Breaking News

Islomobod: Pokistondagi xurujlar Afg'onistondan amalga oshirilmoqda


Pokiston-Afg'oniston chegarasi
Pokiston-Afg'oniston chegarasi

Pokiston Mudofaa vaziri Xo’ja Asifning aytishicha, uning mamlakatida boshlangan terrorchilik hujumlarining yangi to'lqini Afg'onistonga borib taqaladi. U Tolibonni o’z va’dasiga muvofiq terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi.

Pokistonda so'nggi oylarda yuzlab odamlar, asosan, xavfsizlik kuchlari o’limiga sabab bo’lgan bir qator portlashlar yuz berdi. O’zini Pokiston Toliboni (TTP) deb ataydigan guruh zo'ravonliklarning aksariyati uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olgan.

"Ular bu faoliyatni amalga oshirish uchun chegaraning Afg'oniston tomonidan kelmoqda. Ularning bu yerda yashirin guruhlari bo'lishi mumkin, ammo aksariyati Afg'oniston tuprog'idan", - dedi Asif mahalliy “Geo News” telekanali bilan suhbatda.

Asifning aytishicha, Tolibon 2020-yil fevralida Qatar poytaxti Dohada AQSh bilan imzolangan kelishuvda hech qaysi davlatga Afg‘oniston tuprog‘idan terrorchilik xuruji uyushtirilishiga ruxsat bermaslikni zimmasiga olgan.

“Hokimiyatga qaytganidan beri Tolibondan TTPning Pokistondagi terrorchilik harakatlariga tayyorgarlik koʻrishini toʻxtatishni soʻrab kelmoqdamiz, - dedi Asif. -

Bu Doha kelishuvi boʻyicha sizning majburiyatingiz va, shuningdek, qardoshlik, qoʻshnichilik munosabatlarimiz oldidagi burchdir”, - dedi vazir.

“Umid qilamizki, ular Pokistonga qarshi oʻz hududidan kelib chiqayotgan terrorizmning yangi toʻlqinini jilovlaydi va nazorat qiladi”, - deya qo’shimcha qildi u.

Tolibon ma'muriyati vakili seshanba kuni Islomobodning da'volariga javob berib, ularni "yolg'on" va "afsusli holat" deb atadi.

Zabihulloh Mujohid o‘z bayonotida Afg‘oniston barcha qo‘shnilari, jumladan, Pokiston bilan ham ichki va mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasida iliq munosabatlar o‘rnatishni istashini aytdi.

“Islom Amirligi Pokiston yoki boshqa davlatga qarshi Afgʻoniston hududidan foydalanilmasligi uchun qoʻlidan kelganicha harakat qilmoqda. Biz bu maqsadga sodiqmiz, lekin Pokiston tomoni ham vaziyatni tartibga solish, asossiz gap-soz’ar va igʻvogar gʻoyalardan tiyilish masʼuliyatiga ega. Chunki bunday gaplar va ishonchsizlik hech bir tomonga manfaatli emas”, - dedi Mujohid.

Global terrorchi tashkilot sifatida e'lon qilingan TTP Afg'oniston Tolibonining Pokistondagi filiali va yaqin ittifoqchisi hisoblanadi.

2007-yilda Pokistonning beqaror chegara hududlarida paydo boʻlganidan beri guruh Afgʻonistondagi Qoʻshma Shtatlar va NATO kuchlariga qarshi kurashda Tolibon guruhiga boshpana bergan va ularni jangchilar bilan taʼminlagan.

Tolibon 2021-yil avgust oyida Kobulni egallab, mamlakatda hokimiyatni yana to’liq o’z nazoratiga oldi.

TTP rahbari Nur Vali Mahsud va uning qo‘mondonlari Pokistondagi aksilterror harbiy amaliyotlardan qochib, Afg‘onistonga yashiringan. Pokiston rasmiylariga ko‘ra, Tolibon hokimiyatni egallab olgandan keyin terrorchilar Afg’onistonda erkin harakatlana boshlagan.

Mahsud o'z matbuot kotibi orqali muntazam ravishda ommaviy axborot vositalariga bayonotlar berib, TTPning transchegaraviy amaliyotlariga rahbarlik qilishda davom etmoqda. U Pokistonda yuz bergan terrorchilik hujumlarini olqishlaydi.

2022-yilda TTP va boshqa jangari guruhlar tomonidan amalga oshirilgani aytiladigan 376 ga yaqin terrorchilik hujumida 1000 ga yaqin pokistonlik, jumladan, 300 ga yaqin xavfsizlik xodimi halok bo’lgan.

Islomobodda joylashgan tadqiqot va xavfsizlikni oʻrganish markazi nodavlat tashkiloti yillik hisobotida aytilishicha, hujumlarning aksariyati Pokistonning Afgʻoniston bilan 2600 kilometrga yaqin chegarasida joylashgan Xaybar-Paxtunxva va Baluchiston viloyatlarida sodir boʻlgan.

Hisobotda aytilishicha, birgina dekabr oyida 40 dan ortiq xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan va bu Pokistondagi zo’ravonliklar o‘n yilligida eng qonli oyga aylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG