Kaliforniya aholisi Turkiya va Suriyada yuz bergan zilziladan jabr ko’rganlar uchun yordam yig’moqda. Issiq ko’rpa va qishki kiyimarga ehtiyoj katta, deydi ular.
Erta tongdan Los-Anjelesdagi masjid odamlar bilan gavjum. Shahar aholisi Turkiya va Suriyaga jo’natish uchun issiq kiyim-kechak va boshqa zarur ashyolarni xayriya qilmoqda.
“Turkiyaliklar uchun qishki kiyim yig’yapmiz. Turkiyada katta falokat yuz berganidan xabarimiz bor. Hozir musulmon yoki nomusulmon bo’lishidan qat’i nazar, kimdir jabr ko’rsa, ularga yordam berishimiz kerak. Ularning har biriga yordam qo’lini cho’zyapmiz”, - deydi Qirol Fahd masjidi rahbari Rauf Patel.
“Bir qancha kiyimlar jo’natdim. Hozir bizga ko’rpa va shu kabi qishki kiyimlar kerak”, - deydi Sulaymon ismli faol.
Kaliforniya bo’ylab ko’plab odamlar zilziladan aziyat chekkanlarga yordam berish uchun oyoqqa turdi.
Shimoliy kaliforniyalik Nurdan Sivi qo’shiqchi. U uzoq yillardan beri turkiyalik bolalar ta’limi uchun xayriya yig’ib keladi.
“Bolalarni maktabga jo’natib, ularga stipendiya tayinlash o’rniga yig’ilgan pullarni yangi maktablar qurishga sarflamoqchimiz. Mablag’ni ehtiyoj kattaroq bo’lgan narsaga ishlatamiz”, - deydi u.
Tadbirkor Murat Karslioglu o’zining barcha yuk mashinalarini yig’ilgan yordamni San-Fransisko va Los-Anjelesdagi aeroportlarga tashish uchun safarbar qildi. Ko’plab qutilar ayollar va yosh bolalar uchun issiq kiyimlar va gigiyena vositalari bilan to’ldirilgan.
“Bu yerdan turib biz qila oladigan yagona narsa ularga tirik qolishi uchun kerakli ko’rpa, chodir kabi narsalarni jo’natish. Chunki kelasi uch oydan olti oygacha ularga juda qiyin bo’ladi. Shundan keyin ham qayta tiklash yillarni olishi mumkin”, - deydi Murat.
AQSh yordam guruhlari zilzila hududlariga borib, bevosita qutqaruv ishlarida ham qatnashmoqda. Ular o’zlari bilan tonnalab yordam yuklarini olib borgan.
Kaliforniyaliklar zilzila ofatining nima ekanini yaxshi biladi. Chunki ularning shtati San-Andreas tektonik mintaqasida joylashgan. Hududda kuchli va falokatli zilzilalar yuz berishi ehtimoli yuqori.
Facebook Forum