20-noyabrda Qozog'istonda saylovchi prezident uchun ovoz beradi. U qay nomzodni tanlashidan qat'i nazar, amaldagi rahbar Qosim-Jo'mart To'qayev g'olib chiqishi va kelasi yetti yilda mamlakatni boshqarishi kutilmoqda. Boshqacha bo'lishiga va umuman, bu saylov oldingi saylovlardan biror jihatdan farq qilishiga asos yo'q, deydi vaziyatni yaqindan va uzoqdan kuzatib turgan G'arb ekspertlari.
To'qayev qo'li ostidagi respublikani "yangi Qozog'iston" deb qanchalik bong urmasin, siyosat eskicha, suvi chiqib ketgan avtoritar usullarda olib borilmoqda. Vashingtondagi Kaspiy siyosati markazi (Caspian Policy Center) forumida so'zlagan arboblarning umumiy xulosasi shu mazmunda.
Ularning birortasi Qozog'istonning AQSh va Yevropa Ittifoqi uchun ahamiyatini, global maydondagi rolini past baholamaydi, biroq bu sobiq diplomatlar, aql markazlarining yetakchilari va tadqiqotchilar nazarida, To'qayev Markaziy Osiyoning boshqa nodemokratik prezidentlari singari so'zi boshqa, ishi boshqa lider sifatida namoyon bo'lmoqda.
AQSh Tinchlik institutidan Gavin Helf tahlilicha, saylov shoshib tashkil etildi; erkin va adolatli, raqobatli va demokratik o'tishi uchun zarur choralar ko'rilmadi, bunga xohish va iroda ham yo'q. Uzoq yillar AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligida ishlagan Helf qonun ustuvorligini targ'ib qiluvchi loyihalarni boshqargan. Ular Markaziy Osiyoda nega samara bermagani bu mutaxassisga ma'lum. Hukumatlar buni istamagan.
"Biroq To'qayev o'zgarishlar davri keldi deya bong urar ekan, umid paydo bo'lgan edi, - deydi Helf. - Fuqaro jamiyati ravnaq topishi, erkinlik kengayishi, xususan siyosiy erkinliklar uchun sharoit yaxshilanishi kutilgan edi. Hozircha bunday progressdan darak yo'q".
Aholisi 20 millionga yaqinlashayotgan mamlakatda oldingi prezident Nursulton Nazarboyev davrida, qariyb 30 yil mobaynida, iqtisodiy taraqqiyot birlamchi degan qadriyat shakllangan edi. Lekin siyosiy erkinliklar cheklanishi evaziga va'da qilingan bu rivojlanish amalga oshmadi. Qozog'iston - Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiy tizim, ammo neftdan tushgan daromadga asoslangan bu ko'rsatkich iqtisodiy-ijtimoiy adolatga yetaklamadi.
Jorjtaun universitetidan Sergey Gretsiy yaqinda o'tkazilgan ijtimoiy tadqiqotlarga tayanib aytadiki, mamlakatning qariyb yarmi qashshoqlikda yashaydi.
"Qozog'istonga bu saylov nima beradi? To'qayev qayta saylanadi, lekin hozirgi muhitga qarab, istiqbol porloq deya olmaymiz", - deydi Helf.
AQShning Qozog'istondagi birinchi elchisi, iste'fodagi diplomat Vilyam Kortni deydiki, To'qayev shu kungacha Nazarboyevdan va mintaqani shu kungacha boshqarib kelayotgan yakkahokimlardan boshqacha ekanini hali isbotlamadi.
"Qaysidir jihatdan u bir paytlar Rossiyada rahbarlikka kelgan Dmitriy Medvedevga o'xshab, islohotlar haqida gapirib, qiziqish uyg'otdi, xalqning ruhiyatini ko'targandek bo'ldi. O'zgarish bo'ladi, degan umidni oshirdi. Lekin gap gapligicha qoldi, - deydi Kortni. - Qozog'iston bu saylov bilan o'ziga yangi bir sahifa ochmaydi, bu saylov - boy berilgan imkoniyat".
