O‘tgan hafta Afg‘oniston Milliy qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas’ud Tojikiston poytaxtida Tolibonni "mamlakatni yirik bir zindonga aylantirganlikda” ayblab, mintaqa va xalqaro hamjamiyatni ham tanqid qilgan edi.
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov Nyu-Dehli shahrida o’tgan Hindiston-Markaziy Osiyo xavfsizlik maslahatchilari yig’inida so’zlar ekan, Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi.
Toliblar hokimiyati esa Afg‘oniston mintaqa davlatlariga xavf tug‘dirmasligini iddao qilmoqda.
“Afg‘oniston Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoning xavfsizligi va barqaror rivojlanishining muhim omillaridan biridir. Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz va uni ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar inqirozni yengish uchun o‘z holiga tashlab qo‘ymasligimiz muhim. Chunki bu mintaqada qashshoqlikning oshishiga olib keladi. Biz allaqachon buni his qilyapmiz. Bu mamlakatdagi tinchlik nafaqat bizning mintaqamiz, balki bu mamlakat yangi strategik imkoniyatlarga ega bo‘lishi uchun ham juda muhim. Shuning uchun u o‘sishi va yangi bozorlarga transport yo‘laklari hududi bo‘lishi mumkin”, – deya ta’kidladi Mahmudov.
Tolibon hokimiyati masalasida Tojikiston pozitsiyasi O’zbekistonnikidan farq qiladi. Toshkent toliblar bilan muzokaralar olib borayotgan bo‘lsa, Dushanbe Tolibonni keskin tanqid qilib, Afg‘onistonda ularga qarshi kurashayotgan Milliy qarshilik kuchlarini quvvatlaydi.
O‘tgan hafta Dushanbeda tashkil etilgan “Hirot xavfsizlik muzokaralari”da qatnashgan Afg‘oniston Milliy qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas’ud Afg‘onistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olgan toliblarni tanqid qilib, ular "mamlakatni yirik bir zindonga aylantirgani" va "odamlarni muntazam qiynoqqa solib kelayotganligi”ni iddao qilish barobarida, mintaqa davlatlari va jahon hamjamiyatini Tolibonga nisbatan amalsizlikda ayblagan edi.
Uning Tolibonga nisbatan keskin tanqidlari Tojikistonda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Afg‘onistondagi etnik tojiklar va Milliy qarshilik kuchlari yetakchisining fikricha, Tolibon ilgari bergan va’dalarini amalga oshirmay kelmoqda va xalqaro hamjamiyat ham ularni majbur qilmayapti.
“Kobul hokimiyati qulaganidan keyin bir yildan ortiq vaqt davomida mintaqa va dunyo toliblarni qoralashdan boshqa ularning o‘zgarishi uchun hech narsa qilmaganini ko‘rdik”, – dedi Mas’ud.
Uning ta’kidlashicha, mintaqa davlatlari va jahon hamjamiyatining bunday harakati Tolibonni o‘zgartira olmaydi.
Ahmad Masud o‘z chiqishida “maqsadimiz Afg‘onistonda fuqarolarning o‘z huquqlaridan foydalanishini ta’minlash”, deya o‘z pozitsiyasini mustahkamladi.
Rasmiy Dushanbe bilan hammaslak deb ko‘riladigan Ahmad Mas’ud Afg‘onistonda bir yildan ortiq hukumatni nazorat qilib kelayotgan Tolibonni bir etnik guruh vakillaridan iborat hukumat tuzganlikda aybladi.
Dushanbeda “Hirot xavfsizlik muzokaralari”ning 10-yig‘ilishiga Tolibon ham taklif etilgan, ammo ular qatnashmadi. Hokimiyatni Tolibon egallab olgunga qadar mazkur platformadagi yig‘ilishlar Afg‘onistonning o‘zida o‘tkazib kelingan. Mazkur yig’in birinchi marta Dushanbeda tashkil etildi. Ahmad Mas’ud ham birinchi marta o‘zining Dushanbe shahrida bo‘lib turganligini namoyon etib, ochiq muloqotda ishtirok etdi.
Bungacha bir necha marta xalqaro OAV orqali chiqish qilgan Mas’udning doimiy makoni noma’lumligicha qolmoqda. Ammo uning Dushanbe bilan hammaslak ekanligi jamoatchilikka ma’lum. Tojikiston rahbariyati ham Tolibonga nisbatan o‘ta keskin tanqidiy pozitsiyasini saqlab qolmoqda.
O‘tgan yili Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Afg‘onistonda barcha etnik guruhlar ishtirokidagi inklyuziv hukumat tashkil etish zarurligini ta’kidlagan edi.
2021-yilning avgustida Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan muzokaralar chog‘ida Rahmon qo‘shni davlatdagi vaziyatga nisbatan o‘z mamlakati uchun eng muhim masala – Afg‘onistondagi etnik tojiklarning xavfsizligi va huquqlarining ta’minlanishi ekanligini aytgan edi.
Ayni paytda Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurgan Tolibon Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid Abu-Dabida AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest bilan uchrashuvi paytida Afg‘oniston suvereniteti hurmat qilinishi lozimligini ta’kidlagan.
Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Mujohid Afg‘oniston va uning chegaralari xavfsiz, Afg‘oniston tuprog‘idan hech bir davlatga tahdid yo‘qligini aytgan. Ayni paytda dunyo Afg‘oniston suverenitetini hurmat qilishi kerakligini ta’kidlagan.
“Hirot xavfsizlik muzokaralari”ning Dushanbe yig‘ilishida Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish, Tolibon hukmronligiga davlatlar va tashkilotlarning e’tiborini kuchaytirish va bu mamlakatda inson huquqlari, jumladan, ayollar huquqlarining poymol etilishi masalalari muhokama qilindi.
Unda qatnashgan AQShning Kobuldagi elchixonasi vakili Karden Dekker Vashington Tolibonga pul to‘lamasligini ta’kidladi. AQShning Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan moliyaviy yordami, deydi u, afg’onlar uchundir.
“Bu xalqaro tashkilotlar tomonidan diqqat bilan kuzatilishi kerak bo‘lgan masala”, - deydi Dekker.
Afg‘onistonning Jenevadagi elchisi, BMTdagi doimiy vakili Nosir Ahmad Afg‘onistondagi mavjud tizim xalqaro hamjamiyat oldida hozirjavob bo‘lishi kerak, degan fikrni ilgari surdi.
“Tolibon har bir harakati uchun javob berishi uchun esa barcha davlatlar Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibor qaratishlari kerak”, – deydi u.
Tojikistonlik mustaqil tahlilchi Nuriddin Qarshiboyev fikricha, toliblar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilishni istashi tabiiy.
“Tolibon bundan 20 yil oldingi harakat emas, albatta. Ular ham ko‘plab sohalarda ilgarilagan va hokimiyat tepasiga kelar ekan, ularning zimmasiga tushgan mas’uliyat ham ortgani tabiiy. Bu mas’uliyat avvalo Afg‘onistonning tinch aholisi oldida va qolaversa xalqaro hamjamiyat oldida. Toliblar hokimiyatni egallaganiga bir yarim yildan oshmoqda, ammo ular shu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani yo‘q”, – deydi tahlilchi.
Facebook Forum