oldirgan.

O'zbekiston Milliy gvardiyasi axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov bugun xalqqa murojaat qilar ekan, Nukusda vaziyat barqarorlashgan, hayot o’z maromiga qaytmoqda, dedi.

Qirg'iziston Qoraqalpog'istondagi vaziyatga bevosita munosabat bildirmagan, ammo Bishkekdan President Sadir Japarovning matbuot kotibi Erbol Sultanbayev siyosatchilar, faollar va blogerlardan qo'shni mamlakatlardagi voqealarga asossiz baho bermaslikni, provokatsion postlar ulashmaslikni so'ramoqda.

"Qirg'iziston - tinchliksevar mamlakat va uning boshqa davlatning ichki ishlariga aralashishga haqqi yo'q. Boshqa mamlakatlardagi jamiki jarayonlar - ularning ichki ishi", - deydi Sultanbayev, do'stona aloqalarga putur yetkazmaslikka undab.

Hukumat g'alayonda qancha odam hibsga olinib, qanchasi halok bo'lgani haqida hanuz hisobot bermadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev deydiki, tinch aholi va xavfsizlik xodimlari orasida o'lganlar bor.

Milliy gvardiyaga ko'ra, "ig’vogar shaxslar" boshqa davlatlardagi tartibsizliklarni O'zbekistonda bo'ldi deya eski foto va videolarni yoymoqda.

"Bunday soxta ma’lumotlarga ishonmasliklaringizni so’raymiz, - deydi Jumanazarov. - Qoraqalpog’istondagi yurtdoshlarimizni asossiz ko’chaga chiqmaslikka va turli g’arazli tashviqot va harakatlarga berilmaslikka chaqirib qolamiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG