1819-1969 yillarda Amerikaning 37 shtati va hududida tub aholi farzandlarini oq tanlilar jamiyatiga singdirish uchun 400 dan ziyod internat maktablar bo’lgan, ular federal hukumat quvvatlovi bilan yuritilgan.
Madaniy va tabiiy boyliklar bo’yicha vazirlik ommaga taqdim etgan bu turdagi ilk hisobotga ko’ra, bu maktablarning hududlarida bolalar dafn etilgan 53 joy topilgan. Izlanishlar davom etar ekan, bu raqamlar yanada oshishi kutilmoqda.
Internat maktablar 19-asr boshida ishga tushib, qabilalarni o’z ota-bobolari yeridan ko’chirish bilan bir paytda, 150 yil davomida faoliyat olib borgan. 106-betli hujjatga ko’ra, oilalaridan tortib olingan bolalarga o’z tilida gaplashish taqiqlangan, tartib-qoidalar jazo orqali tatbiq etilgan, jumladan qamab qo’yish, kaltaklash, qamchilash, qo’lini bog’lash va ovqat bermaslik.
Aksar bolalar oilasiga qaytarilmagan, yaqinlariga ularga nima bo’lgani haqida xabar berilmagan. Maktablarda dastlabki hisoblarga ko'ra, 500 dan ziyod o’lim ro’y bergan.
“Bolalarning ko’pi o’z qabilasidan, Alyaska va Gavayidagi qishloqlaridan yuzlab va hatto minglab kilometr uzoqda, belgilanmagan va qarovsiz qabrlarga ko’milgan”, deyiladi hisobotda.
“Internat maktablar bo’yicha olib borilgan siyosat oqibatlarini, jumladan, oilalarni bo’lib tashlash, bolalarni madaniyatidan ayirish natijasida butun bir avlodga yetkazilgan travmani rad etib bo’lmaydi”, - deydi Deb Haaland, AQShning Madaniy va tabiiy boyliklar bo’yicha vaziri.
Vazirning o’zi ham Laguna Pueblo qabilasi vakili, bobo-buvilari shunday maktablarga qatnagan. Assimilyatsiya siyosati qanday olib borilgani, hukumatning rolini tekshirish va haqiqatni aniqlash bo’yicha tekshiruvlar 2021-yilning iyunida boshlangan edi. Aniqlangan 408 ta internat 37 ta shtat va hududlarda, aksariyati Oklaxoma, Arizona va Nyu-Meksikoda joylashgan bo’lgan.
Vazirlikning qayd etishicha, maktablar soni o’zgarishi mumkin. Izlanish ba’zi hollarda oxiriga yetkazilmagani qisman pandemiya va byudjet cheklovlari bilan bog’liq.
Ayrim internat maktablarni AQSh hukumati, xususan shu vazirlikning o’zi boshqargan bo’lsa, ayrimlarini tub aholini “madaniylashtirish” siyosati doirasida katolik, protestant va boshqa cherkovlar hukumatning moliyaviy yordami bilan yuritgan.
Izlanishlarni olib borayotgan azirlik vakillari kelasi bir yil davomida mamlakatning turli chekkalariga sayohat qilib, maktablarning sobiq o’quvchilari va ularning qarindoshlari bilan uchrashadi, ularning hikoyalarini “og’zaki tarix” to’plami uchun yozib oladi.
Internat maktablardagi sharoitlar AQSh va Kanada bo’ylab turlicha bo’lgan. Ba’zi sobiq talabalar tajribasi ijobiy bo’lganini aytsa, boshqalari harbiy uslubdagi tartib-intizom ostida yashagani, uzun sochlari kesilganini eslaydi. Dastlabki o’quv dasturlari asosan eski kasbiy ko’nikmalarga, jumladan qizlarni uyni saranjom saqlashga o’rgatishga qaratilgan bo'lgan.
Qabilalar topilgan qabrlar parvarishlanishini, bolalarning qoldiqlari o’z qabilasiga qaytarilishini so’ramoqda. Maktablarda o’lgan bolalar haqida to’liq ma’lumot yo’q, chunki ko’p hollarda ro’yxat saqlanmagan. Qoldiqlarni topish uchun ayrim joylarda maxsus radar qo’llangan.
Ayni damda kengroq vakolatga ega bo'lajak Haqiqat komissiyasini tuzish taklifi AQSh Kongressida muhokamada. Diniy guruhlar bu boradagi qonun loyihasini qo’llab-quvvatlamoqda. Kanadada ham o’xshash komissiya tuzilgan.
Facebook Forum