Ovchilik qilib kun ko’rgan mag’rur Komanchi qabilasi oq tanlilarga qarshi urushda mag’lub bo’lib,1875-yilda rezervatsiyalarga quvilgan. Keyinroq ular zamonaviy hayotga moslasha oldi va bugun osuda hayot kechiradi. Boshqa qabilalar bian aloqasi yaxshi, ayni vaqtda o’z madaniyati va tilini saqlab qolgan.
Kimberly De Xesus, Komanchilar malikasi sharafiga raqs ijro etilmoqda.
Uning onasi qabilaning so’nggi yetakchisi Kuana Parker avlodidan. Otasi Tito De Xesus - puerto-rikolik, AQSh armiyasida Fort Sill shahrida xizmat qilgan.
“O’shanda bo’lajak rafiqamni uchratib, bu yerda muqim qoldim,” - hikoya qiladi u.
De Xesus o’zini qabilaning tom ma’nodagi a’zosi deb biladi, qizining malika ekanidan faxrlanadi.
Kimberli o’zi haqida komanchi tilida so’zlab bera oladi.
“Juda qiyin til, lekin biz, yoshlar, uni o’rganmasak, unutilib ketishi mumkin,” - deydi u.
O’tmishda oq tanli o’qituvchilar hindu bolalarni maktablarda ingliz tilida gapirishga majbur qilgan, bo’ysunmagan o’quvchilar jazolangan. Bugun esa hatto keksalar Komanchi kollejida ona tilini o’rganadi.
Ulardan biri – 68 yoshli Klifford Takavana.
“Komanchi tilini o’rganish imkonim yo’q edi. Ota-onam ingliz tilini bilsa, o’qishga kiradi, ish topadi, muvaffaqiyatga erishadi, deb umid qilishgan. Komanchi tilida gapirganlar uchun esa bunday imkoniyatlar bo’lmagan,” - deydi u.
Takavana keksalarning komanchi tilida ibodat qilayotganini eshitib ilhomlanadi.
“Shu qadar go’zal, boy, ma’noli tilki, o’rgansangiz, butun bir yangi dunyo oldingizda muhayyo bo’ladi”.
Muallim – Gay Narkomi, buvi va buvasi bilan komanchi tilida so’zlab katta bo’lgan. Endi tilni boshqalarga o’rgatmoqda. Maxsus o’quv dasturi ham ishlab chiqdi.
“Nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda ko’pgina tillar yo’qolib ketish arafasida. Ona tilimni, yoshligimdan o’rganib, gapirgan tilimni himoya qilish – vazifam. Uning yo’qolib ketishiga yo’l qo’yolmayman, axir!” - deydi u.
Narkomi gap tuzishni ham, yangi so’zlarni ham o’rgatadi. Imkoniyat bo’lganida yanada ko’proq komanchilar o’z tilini o’rganardi, deydi u.
“Komanchi tilini egallashning samarali uslubi bo’lganida, amaliyot yo’lga qo’yilganida, ko’plar o’rganardi”.
Komanchi madaniyatini asrash tarafdorlaridan biri – Tina Emula. AQSh hukumati tub aholi tilini o’rganishni man qilgan davrda ota-bobolari tilni saqlashga harakat qilganini eslaydi.
“Yoshlarning kattalarga til o’rgatayotganini ko’rib juda quvondim. Buvim va buvam hayot bo’lganida, “ko’rdingizmi, qayta oyoqqa turyapmiz”, degan bo’lardim,” - deydi u.
Komanchi qabilasi biznes, kazinolar, mehmonxonalar sohalarida erishgan muvaffaqiyatlaridan faxrlanadi. Ayni vaqtda o’tmishni, ona tilini yoddan chiqarmaslik, yoshlarga o’rgatishda davom etish kerak, deydi Emula.