Isroilda Benyamin Netanyaxuning bosh vazirlikka qayta saylanishi Isroil-Turkiya munosabatlari iliqlashayotgan davrga to’g’ri kelmoqda. O’tmishda haqoratomuz izohlar bilan almashgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an va Netanyahu aloqalari bundan keyin qanday bo’lishi kutilmoqda?
Netanyaxu kelasi ikki kun ichida koalitsion hukumat tuzishga ulgurishi kerak.
“Bu ikki rahbar so’z bilan ko’p olishgan. Ayniqsa 2018-yilda munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan harakat natija bermagach. Ammo har ikkisi o’ta pragmatikdir. Ular ko’pdan beri hokimiyat tepasida”, - deydi Tel-Avivdagi Xavfsizlikni o’rganish milliy institutidan Galliya Lindenshtraus.
Netanyaxuning saylovdagi g’alabasidan so’ng Erdog’an unga qo’ng’iroq qilib birinchilardan tabrikladi, har ikkisi suhbat samimiy kechganini aytdi.
Isroil va Turkiya Eronning mintaqada ta’siri kuchayayotganidan, uning yadro dasturidan birday xavotirda.
“Turkiya-Isroil munosabatlarida katta o’zgarishlarni ko’ryapmiz. Bu har ikki tomon uchun foydalidir. Eron Isroil uchun katta bosh og’riq. Ayniqsa Netanyaxu Eron yadro dasturiga katta shubha bilan qaraydi. Unga ko’ra, Eron yadro kuchlari deyarli tayyor. Bu Turkiyaning hayotiy manfaatlariga to’g’ri kelmaydi. Bu Yaqin Sharqda kuchlar muvozanatining buzilishiga olib keladi”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Netanyaxuning koalitsion hukumatiga falastinliklarga nisbatan qattiq siyosat yuritish tarafdori bo’lgan siyosatchilarning kirgani ayrim tahlilchilar nazarida Turkiya bilan to’qnashuv ehtimoliga turtki berishi mumkin. Erdog’an Falastin va ularning intilishlarini qattiq qo’llab-quvvatlab kelgan. Biroq Vashingtondagi bir turk siyosatshunosi fikricha, Anqaraning ustuvor yo’nalishlari o’zgargan bo’lishi mumkin.
“Oldin Falastin masalasi Turkiya-Isroil munosabatlarida lakmus qog’ozi vazifasini bajarardi. Ammo hozir mening nazarimda Turkiyaning Isroilga yordami kerak, Isroil bilan strategik aloqa o’rnatilgan”, - deydi Brukings tahlil institutidan Asli Oydintoshbosh.
Erdog’anning Isroil bilan aloqalarni iliqlashtirishga intilishi Turkiyaning mintaqadagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan siyosatining bir bo’lagidir. Kuzatuvchilarga ko’ra, mintaqaviy rahbarlarning ba’zilari Erdog’anning Falastin masalasiga nisbatan qat’iyati va xayrixohligidan xursand bo’lmagan.
Ammo endi Anqara Isroil bilan energetika sohasidan boshlab mudofaagacha hamkorlik qilishni ustuvor deb belgilagan ko’rinadi.
“Turkiya Isroil bilan harbiy hamkorlikni yana o’rnatishga intilmoqda. Isroil bilan bu sohada ish qilganman va juda yaxshi shartnomalar tuzganmiz”, - deydi turkiyalik rasmiy.
Isroil va Turkiya mudofaa sanoatlari ayni bozorlarga ishlaydi. Bu mamlakatlar rahbarlarining o’tmishdagi hissiyotli aloqalarini hisobga olganda, deydi kuzatuvchilar, har qanday hamkorlik ehtiyotkorlik bilan amalga oshiriladi.
Facebook Forum