Turkiyaning markaziy hududlari va Suriyaning shimoli-g’arbida 6-fevral tongi va tushdan keyin 7,8 ballgacha kuzatilgan zilzilalar oqibatida jami 1800 dan ziyod o’lim qayd etildi.
“Jill (birinchi xonim) va men Turkiya va Suriyada minglab inson umriga zomin bo’lgan zilzila fojiasidan chuqur qayg’udamiz. Mening ma’muriyatim NATO bo’yicha ittifoqchimiz Turkiya bilan yaqindan hamkorlik qilib, zudlik bilan yordam ko’rsatishga kirishgan. Mening farmonimga ko’ra, AQShning yuqori martabali rasmiylari turkiyalik hamkasblari bilan bog’lanib, zarur yordam turlari bo’yicha kelishib oldi”, - deyiladi Prezident Jo Bayden bayonotida.
Yordam Suriyaga ham berilishi haqida to’xtalar ekan, AQSh rahbari bu ikki mamlakatda o’z yaqinlaridan ayrilgan, xonadonlari va bizneslari vayron bo’lgan minglab odamlar bilan hamdard ekani bildirdi.
Dunyo mamlakatlari Turkiya va Suriyaga qidiruv-qutqaruv operatsiyalari uchun yordam yo’llashda davom etar ekan, AQSh Prezidenti Jo Bayden USAID tashkiloti va boshqa federal idoralarga bu ikki mamlakatga yordam variantlarini ko’rib chiqib, maksimal ko’mak berish vazifasini yukladi.
Prezident farmoniga doir bayonotni uning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan e’lon qilar ekan, har ikki mamlakatda yuz bergan tabiiy ofat va yo’qotishlar yuzasidan ta’ziya va hamdardlik bildirdi.
“Biz lozim bo’lgan har qanday yordamni yetkazishga tayyormiz”, - dedi Sallivan.
Turkiya Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarni boshqarish idorasi (AFAD) bayonotiga ko'ra, zilzila qurbonlari 1498 kishiga yetgan.
Jarohatlanganlar 7600 nafardan oshgan. Kamida 2834 ta bino vayron bo'lgan.
Episentri Turkiyada qayd etilgan zilzila 11 yildan beri fuqarolik urushi domidagi Suriyada kamida 783 kishining o'limiga sabab bo'ldi. Bu haqda "Al-Jazira" telekanali ma'lum qildi.
Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’anning ta’kidlashicha, bu qadar kuchli zilzila mamlakatda 1939-yildan beri qayd etilmagan. Yer silkinishi, Suriyadan tashqari, Kipr va Livanda ham sezilgan.
Erdog’anning bildirishicha, qidiruv-qutqaruv operatsiyalari davom etar ekan, qurbonlar soni soat sayin ortib bormoqda. Turkiyaga shu paytgacha 45 mamlakatdan qutqaruvchilar, tibbiy xodimlar, texnika, tibbiy uskuna va dori-darmonlar bilan birga gumanitar yordam yuklari yetib kelgan.
Turkiyada 1939-yilda yuz bergan eng kuchli ofatlardan biri Erzinjan zilzilasida qariyb 33 ming fuqaro halok bo'lgan, 100 mingdan ziyod odam jarohat olgan edi. 1999-yilda kechgan Izmit zilzilasi 17 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketgan.
Facebook Forum