Breaking News

Jurnalistlar: Matbuot Tolibon qo'lida o'yinchoq


Mashid Barz, Afg'onistondagi 1TV telekanali boshlovchisi, Kobul, 25-may, 2022
Mashid Barz, Afg'onistondagi 1TV telekanali boshlovchisi, Kobul, 25-may, 2022

Jurnalistlar va matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlar tahlilicha, Tolibon hokimiyatga kelganidan bir yil o'tib, mamlakatda vaziyat bag'oyat og'ir.

Afg'oniston bo'ylab rasman senzura hukmron. Har qanday dastur efirdan oldin, har qanday material chop etilishdan oldin hukumatdan ruxsat olishi shart.

Davlat mediasida ayollarga joy yo'q. Xususiy tashkilotlarda esa ular mutlaq o'ranib yurishi kerak. Efirda faqat ko'zi ko'rinishiga izn beriladi.

Musiqiy va badiiy dasturlar man etilgani uchun ko'plab ommaviy axborot vositalari yopilgan.

Parijdan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti nazarida Afg'oniston keskin repressiya ichida.

"Jurnalistlar uchun yengil nafas olish hozir bu mamlakatda mumkin emas", - deydi Polin Ades-Mevel, tashkilot vakili.

Nyu-Yorkdan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasiga ko'ra, bugungi Afg'onistonda jurnalistika qamoq, tahdid va cheklov demakdir.

Yashash uchun matbuot xodimlari hukumat nima desa, shuni qilishga majbur.

Kobulda "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan jurnalistlar o'zlarini Tolibon qo'lidagi o'yinchoq deb tasvirlaydi. "Nomsiz, ovozsiz, yuzsiz o'yinchoqlar", chunki ular kimligini aytishga ham qo'rqadi.

2021-yilning avgustidan beri mamlakatda 90 dan oshiq jurnalist qamoqqa olingan. Kamida 183 holatda esa ular nishonga olingan, tazyiq ostida qolgan.

Bular rasman qayd etilganlar, deydi mahalliy manbalar, aslida ko'proq jurnalist xurujga uchragan.

Tolibon tomonidan do'pposlangan jurnalistlar. Kobul, 8-sentabr, 2021.
Tolibon tomonidan do'pposlangan jurnalistlar. Kobul, 8-sentabr, 2021.

Tolibon esa bularning hammasi yolg'on, deydi. Hukumatga ko'ra, ommaviy axborot vositalari erkin ishlamoqda, hech kim ularning xodimlariga tegmayapti.

Talibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohid "Amerika Ovozi"ga deydiki, "oldinlari jurnalistlarini bemalol o'ldirib ketishar edi. Qanchasi qamoqqa olinar edi. Hozir va o'tgan bir yil ichida biz bunday ishlarni qilmadik".

Viloyatlardagi ahvol yanayam murakkab.

“Biror masalani yoritmoqchi bo'lsak, hukumatga xabar beramiz va izn kutamiz", - deydi Hilmanddan "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan muxbir.

“Xavfsizlik bilan bog'liq mavzularga umuman tegmaymiz. Har bir so'zimizni oldindan kelishgan holda aytishimiz shart".

Zabihulla Mujohid nazarida esa bu senzura emas, ko'rsatma.

“Biz mavzuni ma'qullaymiz, lekin material qanday bo'lishi jurnalistlarga havola. Biz ularga masalani yoritish uchun sharoit yaratib beramiz, shunda ular xavf bilan yuzlashmaydi".

Ko'ngilochar dasturlar taqiqlangan. Nafaqat TV, balki radioda ham ayol ovozi eshitilmasligi kerak.

O'tgan yili shu paytda Afg'onistonda 543 OAV ishlar edi. Hozir ulardan 328 tasi qolgan. Ishdan ayrilgan jurnalistlar soni - qariyb 7100. 76 foizi xotin-qizlar.

Gul Muhammad Gran, Afg'oniston OAV va jurnalistlar federatsiyasi vakili:

"Tolibon xavfsizlik organlari media faoliyatiga aralashmaydi deya va'da bergan edi. So'zida umuman turmadi. Tolibonning ko'ngli nima istasa, OAVni shunga majburlamoqda. Jurnalistlarning huquqlari tinimsiz buziladi".

Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid esa yangi qonun matbuotga erkinlik beradi, deydi.

“Har bir OAV Afg'oniston tamoyillari, islomiy qadriyatlari va milliy manfaatlarga mos ravishda ishlashi kerak", - deydi u.

Buni ta'minlovchi maxsus komissiya tuziladi.

Afg'onistonda media 2001-2021 yillar orasida, ya'ni AQSh qo'shinlari mamlakatda bo'lgan paytda, xalqaro tashkilotlarning moliyaviy va professional yordamiga suyanar edi.

Iqtisod ham shunga yarasha edi, uning deyarli yarmi donorlardan kelgan mablag'ni tashkil etar edi.

Hozirda esa bu ko'mak qirqilgan va matbuotni quvvatlovchi biror tomon yo'q.

Tolibon buni biladi, deydu afg'on jurnalistlari, shu bois ham o'zini yagona kuch va tayansh deb ko'rsatishga urinmoqda.

"Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan matbuot vakillari o'z tashkilotlari yaqin kelajakda faoliyatini to'xtatishga majbur ekanini aytadi.

Davlat matbuoti va teleradiosida ishlayotganlar esa bo'yin egishdan boshqa chora ko'rmaydi. Ishdan ketish och qolish demakdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG