Donald Tramp Respublikachilar partiyasi tomonidan ketma-ket uchinchi marta prezidentlikka nomzod boʻlish uchu kurashmoqda. Ammo bu oson kechmasligi mumkin. Respublikachilar orasida nufuzli “Amerikaliklar farovonlik uchun” yirik konservativ guruh 2024-yilgi saylovda sobiq prezident Donald Trampdan boshqa nomzodni qo’llab-quvvatlashini e’lon qildi.
Yakshanba kuni "Amerikaliklar farovonlik uchun" harakati bosh direktori va harakatga aloqador boshqa siyosiy guruhlar katta maslahatchisi Emili Zaydel o'z tashkiloti xodimlariga va guruh faollar tarmog'iga tashkilotning 2024-yil uchun strategiyasini belgilab beruvchi uch sahifali xat yubordi.
“Mamlakatimiz yangi sahifasini yozish uchun biz o‘tmish sahifasini ochishimiz kerak, - deb yozdi u. - Demak, mamlakat uchun eng yaxshi narsa 2025-yilda yangi sahifani ifodalovchi prezidentga ega bo'lishdir”.
Yirik konservativ ovoz
“Amerikaliklar farovonlik uchun” guruhi 2004-yilda konservativ siyosat maydonida faol milliarder sanoatchilar aka-uka Charlz va Devid Koxlar ko‘magida tashkil etilgan. Oʻzining mablag’ yig’uvchi “super PAC” tizimi orqali va boy faollarning umummilliy tarmogʻi bilan hamkorlikda guruh AQShdagi siyosiy kampaniyalarga yuzlab million dollar mablagʻ yoʻnaltirgan.
Mutaxassislarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bu konservativ guruhning Trampga qarshi faol tashviqot olib borishi noyabr oyida oʻz nomzodini eʼlon qilgan, ammo hozircha saylovoldi tashviqot tadbirlarini kam oʻtkazayotgan sobiq prezident uchun jiddiy qiyinchilik tugʻdirishi aniq.
"Amerikaliklar farovonlik uchun" harakati so'nggi o'n yarim yil ichida konservativlar tomonida eng nufuzli moliyaviy guruhlaridan biri bo'ldi, - deydi "Responsive Politics Center" markazining tadqiqot va strategiya bo'yicha direktori Sara Brayner.
"Ular umumiy sarflangan pul miqdori bo'yicha juda yuqori o'rinni egallaydi va bu biz biladigan pul. Biz bilmaydigan pullar ham bor, - deya qo’shimcha qiladi u. Ularning ulkan tarmog'i bor va mamlakatdagi eng muhim konservativ donorlar ularga homiylik qiladi. Bu guruhning Donald Trumpga "Rahmat, lekin kerak emas" deyishi uning saylovoldi kampaniyasi uchun katta yo’qotish”.
Boshqa nomzod kim?
Virjiniya universiteti tahlilchisi Kayl Kondik “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, guruhning qarori jiddiy, ammo uning yakuniy ta’siri qanday bo’lishi hali aniq emas.
"Menimcha, bu juda muhim - Kox apparati juda yaxshi moliyalashtiriladi va ularning qo'llab-quvvatlashi respublikachi nomzodlar tanlovida ahamiyatga ega bo’lishi mumkin. Menimcha, konservativ tashkilotlar va siyosiy elita hech qachon Trampni respublikachi saylovchilarning ko‘pchiligi kabi qo‘llab-quvvatlamagan va Tramp bu kabi guruhlarning muxolifatidan o‘z foydasi yo’lida foydalanayotganini tasavvur qila olaman”, - deydi u.
“Oxir-oqibat, bu guruh va boshqalar Trampga haqiqiy muqobil nomzod atrofida birlashishi kerak. Florida gubernatori Ron DeSantis bu qoʻllab-quvvatlashni olish uchun eng mantiqiy odamga oʻxshaydi, ammo biz kampaniyaning boshida turibmiz va DeSantis hali nomzod emas. Ammo agar konservativ elita Trampning nomzod bo'lishini istamasa - va ularning ko'pchiligi buni xohlamasligi aniq - ular uni to'xtatish uchun harakat qilishlari kerak bo'ladi. Ushbu e'lon hech bo'lmaganda o'sha guruhlarning ba'zilari bunga harakat qilishidan dalolat beradi", - deya qo’shimcha qiladi Kondik.
Trampga qarshi boshqa respublikachilar
Yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida respublikachilar siyosatida ta’sirga ega va asosan, soliqlarni kamaytirish hamda boshqa iqtisodiy siyosat masalalariga e’tibor qaratadigan “O‘sish klubi” ham 2024-yilda prezidentlikka yangi respublikachi nomzodni ko’rishni istashini bildirdi. Respublikachilar partiyasining asosiy donorlari milliarder Stiven Shvartsman va Kennet Griffin ham Trampni qo’llab-quvvatlamasligini e’lon qildi.
Biroq Tramp, 2016-yilda bo‘lgani kabi, partiya elitalarining nafrati va qarshiligini o’z foydasiga qurol sifatida ishlatib, saylov kampaniyasida muvaffaqiyat qozonishi ham mumkin.
Shu sababli ayrim ekspertlar sobiq prezidentga muxolif respublikachi donorlar o’z qarorida qanchalik qat’iy ekanini savol ostiga olmoqda.
"Agar Tramp buni uddalay olsa, muxoliflar boshqa kuch chalishga o’tishi mumkin", - deydi Vashingtondagi tadqiqotchi Robert Maguayr.
Boshqa ehtimoliy nomzodlar
Hozircha Tramp respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlar orasida rasman ishtirok etishini e’lon qilgan yagona nomzod bo‘lib turibdi. Yana bir necha respublikachi siyosatchi poygaga qo’shilishi kutilyapti.
Trampning ehtimoliy raqiblaridan ba'zilari uning ma'muriyatidagi sobiq amaldorlardir.
Tramp prezidentligi davrida AQShning BMTdagi elchisi bo‘lib ishlagan Janubiy Karolina sobiq gubernatori Nikki Xeyli tez orada o‘z nomzodini e’lon qilishi mumkin. Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan Jon Bolton ham nomzodini e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgan.
Tramp ma’muriyatining sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens ham nomzodini e’lon qilishi mumkin. Sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo ham yana bir ehtimoliy nomzod.
Florida gubernatori DeSantis Trampning eng kuchli raqibi sanaladi. Ikkinchi muddatga saylangan mashhur gubernator hali prezidentlik sayloviga rasman qiziqish bildirgani yo'q.
Respublikachilar partiyasidan nomzodlikka da’vogarlik qilmoqchi bo‘lganlar orasida 2016-yilda Trampga imkoniyatni boy bergan Texas senatori Ted Kruz va Virjiniya gubernatori Glen Yangkin ham bor.
Facebook Forum