AQSh o’zining janubiy chegaralari orqali noqonuniy kirib kelgan migrantlarni mamlakatdan zudlik bilan chiqarib yuborish bo’yicha joriy etilgan choralarni saqlab qolishga qaror qilgan. Natijada, ayni damda Meksika hududida qolayotgan minglab migrantlar xavotir ichida hukumat idoralari qarshisida uzundan-uzun navbat kutib, siyosiy boshpana olish ilinjida.
O’tgan oy AQSh Oliy sudi global pandemiya davrida amal qilgan hujjatsiz migrantlarni meksikaga chiqarib yuborishni tezlatishga doir chora o’z kuchini saqlab qolishini ma’lum qilgan. Chora uni bekor qilishga qarshilik ko’rsatayotgan respublikachilarning da’volarini ko’rib chiqqunga qadar saqlanib qolishini bildirgan edi. Prezident Jo Bayden nazdida, bu jarayon kamida iyun oyigacha vaqt oladi.
Bu orada Bayden ma’muriyati 42-modda nomi bilan tanish choralar yanada ko’proq davlatlar fuqarolariga, xususan, kubalik, nikaragualik va gaitiliklarga ham qo’llanilishini bildirdi. Ekspertlar va rasmiylarga ko’ra, vaziyatning bunday tus olishidan xavotiri ortgan migrantlar Meksika hududida erkin harakatlanish uchun siyosiy boshpana so’rab murojaat qilishga majbur bo’lmoqda.
Ayni damda Meksika AQShdan chiqarib yuborilgan ayrim mamlakat fuqarolarini qabul qilmoqda. Biroq Vashington janubi-g’arbiy chegarada qamoqqa olingan 2,2 million migrant masalasida bosh qotirar ekan, Meksika qabul soni va qamrovini kengaytirishi kutilmoqda.
42-modda dastavval COVID-19 pandemiyasidan himoyalanish maqsadida joriy etilgan. Keyinchalik AQShning sog’liqni saqlashga mas’ul idoralari aholi salomatligiga tahdiddan himoyalanish uchun mazkur choraga ehtiyoj qolmaganini bildirgan.
Huquq faollari esa 42-modda adolatsiz cheklov ekanini ta’kidlab, bunday chora ayrim migrantlarni insonlarni garovga olish yoki ularga zo’ravonlik qilish kabi keskin amallarga boshlashidan ogohlantirmoqda.
Meksikaning Qochqinlarga yordam komissiyasi rahbari Andres Ramiresning ma’lum qilishicha, birgina Tapachula shahridagi idorlarga 2-3-yanvar kuni qariyb 5 ming migrant to’plangan. Ularning ko’pchiligini Gaiti va Nikaragua fuqarolari tashkil etmoqda.
Noyabr oyi davomida Meksikada qariyb 400 ming migrant qo’lga olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, bu ko’rsatkich 2019-yilning mos davridagidan ikki barobar ko’p.
Facebook Forum