Qariyb 200 yil oldin AQSh hukumati Cheroki qabilasi vakiliga Kongressdan joy ajratishga va’da bergan. Ammo hozirgacha bu va’da bajarilgani yo’q. Uch Cheroki qabilasidan qay biri Kongressda o’rin egallashi borasida ham kelishmovchiliklar mavjud.
200 yil oldin Cheroki qabilasini ota-bobolari yashagan hududlardan haydab chiqarganidan so’ng AQSh Prezidenti Endryu Jekson 1835-yilda Yangi Exota kelishuvini imzolagan.
“Kelishuvning 7-moddasiga ko’ra, qabila AQSh Vakillar palatasida o’z delegatiga ega bo’lish huquqiga ega. Kongress bu haqda qaror chiqarsa bo’ldi”, - deydi huquqshunos Kevin Voshbern.
Cheroki Kongress bu va’dani bajarishini, qabila vakiliga palatadan joy ajratilishini istaydi. Qoidaga ko’ra, delegatlar qonun loyihalarini taklif etishi mumkin, ammo ovoz berish huquqiga ega emas.
Bu masala bo’yicha o’tgan yili Kongressda tinglov bo’lib o’tgan edi, lekin yakuniy qarorga kelinmagan.
“O’sha tinglovda va’da berilgani tan olindi. Va’da Cheroki xalqiga berilgan. Endi Amerika so’zida tursa bo’lgani”, - deydi “Cherokee Nation” qabilasi rahbari Chak Hoskin.
Bir muammo shuki, bugungi kunda AQSh hukumati tomonidan tan olingan uchta Cheroki qabilasi bor. Eng kattasi “Cherokee Nation” 430 ming a’zoga ega. Yana biri Oklaxomada, Cheroki Kituva hindulari. Uchinchisi esa Shimoliy Karolinadagi Cheroki hindularining sharqiy guruhi.
Cheroki hindularining sharqiy guruhi rahbari Richard Snidning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Cheroki xalqi bilan tuzilgan ushbu shartnomani bu xalq nomidan gapiruvchi har uchala qabilani jalb qilmasdan turib bajarishning imkoni yo’q.
Hoskinga ko’ra esa kelishuv faqat uning qabilasiga tegishli.
“1835-yilgi shartnomani “Cherokee Nation” imzolagan. Undan keyin Cheroki hindularining sharqiy guruhi tan olingan. 1950-yilda, Yangi Exota kelishuvidan bir asrdan ortiq vaqt o’tgach, Cheroki Kituva hindulari guruhi Kongress qarori bilan vujudga kelgan. Shunday ekan, uch qabila shartnoma bo’yicha teng da’voga ega deyish bema’nilik”, - deydi u.
Hozirda AQSh Kongressida Kolumbiya okrugi, Samoa, Guam, Shimoliy Mariana orollari va Virgin orollari o’z delegatlariga ega.
Facebook Forum