Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevni qish mavsumiga lozim tarzda tayyorgarlik ko’rmagani va oqibatda poytaxtda keskin energetik uzilishlar yuz bergani uchun ishdan olganini ma’lum qildi.
Bu O’zbekistonda boshlangan energetik inqiroz ortidan kuzatilayotgan eng yirik iste’fo. Lekin bu iste’fo energetik inqirozga bevosita javobgar Vazirlar Mahkamasi rahbariyatini nisbatan chetlab o’tmoqda.
“O’zbekneftgaz”, “Uztransgaz” rahbarlari shartli ravishda lavozimida qoldirilgan. Energetika vaziri o’rinbosari, “Issiqlik elektr stansiyalari ” boshlig’i ishdan olingan. Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga nisbatan esa biror chora ko’rilgani xabar qilinmadi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, hozirgacha turli ziddiyatli mojarolar bilan tanilgan Ortiqxo’jayevning iste’fosi uchun sabablar bungacha ham yetarli edi. Poytaxt hokimining jurnalistlarga qilgan zo’ravonligi, korrupsiyaga aloqadorligiga doir ma’lumotlar prezident e’tiboridan chetda qolgan va hokimlikdan olinishiga asos sifatida ko’rilmagan.
O’zbekiston navbatdagi energetik inqirozga cho’kib, poytaxt aholisida norozilik kuchayar ekan, hokim Ortiqxo’jayev bevosita javobgar bo’lmagan sohasi uchun ishdan olindi.
Prezident Mirziyoyev Ortiqxo’jayevni “noinsof, oyog’i yerdan uzilgan” kadrlar qatoriga kiritdi.
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Ortiqxo’jayev ishdan olinishi ortidan O’zbekistonni tark etishga uringan, lekin Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida ushlab qolingan. Sobiq hokim faoliyati ustidan surishtiruv o’tkazilishi kutilmoqda.
Faollarga ko’ra, mamlakatdagi energetik bo’hron hukumat inqiroziga ham ishora bermoqda va Mirziyoyev kadrlarni qurbonlikka tashlayapti.
“Mirziyoyev kadrlarni almashtirish siyosati bilan energetik inqirozdan chiqmoqchi. Ortiqxo’jayev energetika, gaz uchun javobgar emas, u aholi zich yashaydigan shaharning hokimi, xolos. Bu qaror shu shahar aholisidagi norozilikning oldini olish, hovuridan tushirish uchun qilindi, energetik inqirozni yechish uchun emas. Bu avvaldan qo’llanib kelingan usul. Biror joyda norozilik, inqiroz kuchaysa, kadrlarni almashtirish bilan vaziyatdan chiqish. Bu qarorda mutanosiblik yo’q, aksincha hukumat inqirozga tushayotganidan darak”, - deydi mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurod.
O’zbekistonda sovuq ob-havo, shu barobarida gaz, elektr chirog’i yetishmovchiligi hanuz davom etmoqda. Poytaxtdagi ko’p qavatli uylar aholisi ham xonadonlarini o’t yoqib isitishga majbur qolmoqda.
Hukumat, jumladan, energetik vaziyatga doir yig’ilish o’tkazgan Mirziyoyev ham inqiroz qachon bartaraf etilishini ochiq aytayotgani yo’q.
Mahalliy matbuot Turkmaniston O’zbekistonga gaz sotish bo’yicha majburiyatini bajarmayotgani, Turkmanistonda ham gaz bosimi keskin pasaygani haqida ma’lumot tarqatdi. O’zbekiston Energetika vazirligi qo’shni davlatdan (Turkmaniston) gaz import qilishda uzilishlar mavjudligini tasdiqladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa inqiroz sabablariga doir munozaralar qizigan. Buning ortidan O’zbekiston Rossiya taklif etgan “gaz ittifoqi”ga qo’shilishni rad etgani, Rossiya o’z navbatida Turkmanistonga bosim o’tkazganiga doir mulohazalar ham mavjud.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, “uch tomonlama gaz ittifoqi” tashabbusini surayotgan Rossiya gaz importi evaziga O’zbekiston bo’ylab uni tashish nazoratini qo’lga olishga urinmoqda va mamlakat gaz transporti tizimini “Gazprom”ga sotish taklifini o’rtaga qo’ygan. Bu Toshkent tomonidan rad qilingan, deyiladi mahalliy matbuot bergan xabarda.
Ammo faollarga ko’ra, O’zbekistondagi energetik inqiroz sababini Rossiyadan ko’rish hukumatni inqiroz mas’uliyatdan xalos etmaydi.
“Agar inqiroz sababi Turkmaniston bo’ladigan bo’lsa, hukumat buni jamoatchilikka ochiq aytishi kerak. Ammo muammo yangi emas, azaldan mavjud. Rossiya bilan hamkorlik ham avvaldan shunday, agar O’zbekiston energetik zaxiralarining 10 foizi Rossiyaga tegishli deb ko’rilsa, aynan shu foizning bu kabi yirik inqirozni yuzaga chiqarishida ham hukumat aybdor. O’zbekistonning energetik zaxiralari o’zi uchun yetarli, hozirgi inqiroz hukumatning layoqatsizligi tufayli. Ehtimol bu bilan jamoatchilik atayin Rossiya tomoni surayotgan boshqa bir yirik loyiha - atom stansiya qurilishiga tayyorlanmoqda. Hukumat jamoatchilikka atom stansiyasi qurishdan boshqa choramiz yo’q, degan fikrni singdirmoqchidir”, - deydi Yusuf Ro’zimurod.
O’zbekiston muqaddam energetik zaxiralarini eksport qilib kelgan, jumladan, tabiiy gaz Rossiyaga sotilgan, keyinchalik gaz eksportida Xitoy yo’nalishi ochildi.
Ammo ichki iste’mol sur’ati oshishi ortidan eksport hajmi tobora qisqardi, so’nggi yillardan esa importga ehtiyoj tug’ildi.
Bu nafaqat ichki iste’mol oshishi, balki mamlakatda gaz ishlab chiqarish hajmi qisqarishi bilan ham bog’liq ko’riladi. O’zbekistonda elektr ishlab chiqarishning asosiy hajmi esa tabiiy gaz hisobiga to’g’ri keladi.
Facebook Forum