Qariyb 20 yil davom etgan urush ortidan AQSh va uning ittifoqchilari 2021-yilning avgust oyida Afg’oniston hududidan to’liq chiqib ketdi. Tolibon poytaxt Kobulda hokimiyatni o’z qo’liga olar ekan, yuzaga kelgan keskin vaziyatda qariyb 130 ming afg’onistonlik evakuatsiya qilindi. Ulardan qariyb 88 500 nafari AQShga olib kelindi va mamlakatning turli shtatlariga joylashtirildi.
Oradan yetti oy o’tib Prezident Jo Bayden ma’muriyati yana bir gumanitar muammo bilan yuzlashdi. 2022-yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida navbatdagi qochqinlar muammosi yetildi. Urush boshlanganidan beri 7,8 milliondan ziyod qochqin Ukrainadan bosh olib ketishga majbur bo’ldi.
AQSh ukrainalik qochqinlarga ham o’z vaqtida immigratsion ko’mak berishni boshladi. Ukrainlar va afg’onlar ayni damda AQShdan boshpana olishi uchun deyarli bir xil immigratsion jarayondan o’tishi kerak.
Afg’onlar
AQSh Afg’onistonda o’z kuchlariga xizmat qilgan shaxslar va ularning oila a’zolarini Tolibon zulmidan asrab qolish maqsadida evakuatsiya qildi. 2021-yilning iyul-avgust oylarida okean ortiga olib kelingan afg’onistonliklar qisqa muddatli immigratsion himoyaga olindi.
Shartli gumanitar himoya odatda favqulodda vaziyatlarda AQSh hududiga kirish istagida bo’lgan shaxslarga taqdim etiladi. Biroq bu imtiyoz AQShda avtomatik tarzda doimiy resident maqomini berilishini kafolatlamaydi. Qonuniy maqomga ega bo’lish uchun mazkur himoya ostidagi shaxslar AQSh hududida ekanligida qochqinlik yoki xomiylikka asoslangan huquqiy jarayonda immigratsiya xizmatiga ariza berishi talab etiladi.
AQSh hududiga evakuatsiya qilingan qariyb 88500 nafar afg’onistonliklardan 77500 nafariga vaqtinchalik gumanitar himoya taqdim etilgan. Qolgan 11 ming nafari turli vizalar bilan mamlakatga kiritilgan.
Hanuz AQShga kelish istagidagi afg’onistonliklar AQShning eng yaqin joylashgan Qatar, Pokiston va Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonalariga murojaat qilishi kerak bo’ladi.
Bundan tashqari, qisqa mudatli gumanitar himoyaga ega bo’lish uchun afg’onistonliklar AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga (USCIS) hujjat topshirishi mumkin. Eng xavfsiz yo’l onlayn murojaat sanaladi. Biroq arizachidan 575 dollar miqdorida xizmat haqini oldindan to’lash hamda Tolibon zulmi ostida ekanini isbotlovchi dalillar talab etiladi. To’lov har bir ariza topshiruvchi uchun alohida amalga oshiriladi. Bu to’lovning bekor qilinishi uchun arizachi AQSh hukumatiga moliyaviy og’ir ahvolda ekanini isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo’ladi.
Tolibon hokimiyatga kelganidan buyon xorijiy mamlakatlarda yashayotgan 40 mingdan ziyod afg’onistonliklar qisqa mudatli gumanitar himoya uchun murojaat qilgan. Arizalarning 500 ga yaqini ma’qullangan.
AQSh kuchlari Afg’onistonni tark etganidan to’qqiz oy o’tib Bayden ma’muriyati afg’onistonliklar uchun Vaqtinchalik himoya maqomini joriy qildi. Unga ko’ra, AQSh hududida qolayotgan afg’onistonliklar navbatdagi 18 oy mobaynida deport qilinmaydi va qonuniy asosda mehnat qilish huquqiga ega bo’ladi. Ushbu statusning amal qilish muddati uzaytirilishi mumkin. Biroq avtomatik ravishda doimiy rezidentlik olishga kafolat bo’lmaydi.
AQSh hukumati 14-noyabr sanasidan boshlab yangi veb-sahifani ishga tushirdi: Ushbu platforma AQShda istiqomat qilayotgan afg’on qochqinlarining oila a’zolari bilan birlashishiga doir ko’rsatma va tegishli ma’lumotlar beradi.
Quyidagi veb-sahifa orqali Qo’shma shtatlardagi afg’onistonliklar vatanida yoki dunyoning boshqa mamlakatlarida qolgan yaqin qarindoshlarini okean ortiga olib kelishi uchun to’ldirilishi kerak bo’ladigan formalar va batafsil ma’lumotlarga ega bo’lishi mumkin: https://www.state.gov/afghanistan-family-reunification/
Ukrainlar
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishi ortidan Ikkinchi jahon urushi davridan buyon kuzatilmagan ommaviy qochish holati qayd etildi.
Dastavval ukrainlarning AQShga yo’l olish imkoniyati murakkab va mavhum bo’ldi. Aksariyat qochqinlar Yevropaning turli mamlakatlaridan panoh topdi.
Avvaldan AQSh vizasiga ega bo’lgan ukrainaliklar okean ortiga qonuniy asosda yetib keldi. 20 mingdan ziyod Ukraina fuqarolari AQSh-Meksika chegarasiga yetib olib, siyosiy boshpana so’rab murojaat qildi.
Rossiya bosqinidan ikki oy o’tib, Bayden ma’muriyati ukrainaliklar uchun Vaqtinchalik himoya statusini joriy qildi va 11-aprel sanasidan boshlab mamlakatdagi ukrainlarga taqdim etishni boshladi. Oq uy Ukrainani tark etgan 8 millionga yaqin qochqinning 100 ming nafarini qabul qilishga qaror qildi.
21-aprel sanasidan boshlab Vashington “Ukraina uchun birlashsh” dasturini e’lon qildi va xorijiy mamlakatlardagi ukrainlarga AQSh hududida shartli ravishda ikki yil qonuniy yashash imkoniyatini yaratdi.
Facebook Forum