Breaking News

Koloradoga sayohat: O'zbekistonlik tadbirkor ayol bilan suhbat


Qo’shma Shtatlarda yashayman, biznes qilaman degan odamga sharoit ham bor, qiyinchilik ham yetarli. Masalan, taqinchoq, zeb-ziynat yasash yoki bu mahsulotni sotishni oling. Ishni nimadan boshlagan ma’qul? Qancha moliya kerak? Kimdan maslahat olasiz?

Kolorado shtati, Brumfild shahridagi savdo markazida taqinchoq sotilayotgan do’koncha – tadbirkor ayolning mehnati mevasi. “Little Jewel Box”, ya’ni “Zar quti”ning sohibasi Iroda Shamshiyeva savdo-sotiqdan, zeb-ziynatdan bilib gapiradi.

“To'rt yildan beri Amerikadaman, grin-karta yutib kelib qoldim. Har xil shtatlarda yashadim, ishladim. Florida, Tenessi, Oxayo”, - deya sanaydi u.

Iroda ko’plardan o’rgandi, ulg’aydi, Amerikaning chig’irig’idan o’tdi.

“Ikki yildan beri Koloradodaman, turmush o’rtog’im bilan. Uyda o’tirishga ko’nglim bo’lmay, avvaliga gazetadan ish qidirdim. Savdo markazida ishlash oson deb tavsiya qilishgan edi. Boshida shunga o'xshash kioskda tirnoq bo'yoqlari sotar edim”, - deydi Iroda Shamshiyeva.

Shundan keyin Iroda “Soho” firmasida soch taqinchoqlarini sotdi. U yerda ishlab savdo-sotiqda ko’zi pishdi, mashqlardan o’tib menejerlik lavozimiga olindi. Saldan keyin esa ishonchi ortib, o’zining shaxsiy biznesi – mana shu do’konchani ochdi.

“10 ming dollar bilan boshlasa bo’ladi. Biznes ochgandan keyin darrov foyda qilmaysiz. Kamida olti oy, bir yil ketadi oyoqqa turib olishga. O'sha boshida kiritgan 10 ming dollarni qaytarib olish uchun bir yil kutasiz. Ungacha odamlaringizni o'rgatasiz, reklama qilasiz. Ba'zi odamlar ishni boshlaydi-da, oyoqqa turishiga ozgina qolganida tashlab ketadi”, - deydi Iroda Shamshiyeva.

Yosh tadbirkorning masalahati - ish qilishda shoshmaslik kerak. Bir kioskani eplang, yaxshi odamlarni, yaxshi menedjerlarni toping, deydi. Undan keyin ikkinchi do’konchani, uchinchisini ochsa bo’ladi. Iroda mahsulotni Xitoydan internet orqali sotib oladi. Soch uchun taqinchoqlarni o’zi ham yasaydi.

"Zar quti"
"Zar quti"

“Bu ish bilan pul qilsa bo'ladi. Yaxshigina daromad qilgan odamlarni bilaman. Bozor yaxshi. Amerikada odamlar yaltir-yultir narsalarni yoqtirishmaydi. Ularga ko'proq bosiq rangdagi, pastel (mayin, ko’zni olmaydigan) rangdagi buyumlar ma'qul”, - deydi tadbirkor.

Hamma ishda bo’lgani kabi qiyinchiliklar ham bo’ladi:

“Qiyinchiliklari ko'p. Odamlar o'zi ish boshlab ko'rmagunicha bilmas ekan, boshqalardan eshitasiz, lekin ochgandan keyin tushunasiz. Hamma bilan kelishib muomala qilish kerak. Doim o'zingizni bosib turasiz. Mijozlar tovarni qaytarib beradi ba'zida”, - deydi suhbatdosh.

Uning muhim maslahatlaridan biri xodimlarni tanlash haqida. O’zi buni sinadi, hozir ancha tajribasi bor:

"Little Jewel Box" - "Zar quti".
"Little Jewel Box" - "Zar quti".

“Hozir ikki xodimim bor. Shuni alohida aytmoqchi edim. Biznesni ochgandan keyin xodimlardan pulni ayamaslik kerak. Ish endi boshlanganida hamma pul ijaraga, xodimlarga ketib qolishi tabiiy. Bundan qo'rqmaslik kerak. Chunki xodimlarsiz ishlasa, odam charchab qoladi. Yaxshi xodim sizdan ham ko'p daromad keltirishi mumkin”, - deydi Iroda Shamshiyeva.

Buyumlarni reklama qilishning eng ma’qul yo’li qanday deya so’raymiz undan.

“O'zingizning narsalaringizni taqib yurasiz. Ishdan tashqarida odamlar so'rasa, darrov vizitkangizni bera olishingiz kerak”, - deydi Iroda Shamshiyeva.

Uning Internetda, “Facebook”da o’z sahifasi bor. Chunki hammaning ham do’konga kelishga vaqti yo’q. Shunda bu “Zar quti”ni internetdan ko’rib, bilsa bo’ladi.

XS
SM
MD
LG