AQShda yuzaga kelgan tuxum yetishmovchiligi Meksika bilan chegarada noodatiy va noqonuniy savdoning avj olishiga turtki berdi.
“O’tgan uch oy davomida qo’lga tushgan noqonuniy tovuq mahsulotlari, ayniqsa, tuxumlar soni 108 foizga oshdi. Ularning aksariyati El-Paso chegarasida musodara qilingan”, - deydi bojxona va chegara xodimi Luis Karlos Masias.
Texas, Arizona va Kaliforniya shtatlarida so’nggi haftalarda tuxum kontrabandasi avj oldi.
AQShda ko’plab parrandalar qush tumovidan nobud bo’lishi natijasida tuxum narxi oshib ketgan.
Ularni Meksikada arzon narxda sotib olib, AQShga noqonuniy olib kirish mo’may biznesga aylandi. Ammo qo’lga tushganlarni og’ir jarimalar kutmoqda.
“Agar bojxona orqali rasmiylashtirmasangiz, ular nafaqat musodara qilinadi, balki birinchi martasida 300 dollar jarima ham solinadi. Ikkinchi marta qo’lga tushsangiz, 1000 dollar to’laysiz”, - deydi Masias.
Xulio Ranxel kabi iste’molchilar qimmatchilik odamlarni shunga majburlayotganini, ammo qoidalarga rioya qilish kerakligini aytadi.
“Jarima asosli, chunki Meksikadan kelayotgan tuxumlarda kasallik bo’lishi mumkin. Biz buning chorasini ko’rishimiz, narxlar oshganda esa shunga moslashishimiz kerak”, - deydi Ranxel.
Ikki dollardan kamga sotilgan 10 ta tuxum narxi besh dollargacha ko’tarildi.
Meksikada uning narxi ikki barobar arzon.
Bojxona xodimlarining aytishicha, AQShda sotish maqsadi bilan tuxum olib kirganlar 10 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin.
Facebook Forum