Breaking News

Xalqaro terror guruhlari AQSh uchun hanuz tahdidmi?


So’nggi paytlarda terrorizmga qarshi kurash bo’yicha AQSh rasmiylari xalqaro terror tashkilotlari qoldiqlarini kuzatishda davom etish bilan birga, ular ta’siriga tushishi mumkin bo’lgan amerikaliklarni ham e’tibordan chetda qoldirmayapti.

Hukumatning terrorizm boʻyicha chiqargan soʻnggi ma’lumotiga koʻra, eng xavfli hujumchilar yolg’iz harakatlanuvchi yoki qandaydir tashqi e’tiqod ta’siriga tushgan shaxslar orasidan chiqishi mumkin.

Shunga qaramay, AQSh “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” kabi xalqaro terror guruhlarini yoddan chiqargani yo’q.

"Biz hali ham xorijda joylashgan va vatanimizda amerikaliklarga qarshi hujumlar uyushtirmoqchi bo'lgan tashkilotlar tahdididan ehtiyot bo'lishimiz kerak", - dedi Milliy aksilterrorizm markazi direktori Kristin Abizaid Yaqin Sharq siyosati bo’yicha Vashington instituti tomonidan uyushtirilgan tadbirda.

"Al-Qoida” va IShIDdan ilhom olgan tahdidlar hali ham mavjud", - deya qo’shimcha qildi rasmiy.

AQSh va uning hamkorlari tomonidan yillar davomida olib borilgan aksilterror amaliyotlari natijasida bu ikki guruhning imkoniyatlari ancha qisqargan; ularning yetakchilari o’ldirilgan.

“Islomiy davlat”

IShID, ayniqsa, so‘nggi 12 oy ichida ikki amirini boy berdi. O’tgan yili fevral oyida Suriya shimoli-g‘arbida AQSh maxsus kuchlari reydida Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurashiy yo’q qilingan edi. Ozod Suriya armiyasi tomonidan o'tgan oktyabr oyidagi operatsiyada esa Abu al-Hasan al-Hoshimiy al-Qurayshiy o’ldirilgan.

Bu ikki o‘lim orasidagi oylar ichida AQSh va uning Suriya va Iroqdagi hamkor kuchlari, shuningdek, Turkiya kabi ittifoqchilar IShIDning yana 10 nafar yuqori martabali yetakchisini o‘ldirdi yoki qo‘lga oldi.

Ammo IShIDga qarshi g‘alabalar guruh va uning bo‘linmalari ta’sirini batamom yo’q qila olgani yo’q.

"Biz IShIDning Afrika qit'asi bo'ylab kengayishini ko'rmoqdamiz. Afg'onistondagi IShID-Xuroson ishini va uning shu yaqin hududdan tashqariga chiqishi ehtimoliga guvoh bo’lyapmiz”, - dedi Abizaid.

“Al-Qoida”

“Al-Qoida” guruhi ham bir qancha jiddiy zarbalarni boshdan kechirdi. Avgust oyida Kobulda AQShning uchuvchisiz uchoqlari hujumida guruhning uzoq yillik yetakchisi Ayman al-Zavohiriy o’ldirildi.

"Zavohiriy bu tarmoqning tortishish markazi edi, - dedi Abizaid. - U turli xil filiallar tarmog'i uchun ham ramziy jihatdan, ham strategik jihatdan muhim bo’lgan".

AQSh razvedkasining so'nggi hisob-kitoblariga ko'ra, Zavohiriy o’ldirilgandan beri olti oydan ko’proq vaqt o’tganiga qaramay, guruhga hanuz yangi yetakchi tayinlanmagan.

"Eng yaxshi nomzodlar Eronda o'tirgan Sayf al-Adil va Abdul Rahmon al-Mag'ribiydir”, - dedi AQSh rasmiysi.

Uning qo’shimcha qilishicha, "Al-Qoida"ni e’tibordan chetda qoldirishga hali erta.

"Al-Qoida” muammosi hanuz mavjud”, - deydi Abizaid.

Suriya

Suriyadagi “Al-Qoida” qoldiqlari, xususan, Xurrasiddin nomi bilan tanilgan, 1000 dan 3000 gacha jangariga ega guruh ham AQSh rasmiylari e’tiborida turibdi.

"Ularning qaddi-qomati, al-Qoida tarmog'ining boshqa jihatlari bilan o'zaro bog'liqligi, menimcha, Hurrasiddinning ishtirokida muhim va haqiqatan ham aks sado beradi", - deydi Abizaid.

Abuzaidga ko’ra, Suriyadagi umumiy muhit “Al-Qoida”, IShID yoki boshqa terrorchi guruhlarga qo’l kelishi mumkin.

“Suriya boʻylab tarqalgan qochoqlar lagerlarida, qamoqxonalarda koʻp sonli radikallashgan shaxslar bor. Bu muammoga qarshi kurashilmasa, kelajakdagi xavf potentsiali oshadi”, - dedi Abizaid.

Eron

IShID va “Al-Qoida”dan tashqari, Eronga aloqador kuchlar va u Yaqin Sharq va hatto Afg'onistonda qo’llayotgan ba’zi guruhlar terrorchilik hujumlarini amalga oshirishdan tortinmayapti.

"Men Eronning xorijda teraktlar uyushtirishdan manfaatdorligini eng hayratlanarli voqealardan biri deb ta'riflagan bo'lardim”, - deydi Abizaid.

Livandagi “Hizbulloh” kabi ba'zi Eron ta’siridagi guruhlar borgan sari dadilroq harakat qilmoqda. "Bu shunchaki proksi jangi emas", - deya ogohlantiradi AQSh rasmiysi.

“Eron turli o’yinchilarga tahdid solish bo’yicha oʻz imkoniyatlarini ishga solmoqda”, - deydi Abizaid.

"Ular Amerika Qo'shma Shtatlari ichida o’z ishlarini amalga oshirish maqsadlariga egaligi haqida bizda haqiqiy dalillar borligi tashvishlanarli", - dedi u milliy xavfsizlik bo'yicha AQSh sobiq maslahatchisi Jon Boltonni o'ldirishga qaratilgan Eron fitnasiga ishora qilib.

"Qo'shma Shtatlardagi eronlik faollar va jurnalistlarga nisbatan tahdidlar ham doimiy va tashvishlidir", - deya qo’shimcha qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG