Breaking News

Turkiya va Suriyada qutqaruv ishlari davom etmoqda


Turkiyada 18 mingdan ortiq odamni nobud qilgan dahshatli zilzilalardan 4 kun o’tib ham qutqaruv ishlari davom etmoqda, vayronalar ostidan mo’jizali ravishda tirik odamlar chiqarilmoqda.

Xalqaro hayot - 10-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:32 0:00

Bugun Adiyaman viloyatiga safar qilgan Prezident Rajab Toyib Erdog’an hukumat zilzilalardan keyin tez chora ko’rmaganini tan olib, palatkalarda yashashni istamagan vatandoshlariga bir yil davomida ijara haqqi davlat hisobidan to’lab berilishini va’da qildi.

Oddiy odamlar ham tashabbusni qo’lga olib, jabrdiydalarga yordam berishni yo’lga qo’ygan.

“Zilzilaning ertasigayoq to’yxonalarni ochib, odamlardan xayriyalar to’play boshladik. Kimdir oziq-ovqat, kimdir ko’rpa-to’shak, kimdir gigiyena vositalari, har xil narsalar olib kelmoqda”, - deydi Istanbuldagi bir to’yxona boshqaruvchisi Elif Po’lat.

Minglab odamlar ko’ngilli sifatida xayrli ishga qo’l urmoqda.

“Ota-onam Adanada turadi, Antakiyada esa do’stlarim bor. Har ikki joyda yer qimirlagan. O’zim u yerlarga hozir borolmayman, ammo yordam bergim keldi”, - deydi ulardan biri.

Shaharning muxolif respublikachilar partiyasiga mansub hokimi Ikrom Imomo’g’li ofat zonalariga qutqaruvchilarni safarbar etgan, gumanitar yordam tashabbuslarini muvofiqlashtirmoqda.

Poytaxt Anqara hokimi Mansur Yavash ham muxolifat a’zosi. Zilziladan zarar ko’rgan hududlarda aeroportlarni ta’mirlash uchun mutaxassislar ajratgan.

Ba’zilar hukumatni o’z vaqtida chora ko’rmagani uchun tanqid qilmoqda. Ko’plar 1999-yilda Istanbuldan 100 kilometr narida joylashgan Izmit shahrida 18 ming odamni nobud qilgan zilzilani yaxshi eslaydi.

“1999-yilda juda yomon bo’lgan. Ancha qiynalganmiz. Hozir yana o’sha xotiralar qaytib keldi. Shunga uyda o’tirgim kelmadi, bu yerga kelib yordam bergim keldi”, - deydi yana bir ko’ngilli.

Mahalliy va xorijiy qutqaruvchilar ofat zonalarida tinimsiz ishlayapti. Xususan germaniyalik mutaxassislar bugun Qiriqxon shahrida zilziladan 104 soat o’tib qulagan imorat ostidan bir ayolni tirik chiqarishga muvaffaq bo’ldi.

"Mo’jizalarga ishonishni boshlayapman”, - dedi qutqaruvchilar jamoasi sardori, shifokor Stiven Bayer.

Nurtog’i shahrida esa ispan qutqaruvchilarini ko’rsa bo’ladi. Bugun ular bir ayol va ikki farzandining hayotini saqlab qoldi.

“Bu yerga kelib ishlash biz uchun sharafdir. Jamoamiz vayrona ostida odamlar borligini payqaganidan so’ng bir sutkadan ko’p mehnat qilib, ularni qutqarishga muvaffaq bo’ldik”, - deydi jamoa vakili Aurelio Soto.

Qizning yoshi 6 da, bolaniki esa 2 da ekani ma’lum.

Turkiyaning Qahramonmarash shahrida esa bugun 4 yashar qizaloq bir necha soatlik amaliyot natijasida qutqarildi.

Hatayga borgan xitoylik qutqaruvchilar esa payshanba kuni Belen shahrida 5 kishi, jumladan 3 bolani xaroba ostida chiqargan. Barchasining bir oila a’zolari ekani ma’lum.

Hatayda, shuningdek, istanbullik mutaxassislar vayronalar ostida 89 soat qolib ketgan bir bolani hamda bir ayolni 10 kunlik chaqalog’i bilan qutqarishdi.

Isroillik qutqaruvchilar ham ishini to’xtatgani yo’q. Bugun Qahramonmarash shahrida 10 yashar bolaga ikkinchi hayot bag’ishlandi. Jamoa jami 18 kishini qutqarganini ma’lum qildi.

Payshanba kuni Qahramonmarashda zilziladan 3 kun o’tib bir chaqaloqning, Hatayda esa bir ona va 10 kunlik go’dakning topilishini kimdir mo’jiza, kimdir Yaratganning marhamati deb atamoqda.

Ofat zonalarida odamlar juma namozini ko’chada o’tkazishga majbur bo’ldi.

"Bu o’g’ir va sinovli kunlar ham o’tib ketadi, Allohning yordami bilan bu qiyinchiliklardan o’tamiz”, - deydi qahramonmarashlik bir imom. (Selami Aydin)

Bugun dunyo bo’ylab musulmonlar juma namozida Turkiya va Suriyada nobud bo’lgan insonlar ruhiga duo qildi. Pokiston, Hindiston, Indoneziya, Bangladesh va ko’plab boshqa mamlakatlarda jabrdiydalar uchun xayriya to’planmoqda.

Zilzilalarda 3000 dan ortiq odamni yo’qotgan qo’shni Suriyada ham qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Mamlakat prezidenti Bashar Assad va uning rafiqasi bugun Halab universiteti kasalxonasida bo’lib, jabrdiydalar ahvolidan xabar oldi.

Suriya hukumati BMTdan yordamni tezlashtirishni so’ramoqda

G’arb sanksiyalariga yuz tutgan Suriya hukumati BMTni gumanitar yordamni tezlashtirishga chaqirib, uni Turkiya chegarasi orqali emas, to’g’ri Suriyaga yetkazishni so’radi. Ma’lumki, Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh hududlari Assad hukumatiga qarshi urushgan isyonchilar qo’lida.

Halab viloyatining Jinderis shahrida vayronalar ostidan 5 yashar bola qutqarilgan. Ahmad Abduljabbor Azaz shahridagi kasalxonaga yetkazildi. Biroq ota-onasi halok bo’ldi.

Azazda oilasini tirik ko’rishdan umidini uzgan bir ota payshanba kuni bir yarim yashar o’g’lini yana o’z bag’riga bosish baxtiga muyassar bo’ldi. Ibrohim ismli bolakay Afrin shahridagi kasalxonada bo’lgan ekan. Uni kasalxonaga yetkazgan bir odam ijtimoiy sahifada Ibrohimning videosini chop etishi ketidan otasi undan xabar topdi.

Ota rafiqasi va qizining o’lganini, yana bir o’g’lidan darak yo’qligini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG