Turkiyada hukumat yillardan beri qurilish qoidalariga ko'z yumayotganlikda, zamonaviy kodekslarning buzilishiga loqaydlikda ayblab kelinar edi. Mutaxassislar deydiki, mutasaddilar hatto ataylab tartibni yumshatgan, aholiga uy-joy kerak, deya bahona qilgan. Geologiya va muhandislik idoralari esa ularga qarshi chiqib, ogohlikka chaqirgan.
Bu haftadagi zilzila Turkiya va Suriyada 33 mingdan oshiq odamni hayotdan olib ketdi. Shahar va qishloqlarni vayron qildi.
"Qurilishlarda ayb, zilzilada emas", - deydi Deyvid Aleksander, London universiteti professori.
Ekspertning aniqlashicha, qulagan binolar o'ta zaif barpo etilgan, ularga nomaqbul materiallar ishlatilgan.
"Hukumat ularda o'z me'yorlari buzilganini ham sezmagan yoki ularga e'tibor bermagan", - deydi Eyup Muhju, Turkiya me'morlari kengashi rahbari.
O'tgan 20 yilda qad ko'targan imoratlar hozir yer bilan yakson. Bu vaqt mobaynida esa tizim qurilish qoidalarini yumshatgan. Hududlar zilzila xavfi ostida ekaniga qaramay standartlarga javob bermaydigan inshootlar qurilavergan.
Me'yorlarga asoslanib qurish uchun mablag' yo'qligi asosiy bahona sifatida qayd etilgan.
Kamida 12 ming imoratni ag'dargan ketma-ket zilzila qudrati ham past baholanmaydi. Birinchisi ertalab 4:17 da yuz bergan, 7,8 ballda.
Hukumat hozirda xatolarini tan olmoqda va tartibni mustahkamlashga so'z bergan. Turkiya zamondan orqada emas, deydi rasmiylar, vaholanki, kodeks amalda aksariyat hollarda tatbiq etilgan.
Turkiya seysmologik jihatdan tahlikali hududda joylashgan. 15 milliondan oshiq aholiga ega Istanbul, eng yirik shahar, janubdagi zilzila ketidan vahima ichida.
Adliya vaziri Bekir Bozdag barbod bo'lgan binolarni kim qurgani, qanday bunyod etganini tekshira boshlagan. Javobgarlar jazolanadi, deydi vazir.
Mutaxassislar fikricha esa ayb avvalo poytaxt Anqaradagi rahbarlarda. Mahalliy mutassaddilarni va tadbirkorlarni sudlash yoki ularga jarima solish bilan adolat ta'minlanmaydi, deydi ekspertlar.
Zaif inshootlar - Rajab Toyib Erdog'an olib borayotgan iqtisodiy siyosat mahsuli, degan qarash keng tarqalgan.
2018-yilda prezident va parlament saylovlari oldidan hukumat bizneslarga qator amnistiyalar bergan. Bunday imtiyozlar oldin ham taklif qilingan. Siyosatchilar ularni "zararsiz yordam" deb izohlagan, jumladan qurilish sohasida. Kattayu kichik kompaniyalar yirik xatolari uchun ozgina jarima to'lab qutulgan, natijada kodeksning ahamiyati pasaygan.
Turkiyada ayni damda 13 millionga yarin turar joy standartlarga javob bermasligi ma'lum. Ruxsatsiz qurilgan xonalar, balkonlar, arzon uylar.
2021-yilda Turkiya geolog muhandislari kengashi bu haftadagi yer qimirlashidan mislsiz zarar ko'rgan Kahramanmarash, Hatay va Osmaniye kabi shaharlardagi xavfli obyektlar haqida ogohlantirgan. Biroq kengash tavsiyalari chetga surilgan.
1999-yilda Turkiya shimoli-sharqida ikki bor yer qimirlab, qariyb 18 ming odam o'lgan edi. Shu hududga yaqin joylashgan Istanbulda qator choralar ko'rilgan. Biroq kambag'al shaharlar arzon material, malakasiz ish kuchi, tajribasiz boshqaruvga tayanishga majbur.
Loqaydlik juda qimmatga tushdi, deydi Turkiya me'morlari kengashi rahbari Eyup Muhju. "Minglab insonlarning hayoti xazon bo'ldi. Iqtisodiy zarar cheksiz".
Yangi qurilgan va "xavfsiz" deya reklama qilinayotgan imoratlar ham bu haftadagi zilzilaga dosh berolmagan. Hatay viloyatida aeroport va kasalxonalar ham barbod bo'lgan.
Qadim shahar Antakyada 2013-yilda qurilgan 12 qavatli bino qulagan. Ichidagi 250 kvartirada qolib ketganlarni qutqarish ishlari davom etmoqda. O'liklarning soni ko'p. Malatya shahrida ham o'xshash ahvol.
Prezident Erdog'an may oyida prezident va parlament saylovlariga tayyorlanmoqda. Davlat rahbari zilzila zarari uchun javob berishi kerak, degan talab kuchli.
Erdog'anning hokimiyatga kelganiga 20 yildan oshdi. Bu davrda Turkiyada yangi aeroportlar, yo'llar, ko'prik va kasalxonalar qurilgani bilan prezident maqtanib keladi.
Erdog'an zilziladan keyingi manzarani ko'zdan kechirar ekan, bir yil ichida hammasi tiklanadi, deya va'da bermoqda.
"Biz buni eplaymiz, chunki qurilish biznesining ustasimiz", - deydi u.