Kortni 2022-yil boshidagi norozilik namoyishlari ortidagi sabablar, xalqning oshkoralik va adolat talabi, fuqaro jamiyati zarurati, mustaqil institutlar rivojlana olmayotgani kabi masalalarga urg'u beradi.
Qozog'istonda ayni damda ham norozi fuqarolar hibsga olinmoqda, mustaqil bo'lmagan sudlar ularning taqdirini hal qilmoqda, repressiya avjida, deydi Kortni.
AQSh yanvardagi qonli g'alayonlarni mustaqil tekshirib, adolatni ta'minlashga chaqirgan, ammo ularni Qozog'iston hukumatidan boshqa hech bir taraf taftish qilishiga yo'l berilmadi. To'qayev "aybdorlar jazolanadi" deb keladi.
Kaspiy siyosat markazi asoschilaridan biri, Qozog'istondagi yana bir sobiq elchi, Amerikaning Markaziy Osiyoda eng ko'p xizmat qilgan diplomatlaridan biri Richard Hoagland ta'kidlashicha, Vashington bugungi manzaraga strategik sabr bilan qarayapti.
"Biroq Markaziy Osiyoga e'tibor yanayam jiddiylashishi zarur. Bugungi geosiyosiy jarayonlar AQShdan Qozog'iston va qo'shni davlatlarga hozirgidan ham yuqori darajadagi rasmiylarimiz borishini, rahbarlar va xalq bilan muloqotni kuchaytirishni talab qiladi. Vazirlarimiz tez-tez safar qilsin; davlat kotibi, ma'muriyatning eng tepasidan vakillar mintaqada ko'rinishi lozim", - deya undaydi u.
Lekin uchrashuvlar va forumlar bilan muammolar hal bo'lmaydi. AQSh uchun Qozog'iston kamida 25 yildan beri Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes hamkor. Eng ko'p oldi-berdi va diplomatiya, deya eslatadi ekspertlar, regionda shu davlat bilan olib borilgan.
Bugungi geosiyosiy jarayonlar sabab ham To'qayev G'arb hukumatlaridan ko'p dashnom eshitmayapti, aksincha uni siyosiy jihatdan quvvatlashmoqda, chunki hozir shimoliy qo'shni Rossiya agressiyaga berilgan payt.
"Newsline" institutidan tahlilchi Yujin Chausovski fikricha, saylov o'tadi ketadi, lekin Qozog'istonga tinchlik kerak; haddidan oshayotgan qo'shnidan qocha olmaydi, qolaversa Rossiya bilan chuqur ildizli hamkorlikni to'xtata olmaydi.
G'arb uzoqni ko'zlashga majbur, chunki dunyoning u tarafidagi qiyinchiliklar manfaatlarga zarar yetkazmasligi kerak. Xususan energetika sohasidagi imkoniyatlar yangicha ko'z bilan ko'rib chiqilmoqda, deya tahlil qiladi Chausovski.
"Second Floor Strategies" degan konsalting firmadan Uilder Alexandro Sanchez qator omillarni qayd etadi: Rossiya bilan sheriklik, Xitoy bilan hamkorlik, Yevropa Ittifoqining yangicha e'tibori, global tijorat va ta'minot tizimlari, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va atrof-muhit muhofazasi.
"Amerika yetarlicha ahamiyat qaratmayapti, - deydi Sanchez. - Biroq yuqoridagi masalalardan kelib chiqib, Qozog'iston rahbariyati o'zini to'g'ri yo'lda deb biladi".
To'qayev Qozog'istonni turli tahdidlardan asramoqchi va bu tahdidlar bugun yanayam real, deydi Sanchez.
Helf va boshqalar nazarida esa To'qayev o'ziga ishonmayapti. Siyosiy erkinlikka va muxolifatga yo'l ochsa ham u saylovlarda yutishi aniq. Biroq u buni ma'qul ko'rmadi. Prezidentlik uchun undan tashqari yana besh nomzod bor, birortasi unga real raqib emas. To'qayev ular bilan bahsga chiqmadi.
"Chiqqanida buning o'zi ulkan ozgarish bo'lar edi", - deydi Helf.
Facebook Forum