Kino ustasi Tamana Ayoziy 2019-yilda AQSh Tolibon bilan Qatarda muzokara boshlaganida jarayon Afg'onistonni to'g'ri yo'lga yetaklamaydi, deya bong ura boshlagan. 2021-yilda toliblar hokimiyatni egalladi, Amerika quvvatlagan tuzum rahbarlari qochib ketdi. Bugungi Afg'oniston - azob-uqubat makoni, deya kuyunadi Ayoziy.
“2020-yilning yanvaridan mamlakatimiz taqdiri haqida hujjatli film ishlay boshladik", - deydi u, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Koronavirus pandemiyasi tufayli uni tasvirga olish kechikdi, keyin esa toliblar kuchaydi va loyihani amalga oshirish yanayam qiyinlashdi.
“Afg'onistonda bo'lmay turib bu filmni yakunlay olmasdik", - deydi Ayoziy.
Yaqinda Toronto xalqaro film festivalida namoyish etilgan 90 minutli kartina "Uning qo'lida" deb nomlanadi. Unda Afg'onistonning birinchi ayol hokimi Zarifa G'afariy haqida hikoya qilinadi. U Maydon Shahrni boshqargan, Kobuldan 50 kilometrcha janubdagi shahar.
Tolibonning tinimsiz tahdidlari, jamoatchilikning ayol rahbarga o'rganmagani, illatlar va muammolar ummonidagi faoliyat yoritiladi. G'afariy toliblar Kobulni qo'lga olishi bilan vatanidan chiqib ketadi.
“Aslida men qahramon emasman”, - degan edi G'afariy 2020-yilda Amerikadan mukofot olar ekan.
"Men bir shahar hokimiman xolos".
2020-yilda G'afariyga qilingan hujumda uning otasi va bir harbiy halok bo'lgan.
2021-yilda u Germaniyaga evakuatsiya qilindi. Oradan olti oy o'tib, hujjatli filmni yakunlash uchun Afg'onistonga bordi.
“Ahvol kundan-kunga yomonlashmoqda”, - deya xulosa qiladi G'afariy.
“Ko'rib, yig'laysiz. Bir guruh ahmoq bir qishloqning qashshoq aholisini tutqunlikda saqlayotgandek".
Tolibon boshqaruvidagi Afg'onistonda qizlar ta'lim ololmaydi, ayollar ishlashi cheklangan. Ular ko'chaga bemalol chiqa olmaydi, jamiyatdan berkinishi kerak.
Xalqaro hamjamiyat toliblarning siyosatini qanchalik qoralamasin, o'zgarish bo'lmayapti, aksincha rahbariyat yangidan-yangi taqiqlar bilan chiqmoqda.
“Xotin-qizlar fuqaro sifatida siyosat, iqtisod, ijtimoiy va madaniy sohalardan butkul uzoqlashtirilgan, ularning roli man etilgan", - deydi Richard Bennett, BMTning Afg'onistonda inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili.
G'afariy kabi faollar esa vatani taraqqiyoti uchun ter to'kishni, u yerda ishlab, xalq hayotini yaxshilash uchun xizmat qilishni istaydi. G'arb, xususan, Afg'onistonga zarur yangiliklarni qila olmaydi, deydi u.
“Real va doimiy o'zgarishlarni afg'on xalqining o'zi qilishi kerak, ichkarida va birgalikda", - deydi G'afariy.
Zulm tinmasa, deya xavotirlanadi u, Afg'onistonda yana bir fuqarolik urushi avj oladi.