Breaking News

Koloradoning "Ma'budlar bog'i"dan lavha


"Ma'budlar bog'i", Kolorado shtati
"Ma'budlar bog'i", Kolorado shtati

Kolorado shtatida yeru osmoni to’qish, nihoyatda go’zal bir bog’ bor. “Garden of the Gods” – “Ma’budlar bog’i”. Undagi hashamatli qoyalar qo’ng’ir, alvon rangda. Silsila qoyalarning shakli ham ajabtovur.

Biri tuya bo’lib ko’rinsa, boshqasi ag’anay-ag’anay deb turganday. Sayyohlar ularga yurak yutib tirmashadi. Atrofi yashil ko’kalamzor va har zamonda kiyik, quyon uchrab qoladi.

Bu qoyalar millionlab yilllar davomida oq va qong'ir qumdan hosil bo'lgan. Vaqt, shamol, yomg'ir ularni yemirib borayapti, oqibatda qoyalar antiqa shaklga kirgan.

Birini "Uch ma'buda" deb atashadi. Yana biri "Don olishayotgan tuyalar". Boshqa biri qulay-qulay deyayotganday.

XIX asr o'rtalarida Kolorado tevaragida oltin konlari topilgan va odamlar duv yog'ilib kela boshlagan.

Ular atrofda o'rnashgani sari shaxtalar, yangi shaharlar vujudga kelgan. Mana shu oltin ovchilari alvon qoyalarga to'la, etagi butazor bu manzilni kashf qiladi va unga “Ma'budlar bog'i” deya nom beradi. Tub aholi, hindu qabilalar uchun bu yerlar muqaddas sanalgan, kelgindilar bilan o'rtada qattiq janglar kechgan.

Bog' va unga tutash hududni XIX asr oxirlarida davlatmand tadbirkor, temiryo'l tizimi boshlig'i Charlz Elliott Perkins sotib oladi. Uning vasiyati bilan bog' asl holicha saqlab qolinib, hukumatga hadya qilingan va unga kirish bepul.

Yalang'och qoyalarga sayyohlar yurak yurib tirmashib chiqayapti. Ularga mutaxassis alpinistlar yo’l-yo’riq ko’rsatayapti.

Boshqalar bola-chaqasi bilan jannati bog'ni jo'n aylanib maza qiladi.

"Texasning Xyuston shahridanmiz. Oilaviy dam olishga keldik. Ikkinchi bor safar qilishimiz. Bu yerning tabiati, osuda ekani yoqadi. Texasning havosi issiq va dim bo'lsa, bu yerlar salqin, iqlimi quruq. Koloradodagi kabi tog'lar yo'q biz tomonlarda", - deydi Kayl Xayder.

“Missuri shtati, Sent-Luis shahrida yashardim. Uch oy oldin bu tomonlarga ko’chib keldim. Nafaqaga chiqib yashash uchun juda yaxshi joylar. Sal narida "Pikes Peak" - bu atrofdagi eng baland cho'qqi bor. Turistlarga atab qatnatib qo'yilgan poyezdda borsa bo'ladi. Hozir o'sha tomonga ketayapman", - deydi Karen Karter.

Ed Biver va uning hamrohi oyna ko'tarib tog' cho'qqisidagi marafonchilar bilan shu'la almashayapti. Koloradoning an'anasi ekan. Ro'paradagi tog'da marafonchilar 20 kilometr tepaga, keyin yana 20 kilometr pastga yuguradi. Dunyodagi eng murakkab marafonlardan va Ed ularga dalda berayapti. U bu yerlarni besh qo'lday biladi.

"Koloradoda tug'ilib o'sganman. Bu yerlar men uchun qadrdon. Soatlab aylanib charchamayman. Xokimni shu yerlarga sochsalar ham roziman", - deydi Ed Biver.

XS
SM
MD
LG